Kamar
Bahor fasli edi. Turnalar galasini daryo atrofiga kelib qo‘nganini eshitgan Obid quvonchi ichiga sig‘may o‘sha tomon yugurdi. U turnani faqat kinolarda ko‘rgan, hozirgisi esa go‘yo mo‘jiza bo‘lib tuyuldi. Obiddan boshqa tomoshabin bolalar ham bu qushlarga qiziqib uzoqdan qarab turishar edi. Nariroqda sinfdoshi Hasanga ko‘zi tushgan Obidning hayajonli qichqirig‘i eshitildi:
– Hasan, nima qilmoqchisan, qo‘lingdagini tashla, otma!
Tepalikdan panalab borayotgan, turnalar galasiga yaqin qolgan Hasan bu ovozni eshitmadi, turna galasiga tosh otdi. Turnalar gurillab yerdan ko‘tarildi. Hasan hayqirdi:
– Tegdi, tegdi!
Rostdan, bir dona turna yerdan ko‘tarila olmas, o‘zini u yoqdan bu yoqqa urar edi. Bolalar yarador turna tomon yugurishdi. Ular orasida Obid ham bor edi. Turna jon vahmida tipirchilar edi. Obid bolalarga hayqirdi:
– Tegmanglar, u yaralangan!
Bolalar taqqa to‘xtashdi. Obid holdan toygan turnani avaylab yerdan ko‘tardi.
– Uni menga ber, men otdim uni, – Hasan turnaga chang soldi. Obid Hasanga chap berdi.
– Shoshma, Hasan, bilaman, u sening o‘ljang. Senda gapim bor, quloq sol.
– Yo‘q, bu yoqqa cho‘z, men uni qafasga solib, bolalarga tomosha qildirib pul ishlayman.
Shu ko‘yi Obid Hasanni bolalardan nariroqqa yetaklab bordi.
– Kelishaylik, jo‘ra, – dedi Obid yalinish ohangida.
– Qancha berasan? – dedi Hasan bir oz yumshab, qat’iy bir ohangda.
Obid bir zum o‘ylanib turdi. Puli yo‘qligidan juda afsuslandi. Shu lahza xayoliga kelgan o‘ydan ko‘zlari chaqnab ketdi. Yaqinda dadasi olib bergan yap-yangi, yaltiroq kamari yodiga tushdi.
– Jo‘rajon, bilasanmi, senga yaltiroq yangi kamarimni beraman, axir, o‘zing menda ham bo‘lsaydi, deb havas qilgan eding-ku, to‘g‘rimi?! – dedi shoshib.
Hasan bir oz o‘ylanib turdi, so‘ng xiyol iljaydi:
– Kamarni hozir olib kel, – dedi u.
Obid yer-u ko‘kka ishonmay yurgan kamarini Hasanga berib yubordi.
Obid ota-onasiga voqeani sal boshqacharoq qilib aytdi:
– Kamarimni to‘g‘asi uzildi, uni o‘rtog‘im Hasanga berdim, to‘g‘rilab bermoqchi, – dedi biroz tutilib. – Hozircha eskisini taqib turaman.
Oradan kunlar o‘tdi. Obid turnani batamom tuzalguncha parvarish qildi. Qafasdagi turna oyoqqa turdi. Qanotlarini erkin qimirlata boshladi. Obid daryo yoqasiga kelib qo‘nadigan turnalarni har kuni kutdi. Shunday kun ham keldi. Obid turnani qo‘ltiqlagancha daryo tomon chopdi va uni sekingina qo‘yib yubordi. Turna u kutganchalik birdan uchib ketmadi, avval qanotlarini avaylabgina qoqdi. Obid hayajon va bir oz qo‘rquv bilan kuzatib turdi. Turnalar galasi tomon dadil yurdi. Obidning turnasini safiga olgan gala yoppasiga yoqimli qurillashib uchib ketishdi. Obid sevinib ketdi. So‘ng qalbida yengillik his qildi. U birinchi marta endilikda Hasan hammaga maqtanib taqib yurgan yaltiroq kamariga achinmayotgan edi.
Mirshod NE’MATOV,
Qashqadaryo viloyati Kitob tumani 26-maktab 8-sinf