“Shoir”
Yuliya Markova
Kechagina Anton Vertalyotov ixtirochi bo‘lmoqchi edi, o‘tgan kuni – haydovchi, bir hafta oldin esa tankchi bo‘lish orzusida edi. Ammo bugun shoir bo‘lishga qat’iy qaror qildi.
“Mix” nomli maktab devoriy gazetaning navbatdagi soni chiqdi. Bu gazeta iste’dodli bolalar haqida bo‘lib, gazetaning har bir sonida bolalar yozgan she’r e’lon qilinadi. She’r gazetaning eng yuqori qismida, “Shoir bo‘laman” rubrikasi ostida chiqadi. Maktabda ko‘pchilik bolalar “Yosh shoirlar” to‘garagiga qatnar, to‘garakni esa maktab direktorining o‘zi boshqarar edi. Gazetaga ham eng yaxshi deb topilgan she’rlar tanlanardi.
Devoriy gazetaning so‘nggi sonida Vertalyotovning sinfdoshi Igorka Krilovning she’ri bosib chiqildi-yu, u bir zumda mashhur bo‘ldi-qoldi. Tanaffusda kichik sinfdagilar undan intervyu olishar, kundaligigami yoki boshqa daftariga dastxat qo‘ydirishardi. Igorka hattoki hech kimnikiga o‘xshamaydigan jimjimador imzo qo‘yishni ham o‘rganib oldi. Bittagina she’r yozib mashhur bo‘lish mumkin ekan-da, deb o‘yladi Vertalyotov.
Uyga kelib she’r yozishni nimadan boshlasam ekan, deb derazaga tikilib turdi. Ko‘chada esa oddiy qish oqshomi: hammayoq oppoq qor, izg‘irinning shiddatiga qaraganda hali-beri qish tugamaydiganga o‘xshaydi. “Qish haqida yozaman”, qaror qildi Anton va sarlavha qidirdi. “Qish oqshomi” deb nomladi Vertalyotov. U qo‘liga qalam olgan zahoti she’r o‘z-o‘zidan quyilib kelaverdi. Yozgan she’rini ovoz chiqarib o‘qib, she’r yozish juda oson ekan, bo‘ldi, shoir bo‘laman, deb ahd qildi.
Ertasi kuni she’rni direktorga ko‘rsatdi.
– Yaxshi she’r yozibsan, Vertalyotov, – maqtadi uni direktor. – Judayam a’lo! Qanday uslub! Ha, Vertalyotov, to‘g‘risi, shunchalik yozishingga ko‘zim yetmovdi, lekin men uni qayerdadir eshitgandayman. Ayt-chi, Vertalyotov, she’rni o‘zing yozdingmi? – dedi direktor “shoir” ga sinchkovlik bilan tikilib.
– O‘zim yozdim, – javob berdi “shoir” xuddi shunday nigoh bilan.
– Balki kattalardan kimdir yordam bergandir? – yana so‘radi direktor.
– Hech kim yordam bermadi, – javob berdi Anton.
– “Qish oqshomi”, “qish oqshomi”... – qaytardi direktor, – ha, esimga tushdi. Balki Aleksandr Sergeyevichning o‘zi senga yordam bergandir?
Vertalyotov hech narsani tushunmadi. “Qanaqa Aleksandr Sergeyevich?” Axir bu mening she’rim. Kechagina yozdim. Hali hech kimga ko‘rsatmadim ham.
– Axir bu Pushkin, – Antonning xayolidagini o‘qigandek javob berdi direktor. – Sen ko‘chirmachi shoir, Pushkinning she’rini o‘g‘irlamoqchi bo‘ldingmi?
Anton, qanaqa ko‘chirmachi shoir, qanaqa she’r o‘g‘risi, direktorning jahlini shunchalik nima chiqardi, deb hech narsaga tushunmasdi. Direktor esa azbaroyi jahli chiqqanidan, tishlari orasidan:
– Bo‘ron, zulmat osmonni tutar
Qor quyunni qiladi o‘yin.
Dam hayvonday bo‘kirib o‘tar,
Dam go‘dakday yig‘lar, berar un...
– Shundaymi, Vertalyotov? Hech narsani adashtirmadimmi? – g‘azab bilan so‘radi direktor.
– T-t-to‘g‘ri, – deb javob berdi qo‘rqib ketgan Vertalyotov. Lekin hech narsani tushunmadi.
– Ertaga maktabga ota-onang bilan kelasan! – baqirdi direktor.
Direktor to‘garak rahbari sifatida hech qachon bunday voqeaga duch kelmagandi.
Uyda Vertalyotov ota-onasiga direktor chaqirayotganini, lekin nima uchun chaqirayotganini tushunmaganini aytdi.
– Menimcha, “Qish oqshomi” she’rini kim yozganini tushuntirib berish kerak, – deb qo‘ydi.
Ota-onasi, agar Pushkin bilan bog‘liq bo‘lsa, unda buvisi borgani yaxshi, chunki buvisining sevimli shoiri, deb kelishishdi.
Ertasiga buvi bilan nabira direktor xonasiga kelishdi.
– She’rim devoriy gazetaga chiqadimi endi? – so‘radi Anton sekingina.
– Bu qanday odobsizlik, qanday surbetlik! – tutaqib ketdi direktor. Keyin buviga qarab “Qish oqshomi”ni kim yozgan? – deb, so‘radi-da, she’rdan yana to‘rt qator o‘qib berdi.
– Shubhasiz, Pushkin yozgan, – dedi hech narsaga tushunmagan buvisi.
– Men shunday desam, nabirangiz uyalmasdan, bu mening she’rim, deb turib olgan. Axir bu o‘g‘rilik-ku, tushunyapsizmi?
– Bo‘lishi mumkin emas. Mening nabiram unday emas, – dedi buvi va biroz o‘ylanib turib, shu she’rni ashula qilib aytdi.
– Sizga nima bo‘ldi? – cho‘chibgina so‘radi direktor.
Buvisi she’rni oxirigacha ashula qilib aytdi va ko‘zlari yoshlanib nabirasiga qaradi.
– Qanday chiroyli musiqa, – dedi direktor. – O‘zingiz bastalaganmisiz?
– Yo‘q, men emas. Pushkinning litseydagi do‘sti bastalagan. Sizga hozir hammasini tushuntirib beraman.
– Marhamat, – hayratlandi direktor.
– “Qish oqshomi” bu mening eng sevimli romansim. Men uni Antoshka go‘dakligida har kuni aytib berardim. Unga yoqardi shekilli, jimgina tinglab uxlab qolardi. Menimcha, romans o‘shanda xotirasiga yozilib qolgan. Bolalarda shunaqa voqealar bo‘ladi, men buni psixologiya jurnalida o‘qiganman. Axir Pushkin qanday qilib yoqmasligi mumkin?
Direktorning unga ishonmay iloji yo‘q edi. U xonasida derazaga tikilib o‘tirar, ko‘chada qorlar eriy boshlagan, bahor hidi kelardi. Direktorning kayfiyati yaxshi edi. U o‘zining bolaligini, buvisini esladi va o‘z-o‘zidan buvisidan eshitgan bahor haqidagi she’rni ovoz chiqarib o‘qidi.
Anton Vertalyotovning ham kayfiyati yaxshi edi. Biroq uyga qayta turib, shoir bo‘lish fikridan qaytdi. U endi kompazitor bo‘lishga qaror qildi.
Rus tilidan Barno LUTFULLAYEVA tarjimasi