Saboq
Qishning izg‘irin kunlaridan biri edi. Ertalab onam:
– Lola qizim, tur, hovliga chiq, rosa qor yog‘ibdi, – deb uyg‘otdilar. Onamning ovozidagi zavqdan o‘rnimdan sakrab turdim. Qarasam, hammayoq oppoq qor. Unga tikilib ko‘zlarim qamashib ketdi. Nonushta qilayotganimda deraza tokchasiga ikkita oq kabutar kelib qo‘ndi, ular xuddi men bilan salomlashayotgandek edi. Men ham ularga salom berdim va dasturxondagi nondan ozgina ushatib, deraza taxtasiga sepdim. Qushlar g‘u-g‘ulashib mazza qilib non yegach, uchib ketishdi. Erta tongdan qushlarga don berganimdan juda xursand edim. Maktabga ketar ekanman, yo‘l-yo‘lakay sinfdosh qo‘shnim Gulnozni chaqirdim. Akasi Gulnoz besh daqiqa oldin chiqib ketganligini aytdi. Men xafa bo‘lib ketdim. Doim shunaqa qiladi. Men unga bugun qor juda ko‘p yoqqanligini, erta tongdan derazam oldiga oq kabutarlar kelganligini aytmoqchi edim. Shu xayollar bilan maktabga yetib bordim. Eh-he, hamma hovlida, kimdir qiy-chuv bilan qorbo‘ron o‘ynayapti. Kimdir sirpanchiq uchgan, yana kimdir qorbobo yasashga kirishib ketibdi. Birdaniga qo‘ng‘iroq chalinib, hamma sinfiga yugurdi. Birinchi dars ona tili. Xonaga sinf rahbarimiz Feruza opa kirib keldi. Qo‘lidagilarni stolga qo‘ygach, men bilan Gulnozni doskaga chiqardi. O‘qituvchimning avzoyini ko‘rib kecha o‘qigan barcha qoidalarim esimdan chiqib ketdi. Feruza opa qovog‘ini uygancha oldimizga keldi:
– Men shuncha yil ishlab, o‘quvchilarga ta’lim berib, bu ahvolga tushgan emasman. Hamisha sizlarga ko‘cha-ko‘yda qanday yurish kerakligini, keksalarni e’zozlash, yiqilganni suyash, kichiklarga izzatda bo‘lishni uqtirib kelganman, – dedi yig‘lagudek bo‘lib.
Men hech nimani tushunmadim. Feruza opaning ovozi tobora balandlashardi:
– Bugun bu sinfdoshlaringiz meni o‘qituvchilar oldida izza qildi. Meni turtib, yiqitib ketdi. Qo‘limdagi daftarlar va kerakli hujjatlar qorga sochilib ho‘l bo‘ldi. Alam qiladigani, o‘rnimdan turg‘azib qo‘yishga ham aqllari yetmadi. O‘g‘il bolalar shu ishni qilganlarida ham bunchalik xafa bo‘lmasdim...
O‘qituvchimizning gaplarini eshitib angrayib qoldim. Axir, men ularni endi ko‘rib turibman-ku. Ovozim bo‘g‘zimda qoldi.
O‘qituvchimiz, gapirib bo‘lib, biroz tinchlandi, shekilli, stulga o‘tirdi. Biz tomonga qaramadi ham. Birozdan so‘ng sekin, – o‘tiringlar, boshqa qaytarilmasin, – dedi. Birdan Gulnoz tilga kirdi:
– Feruza Saidovna, meni kechiring, xato qildim. Lekin yonimdagi dugonam Lola emas, Nodira edi. Siz uni nohaq aybladingiz. Lola, meni va Nodirani kechir, iltimos, – deb yig‘lab yubordi.
– Nima, nima deding, – ustoz o‘rnidan turib ketdi...
Bilishimcha, Gulnoz bilan Nodira bugun maktabga birga kelishgan. Yo‘l-yo‘lakay qorbo‘ron o‘ynashgan, sirpanchiq uchishgan. Ular o‘yinga qattiq berilib ketganidan, qarshilaridan chiqqan ustozni payqamasdan, turtib yuborishgan. Feruza opa yiqilib tushgan. Qizlar esa yordam berish o‘rniga qochib ketishgan. Feruza opaning turishiga yordamlashgan o‘qituvchi, sizning sinfingizda shunaqa beodob qizlar bor, deb o‘ylamagandim, debdi. Voqeani to‘liq anglab yetgan ustozimiz:
– Lola qizim, meni kechir. Gulnoza bilan qo‘shni bo‘lganing uchun yonidagi qizni sen deb o‘ylabman, – deb bag‘riga bosdi. Men yig‘lab yubordim. Garchi bu voqeadan nohaq aziyat chekkan bo‘lsam-da, u menga bir umrlik saboq berdi. Odam jahli qattiq chiqqanida ham xulosa chiqarishga shoshmaslikni, aybni vaqtida tan ola bilishni o‘rgatdi.
Husnobod SHOMIRZAYEVA