Havas
Ahmadjon bu yil oltinchi sinfda o‘qiyapti. U juda sergap va sho‘x bola. O‘qituvchilarining aytishicha, Ahmadjonning harbiy bilim yurtida o‘qiyotgan Rustam ismli akasi bor ekan. U maktabda juda a’lochi, zehnli, og‘ir-bosiq bola bo‘lgan ekan. Ukasi esa uning aksi. Xotirasi yaxshi bo‘lsa ham, uni keraksiz narsalarga ishlatadi. Qaysi sinfga yangi o‘quvchi keldi, kim yaxshi mushtlasha oladi, futbolda qaysi sinf yutqazib qo‘ydi... Mana shunday ma’lumotlar kerak bo‘lsa, Ahmadjon javob berishga tayyor.
Bir kuni Rustamjon maktabga ustozini tug‘ilgan kuni bilan tabriklagani harbiy kiyimda guldasta ko‘tarib kirib keldi. Egnidagi kiyimi juda yarashganidan hamma unga havas bilan qaradi. Rustamjonga o‘qituvchisi ukasi haqida jiddiy shikoyat qilmagan bo‘lsa-da, sinf devoriy gazetasida chizilgan toshbaqa suratining tagida Ahmadjon o‘z familiyasini ko‘rdi-yu, ayb ish qilgan boladek qizarib ketdi.
Rustamjon uyga o‘qishdan ruxsat berilgan vaqtdagina keladi. Uydaligida ukasiga qiyin bo‘lgan ishlarni bajarib ketishga harakat qiladi. Tomorqaga qaraydi, qo‘yxonani tozalaydi, pichan tashiydi. Xullas, bekor o‘tirmaydi.
U kechki ovqatdan so‘ng ukasini yoniga chaqirdi.
– Qani, kundaligingni bir tekshirib qo‘yay. Menga komandirimdan shunday topshiriq berilgan.
Ahmadjon haligacha muqovasi o‘ralmagan, ichi yarim-yorti to‘ldirilgan kundaligini noiloj akasiga uzatdi:
– Ustozlarga ham hayronman, jismoniy tarbiyadan formam yo‘qligiga, geografiyadan xaritani noto‘g‘ri bo‘yaganimga, matematikadan bitta amalni bajarmaganimga “2” baho qo‘yishdi. Sababini so‘rasam, “to‘rt” va “besh”lari qolmagan emish.
Uning hazilomuz gapini eshitgan Rustam o‘tkir nigohlarini ukasiga qadadi. Ahmadjon hazili o‘rinsiz bo‘lganini payqadi chog‘i, jim bo‘ldi.
Ahmadjon akasidan qattiq dashnom eshitaman, deb o‘ylagandi. Rustamjon vazminlik bilan daftarlarni bir-bir varaqlab chiqdi-da, uning karavotiga borib o‘tirdi.
– Hozirdan yangicha tartib boshlaysan. Buguncha senga o‘qituvchilardan qilgan shikoyating uchun osonroq “naryad” beraman. O‘ttiz daqiqa chap oyog‘ingni ko‘tarib geografiya, keyin o‘ng oyog‘ingni ko‘tarib tarix fanidan berilgan vazifani o‘qiysan, so‘ng mavzuni gapirib berasan.
Akasining qat’iy ohangda aytgan gapiga Ahmadjon qarshilik ko‘rsata olmadi. O‘tgan fursatni qanday qiyinchilik bilan kechganini bayon qilmasak ham bo‘ladi. U o‘ringa yotdi-yu, uxladi-qoldi.
Shirin uyquda yotar ekan, kimningdir turtkisidan uyg‘onib ketdi.
– Tur, yugurib kelamiz, chiniqasan, – dedi akasi ko‘rpasini tortib.
Ahmadjon orqasiga o‘girilib oldi. Biroq kechagi holat yodiga tushdi-yu, dik etib o‘rnidan turdi. Uyqu aralash ko‘zlarini ishqalab erinibgina kiyindi. Ko‘cha jim-jit, na mashina, na biron odam ko‘rinadi. U akasiga yetib olishga harakat qilar, biroq oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmasdi.
O‘sha kuni aka-uka nonushtagacha ancha ishlarni bajarib qo‘yishdi. Ba’zi kunlari bu ishlarni u kechgacha ham uddalay olmasdi. Nonushta vaqtida Rustamjon bejirimgina konvertni otasiga tutqazdi. Bu komandirning uning ota-onasiga yozgan “Tashakkurnoma”si edi. Otasi “rahmat”, deya o‘g‘lining yelkasiga qoqib qo‘ydi, onasi jimgina yig‘ladi, so‘ng o‘g‘lining peshonasidan o‘pdi. Ahmadjon akasining kiyimlarini onasi ko‘kragiga bosib o‘pib qo‘yishini, suratiga uzoq tikilib turishini ko‘p ko‘rgan, uni sog‘inish deb o‘ylardi. Xatda yozilganidek, “Vatanparvar, ona yurtiga sidqidildan xizmat qiladigan jasur o‘g‘lon bo‘lib yetishishiga ishonamiz”, degan jumlalar ostida onasining akasi bilan qanchalik faxrlanishini ilk bor his etdi va o‘zidan uyalib ketib boshini egdi.
Ertasi kuni akasini kuzatib qo‘yishdi. Xonasiga kirsa, akasi unga kun tartibi yozilgan jadval tashlab ketibdi. Rustamjon kundalik bajaradigan ishlarining birontasini yodidan ko‘tarmagan edi. U ro‘yxatni yaxshilab o‘qidi-da, uning qiyin joyi yo‘qligiga ishonch hosil qilib, karavotining tepasiga – devorga yopishtirib qo‘ydi. Yoniga qachondan beri buklanib yotgan xaritani ildi. Akasining kitob javonidagi “Maqtov yorliq”lariga, sport bo‘yicha olgan medallariga, kursantlar bilan bir xil harbiy kiyimda tushgan suratlariga havas bilan qaradi...
Hilola HAMDAMOVA