Cho‘pon toychoq
Do‘rmondagi “Ijod uyi” tomon yo‘l oldim. Har galgidek tanish bekatga kelib tushdim. Masofa unchalik olis emas, ikki chaqirimcha yayov yurish kerak. O‘tgan yili may oyida kelganimdagi go‘zal manzaralarni xayoldan o‘tkazib ikki yuz metrcha yurganimni bilaman, Qibray tarafdan “Yo‘ldan qoch!” deya chinqirganicha pishqirib poyezd kelayapti. Oldinda esa temiryo‘lning qoq o‘rtasidan bir yoshgina qizg‘ish tusli toychoq bir gala molni oldiga solib quvib borayapti.
“Yo-o tavba! Nahotki, bu shum toychoq shuncha molning joniga qasd qilsa-ya, hozir poyezd ularni tilka-pora qilib yanchib ketadi-ku?!” degan qo‘rquv xayolimdan shuv etib o‘tdi.
Poyezd esa yer-u ko‘kni larzaga solib yaqinlashayapti. Temiryo‘l yerdan ancha baland, atroflari chuqurlik, qalin terakzor-u daraxtlar bilan qoplangan. Jonivorlar qanday qilib temiryo‘lga kirib qoldi ekan? Sho‘rliklar dahshatli xavf yaqinlashgani sari vahimaga tushib telbalanib chopishardi. Men ulardan ko‘zimni uzmay qarab turibman.
Bir payt haligi toychoq mollarni turtib-surtib, o‘rtaga kirib oldi-yu, qo‘ylardan ba’zisini tishlab, boshqalarini tepib, temiryo‘ldan chiqarib uloqtiraverdi. Sanab turibman, sakkiz bosh qo‘yni pastlikka uloqtirib tashlagach, hamon oldinda chopib ketayotgan ko‘k sigir bilan bolasiga yetib bordi-da, ularni ham shu lahzaning o‘zida ko‘ksi bilan urib, temiryo‘ldan chiqardi. Va ortidan o‘zi ham pastlikka sakradi. Aynan shu payt poyezd atrofga dahshat solib chinqirganicha o‘tib ketdi. Men esa “Xayriyat-ey!” – deb chuqur nafas oldim.
Keyin boyagi toychoq “Hammasiga sen aybdor, oliftalik qilib noto‘g‘ri yo‘l tortib qo‘yding!” – deganday, bosh egib turgan sigirga pishqirib nimadir deganday bo‘ldi-da, ularni ancha olisda g‘uj bo‘lib turgan qo‘ylar tomonga haydab ketdi.
Toychoq ko‘z o‘ngimda matonatli, jasur xaloskor, afsonaviy tulporga aylandi.
– Ha, birodar, ularga buncha tikilib qoldingiz? – deb qoldi orqa tomondan kelayotgan kishi... Qarasam, oltmish yoshlar chamasidagi semiz, siyrak soqol, qisiq ko‘zli kishi jilmayib turibdi.
– E-e, birodar, siz bu jajji toychoqning jasoratini ko‘rmadingiz-da, – dedim hozirgina bo‘lib o‘tgan hayratlanarli voqeani g‘ururlanib so‘zlar ekanman.
Oldin u meni yaxshilab tingladi, keyin rosa miriqib-miriqib kuldi:
– Bu mening cho‘pon toychog‘im, birodar! Ilgari o‘zim boqardim bularni. Endi shu toychoqning o‘zi boqib kelyapti. Yaqinda bir yoshdan oshdi. Bechoraning onasi uni tug‘di-yu, o‘ldi. Yetim qoldi, jonivor. Men uni shishada sut berib boqdim. Mollarim bilan birga katta bo‘ldi, sho‘rlik. Endi mollarni uning o‘zi boqayapti. Ertalab yettida haydab ketib, kech soat yettidan og‘ishmay uyga qaytarib keladi, aqlligim. Qani mollardan birontasi mevali daraxt shoxiga intilib ko‘rsin-chi, oladi undan olgiligini, faqat yerdagi o‘t-cho‘plarni yediradi, ularga. O‘zim shunday o‘rgatganman-da, oqilimga.
– Qoyil! – deyman men.
– Ana! Qara, qara, o‘zing ko‘r, – dedi xandon otib kulganicha qo‘lini mollar tomonga cho‘zib...
Qarasam, ko‘k sigir bir katta gilos daraxtining novdasini egib chaynamoqchi bo‘lyapti. Toychoq bo‘lsa, molni tumshug‘idan tishlab qaytaryapti.
– Ko‘rdingmi, birodar! Bekorga men uni senga aqlli, deb maqtamadim. Bu bog‘larni o‘zim yaratganman.
– Rahmat, og‘ayni! Sizga ham, siz o‘stirgan o‘sha jasur cho‘pon toychoqqa ham dedim-da, u bilan xayrlashdim.
Jabbor XALIL