“Aqllilik” balosi
Yaqinda poytaxt universitetlaridan birida o‘qishni tamomlab, maktabga yangi kelgan Orif muallimning: “Bolalar, bilasizmi, Toshkent teleminorasi dunyodagi o‘nta eng baland inshootdan biridir”, degan gapidan so‘ng, o‘quvchilar birdan “O‘-o‘-o‘”, deb yuborishdi. Faqat orqa partada o‘tirgan, sinfdoshlari bilan hadeb bahslashavergani uchun ular tomonidan “Aqlli” degan kinoyaviy laqab orttirgan Mirodilgina, go‘yo, buni men ham bilaman, degandek, qo‘llarini ko‘kragiga chalishtirib, indamay o‘tirardi. Bu holat 8-sinfga geografiya darsidan uchinchi marta kirayotgan Orif muallimni e’tiborsiz qoldirmadi. Oldingi safar ham, “Savollar bormi?” deganida shu bola bir-ikkita darsga aloqasi yo‘q narsalarni so‘ragan, muallim ularga batafsil javob qaytargan edi. “Toshkent iqtisodiy-geografik rayoni” mavzusini tushuntirayotib, poytaxt haqida ham to‘xtalar ekan, talabalik chog‘larida O‘zbekistonning eng baland inshootiga borgani, poytaxt manzarasini 110-115 metrlar yuqoridan tomosha qilish zavqi o‘zgacha bo‘lganini qisqacha hikoya qilib berayotgan edi.
Yosh o‘qituvchining o‘tkir nigohlari o‘ziga qadalib turganini payqagan Mirodil qo‘llarini sekin partaga tushirdi, “Mana, ustoz, odob bilan o‘tiribman”, degandek xiyol iljaydi ham. Biroq qarashida hamon: “Siz aytayotgan narsalar menga ma’lum”, degandek bepisandroq ifoda balqib turardi.
– 1985-yilda qurib bitkazilgan ushbu obida 375 metr bo‘lib, uni har birining balandligi 93 metrdan bo‘lgan uchta konussimon oyoq ko‘tarib turadi. 115 metr yuqori qismidagi aylana tomosha maydonidan “Zangori” hamda “Alvon” nomli ikkita zaldan iborat mashhur “Koinot” restoraniga kirish mumkin. U yerdan turib kuzatsangiz, azim shaharning bor go‘zalligi namoyon bo‘ladi. Bir tarafda Toshkent akvaparki, yam-yashil daraxtzor va ko‘kalam orasida xuddi baxmalga qadalgan olmoslardek jilolanib turgan “O‘zekspomarkaz” pavilionlari, besh yulduzli “International Hotel Tashkent” mehmonxonasi, Xalqaro biznes markazi, yana bir tomonida “O‘zbekiston” sport majmuasi, Bo‘zsuv kanali, “Qatag‘on qurbonlari” majmuasi bir butunlikda ajoyib manzara hosil qiladi...
Bolalar, bularni aytayotganimdan maqsad...
Shu yerga kelganda Mirodil asta qo‘lini ko‘tardi-da, o‘qituvchining ruxsatini ham kutmasdan, o‘rnidan irg‘ib turib:
– Muallim, bir savolim bor, – dedi odatiga ko‘ra cho‘ziqroq ohangda. – “Telebashnya” haqida aytmasangiz ham, internetda ma’lumot tiqilib yotibdi! Qolaversa, uning mavzuimizga aloqasi ham yo‘q. Tushunmadim, nega bizga bu haqda gapirayapsiz? Darsni tushuntirsangiz bo‘larmidi...
– Sen kirgan internetga hamma ham kiravermaydi, – dedi unga sinf sardori Alisher.
Mirodil gapini tugatar-tugatmas, shartta joyiga o‘tirarkan, “Qalay, yangi ustozlaringni bopladimmi?” degandek ko‘pincha o‘zi bilan birga yuradigan sinfdoshlari Sodiq va Iskandarga g‘olibona ko‘z tashlab qo‘ydi. Lekin bu paytda Sodiq ham, Iskandar ham jim, go‘yo do‘stlarining bu qilig‘idan uyalgandek, yerdan ko‘z uzishmasdi. Sinf sardori Alisher yana nimadir demoqchi bo‘lib og‘iz juftladi, lekin muallimning “hammasi joyida, o‘tiravering!” ishorasidan keyin tilini tiydi. Boshqalar ham Mirodilga norozi qiyofada boqib turar, agar o‘qituvchi bo‘lmasa, bu “aqlli” sinfdoshlarini “yeb” qo‘yishga tayyordek ko‘rinishardi. Faqatgina Orif muallim favqulodda xotirjam, Mirodil odobsizlarcha uning gapini bo‘lib, savol berayotganda hatto jilmayib ham qo‘ydi. Nihoyat, u so‘zini tugatib, o‘tirgach, o‘sha alfozda, viqor bilan dedi:
– Ushbu ma’lumotlarni keltirishimdan maqsad... Mirodiljon, bu gaplarim sizning savolingizga ham javob bo‘ladi, Toshkent iqtisodiyotida unda joylashgan tarixiy va zamonaviy obidalarning o‘rni va ahamiyati nihoyatda katta. Ularni ziyorat qilish uchun nafaqat yurtimizning shahar-u qishloqlaridan, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan har yili minglab odamlar keladi. Zero, Toshkent O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva kabi ko‘hna va azim shaharlari, Boysun, Shohimardon, Zomin, Sarmishsoy singari aziz maskanlari qatori millionlab kishilarni maftun etuvchi sehrli go‘shadir. O‘zingiz bilasizki, Misr, Gretsiya, Ispaniya, Fransiya kabi davlatlar iqtisodiyotida turizm, ya’ni sayyohlik sohasining o‘rni beqiyos. O‘zbekiston ham jahon sayyohlari e’tiborini tortuvchi qadimiy va ko‘rkam diyorlardan biridir...
O‘sha kuni, odatda, darslar tugagach, “duv” etib tashqariga otiladigan 8-”B” sinf bolalari tanaffusga chalingan qo‘ng‘iroqni, kutilmaganda, xushlamayroq qabul qilishdi. Hatto, “ey-y”, deya, noroziligini bildirganlar ham bo‘ldi. Boisi ularga Orif muallimning – yaqindan boshlab geografiyadan saboq berayotan, o‘z faniga monand, dunyoqarashlarini geografik kengliklardek kengaytirayotgan o‘qituvchining darsga aloqador hayotiy hikoyalari, tushuntirish uslubi ma’qul tushib qolgandi.
– Muallim, siz Bekobod, Olmaliq, shaharlarida ham bo‘lganman, dedingiz-a? U yerlardagi zavodlarni ham ko‘rganmisiz? – deb so‘radi Halima, dugonasi Shoiraning: “Yur, tushlikka kech qolamiz”, deb qo‘lidan ohista tortqilayotganiga ham e’tibor bermay.
– Kechirasiz, ustoz, Halimaning tog‘asi Xushmurod aka Bekoboddagi metallurgiya zavodida ishlaydi. Mabodo siz u kishini ko‘rganmisiz-yo‘qmi, shuni bilish uchun so‘rayapti, – dedi hazilkash Nodir. Uning gapidan so‘ng sinfda “gurr” etib kulgi ko‘tarildi.
Stol ustidagi kitob, ko‘rgazmali qurollarini Alisher va Komila yordamida yig‘ishtirayotgan Orif muallim ham samimiy jilmaydi.
– Ha, u shaharlardagi yirik zavod va korxonalarda bo‘lganman, vaqti kelsa, ular haqida ham batafsil gapirib beraman, – dedi.
Hammaning kayfiyati chog‘ maktab hovlisidagi “qiy-chuv” orasida bu sinf o‘quvchilariga ko‘zi tushgan odam: ular darsdan emas, hoynahoy biror bayramdan chiqib kelayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylashi tayin edi. Bolalar birgalikda hazil-huzul bilan maktab oshxonasiga yo‘l oldilar.
Ular orasida negadir Mirodil ko‘rinmasdi.
Elmurod NISHONOV
Tahririyatdan: Bolalar, sizning sinfingizda ham Mirodilga o‘xshagan, atrofidagi sinfdoshlari va ustozlarini mensimaydigan manman o‘quvchilar bormi? Ularga qanday qilib xatosini tushuntirib, yo‘lga solmoqdasiz?
Fikr-mulohazalaringizni kutib qolamiz.