Endi dars tayyorlayman
V. Dragunskiy
Yoshim to‘qqizdan oshib, 3-sinfni tugatayotgan bo‘lsam ham dars qilishning qanchalik muhimligini kechagina tushunib yetdim. O‘qishni yoqtirasanmi, yo‘qmi, buning farqi yo‘q, dangasalikni yig‘ishtirib qo‘yib, o‘qishing shart. Bu qonun! Ammo kecha darsimni qilishga ulgurmadim. Natijada shunaqangi kulgili ahvolga tushib qoldimki...
Uy vazifasiga Nekrasov she’ridan bir parcha yod olish va Amerikaning asosiy daryolarini o‘rganish berilgan edi. Uning o‘rniga kun bo‘yi uyda “kosmos”ga varrak uchirdim. Albatta u “kosmos”gacha yetib borolmadi, chunki ipim kaltalik qildi. Uydagi hamma iplarni yig‘dim, hatto oyimning tikuv mashinalaridagi ipni ham sug‘urdim. Baribir kamlik qildi. Kechgacha shu varrak bilan ovora bo‘lganimdan, hamma narsa esimdan chiqib ketibdi. Shunchalik qiziqib ketibmanki, uy ishi haqida umuman o‘ylamabman.
Ertalab uxlab qolibman. Soatga qarab esim chiqib ketdi, xuddi o‘t o‘chiruvchilardek apil-tapil kiyindim. Aslida o‘t o‘chiruvchilar haqida kitob o‘qigandim. Yoz bo‘yi ularga o‘xshab kiyinishni mashq qildim. Mana hozir ham bir daqiqa-yu qirq sakkiz soniyada kiyindim. Xullas, sinfxonaga Raisa Ivanovnadan bir soniya oldin yetib keldim.
O‘qituvchi sinfga kirganda men Mishkaning yonida turgan papkamdan kitoblarimni sug‘urib oldim. Raisa Ivanovna bilan salomlashdik. Eng baland ovozda men salom berdim. Mening qanday iltifotliligimni ko‘rib qo‘ysin dedim-da. Lekin ustoz uncha parvo qilmay, joyiga o‘ta turib:
– Korablyov doskaga! – dedi.
Kecha dars qilmaganim esimga tushdi-yu, yuragim shuvillab ketdi. Shuning uchun xuddi partaga yelimlab qo‘yilgandek joyimdan siljiyolmasdim. Lekin o‘qituvchi meni shoshira boshladi:
– Korablyov! Senga nima bo‘ldi? Gapimni eshitmadingmi?
Sudralib, arang doskaga chiqdim.
Raisa Ivanovna:
– She’rni yodladingmi, qani, ayt-chi! – dedi.
Men hatto qaysi she’r haqida gapirayotganini bilmasdim. Raisa Ivanovna ham ehtimol qaysi she’rni so‘rayotganini esidan chiqargandir, degan umidda bardam ovozda she’r o‘qiy boshladim.
To‘rt qatordan keyin o‘qituvchim meni to‘xtatib:
– Bu Pushkin, – dedi.
– Ha, – dedim hafsalam pir bo‘lib, – Pushkin.
– Men qanday vazifa beruvdim? – so‘radi u.
– Ha-a-a-a! – dedim men.
– Nima, “Ha”! Men vazifani so‘rayapman.
– Nima? – dedim kalovlanib.
– Nima “Nima”? Uyga vazifani so‘rayapman.
Shu payt Mishka ayyorona qiyofada:
– U Nekrasov ijodidan uyga vazifa berilganini biladi, albatta. Shunchaki, savolingizni tushunmayapti, – dedi. Mishka haqiqiy do‘st-da, menga shu yo‘l bilan qanday vazifa berilganini aytmoqchi bo‘ldi. Raisa Ivanovnaning esa jahli chiqdi:
– Slonov! Aytib berma!
– Ha! – dedim men, – Mishka nega gap qo‘shasan? Sensiz ham men yaxshi bilaman. Raisa Ivanovna Nekrasovni yodlashga berganlar. Mening xayolim qochibdi. Sen esa Mishka, gap qo‘shyapsan!
Mishkaning jahli chiqib menga teskari o‘girilib oldi.
– Xo‘sh? – dedi u.
– Nima? – dedim men.
– Nimalashni bas qil! She’rni ayt!
– Ha-a, tushundim! She’r yodlash... – dedim va baland ovozda: – Nekrasov buyuk shoir! – deya “aravani quruq olib qocha” boshladim.
– Boshla.
– Nimani?
– Sarlavhasini!
Bu paytda menga Mishka pichirlab birinchi so‘zini aytdi.
– Odamcha!
Hamma jim turardi, hatto o‘qituvchi ham. U menga diqqat bilan qaradi, men esa Mishkaga undan ham jiddiyroq tikildim. U negadir bosh barmog‘ini, so‘ng tirnog‘ini ko‘rsatardi.
– Tirnoqdekkina odamcha!
Hamma kulib yubordi. Raisa Ivanovna:
– Bo‘ldi, Korablyov! Dars qilmagansan!
Keyin qo‘shib qo‘ydi:
– Ha, kecha dunyoqarashimizni kengaytirish maqsadida kitoblarni o‘qishga kelishgandik. Sizlar Amerikaning daryolari nomini yodlashingiz kerak edi. Xo‘sh, yodladingmi?
Albatta yo‘q. Axir kecha varrak bilan ovora edim-da. Raisa Ivanovnaga ochig‘ini aytmoqchi bo‘ldim, lekin buning o‘rniga o‘zim ham hayron qoladigan ishonch bilan:
– Albatta, yodladim. Bo‘lmasam-chi! – deb yubordim.
– Ha, yaxshi. Amerikaning eng katta daryosining nomi nimaligini aytsang joyingga o‘tirasan. Nekrasovni keyingi safarga qoldiramiz.
O‘sha paytdagi holatimni tushuntirib berolmayman. Hamma sukut saqlab menga tikilib turardi, qo‘rqqanimdan hatto qornim og‘rib ketdi. Shiftga tikilib turaverdim. Keyin birdan orqa partadagi Petka Gorbushkin qog‘ozga nimanidir yozib, menga ko‘rsatayotganini payqab qoldim. Yozuvni menga ko‘rinishi uchun siyohga barmog‘ini botirib yozgan shekilli, diqqat bilan tikilib yozuvni o‘qidim:
– Misi-pisi...
Misi-sipini to‘g‘ri o‘qib berolmaganimdan izza bo‘ldim.
Uyog‘ini aytmasam ham bo‘ladi. Hattoki Raisa Ivanovna ham ko‘zidan yosh chiqquncha kuldi. Kattagina “ikki” qo‘ydi. O‘sha kundan boshlab o‘zimga, har doim dars tayyorlayman, deb so‘z berdim.
Barno Lutfullayeva tarjimasi