Qorparcha
Oppoq osmondan o‘ynab-o‘ynab tushayotgan qorparcha yerga tezroq yetib borishga oshiqdi. Chunki uning qanday ekanligini ko‘rishga qiziqayotgan edi-da. Yerga yaqinlashar ekan, yon-atrofida do‘stlarini ko‘rib quvondi. Birovi oldinroq, birovi keyinroq uchib kelishyapti. Ular bu safarga chiqmaslaridan avvalroq qorbola haqida eshitishgan. Barchalari qorbolaga aylanishni niyat qilishgan.
Mana, nihoyat, manzilga yetib kelishdi. Biri o‘yinqaroq bolalarning qalpog‘iga, yana biri o‘yin maydonchasiga yengilgina qo‘ndi. Qorparchamiz tushgan o‘yin maydonchasida bolalar qorbo‘ron o‘ynab yurishgandi. U o‘ziga o‘xshagan qorparchalar bilan birlashib, qorbo‘ron o‘yinida to‘p bo‘ldi. Qorparchaning o‘rtoqlari ko‘paygani sari kattalashib boraverdi.
Qorparchalardan yana biri, o‘zim qorbolaga aylanaman, faqat o‘zim bo‘laman, dedi. Shu sababli hech kimga qo‘shilmay yakkalanib qoldi. Birinchi qorparchaning o‘rtoqlari safi yanada kengaydi. Nihoyat, ular kattakon qorbolaga aylandilar. Yakka o‘zi bo‘lishni istagan qorparchani hech kim sezmadi ham, u izsizgina yerga singib ketdi. Qorbola esa bolalarning quvonchiga aylandi. Ular qorbola atrofida kechgacha mazza qilib o‘ynashdi.
Charos YOQUBOVA,
O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika
fakulteti 1-kurs