Sir oshkor bo‘ldi
Oxirgi dars tugab, tanaffusga qo‘ng‘iroq chalindi. Sinfda g‘ala-g‘ovur, shitir-shitir boshlandi. O‘quvchilar shosha-pisha narsalarini yig‘ishtirib, tashqariga oshiqdilar. Muallima Vazira opa jurnalni qo‘ltig‘iga qisib, endi o‘rnidan turgan ham ediki, orqa qatordan kimdir bor ovozda chinqirib yubordi.
– Ha, nima bo‘ldi? Tinchlikmi? – muallima bo‘ynini cho‘zib, ovoz chiqqan tomonga qaradi.
– Pulim... pulim yo‘qolibdi, – dedi Nazira yig‘lamsirab. Hamma unga hayron bo‘lib tikildi.
– Puling qancha edi? – muallima jiddiy tortib so‘radi.
– O‘n ming so‘m edi! – Nazira hiqillab gapirdi.
– Tuzukroq qaragin-chi, balki yo‘qolmagandir.
– Qaradim, hech qayerda yo‘q.
– Qayerga qo‘yganding?
– Sumkamning ichki cho‘ntagiga solgandim, mana, yo‘q, yo‘q... – Nazira sumkasini hammaning ko‘z oldida yana bir karra titkilab chiqdi.
– Qani, joy-joyingizga o‘tiringlar-chi! – muallima sekin uh tortib, qayta stulga cho‘kdi. Sinfdoshlar jabrdiydaga alanglab qaradilar.
– Bolalar! – muallima vazmin, ammo jiddiy ohangda gapirdi. – Sinfimizda juda xunuk voqea sodir bo‘lganga o‘xshaydi. O‘g‘rilik faqat jinoyatgina emas, tubanlikdir. Shu mahalgacha namunali bo‘lib kelgan sinfimiz endi yomon nom bilan tilga olinsa yaxshimi? Bunday isnodni menimcha, hech kim istamasa kerak. Shuning uchun Naziraning pulini kim olgan bo‘lsa, yaxshilikcha qaytarib bersin. Gap shu yerda qoladi.
Sinfxonaga pashsha uchsa eshitiladigan og‘ir sukunat cho‘kdi. Hech kimdan sado chiqmadi. O‘ttiz nafar qorako‘z muallimaga mo‘ltiragancha tikilib turaverdi.
– Sinfda hech kim yolg‘iz qolmaganmidi? – muallima sinf sardori Samandarga yuzlandi.
– Menimcha, hech kim yolg‘iz qolmagandi, – sekingina o‘rnidan turib javob qildi sardor. – Jismoniy tarbiya darsida sinfdan chiqib, stadionga borganmiz. Hamma qatnashgan.
– Katta tanaffusda-chi?
– Katta tanaffusda ham hech kim qolmagan.
– Unda kim olishi mumkin? – muallima tajanglandi. – Yana qaytaraman, olgan odam o‘z ixtiyori bilan pulni bersin, aks holda... – Muallima “o‘g‘ri” degan so‘zni qayta tilga olmas, aybdordan qanchalik ranjimasin, uni butunlay badnom qilishni istamas edi. – Aks holda, jiddiyroq chora ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Unda...unda oqibati yaxshi bo‘lmaydi.
Muallimaning barcha urinishlari zoye ketdi. Aybdor topilmadi. Oradan kunlar o‘tdi. Eng yomoni, bunday ko‘ngilsizlik yana bir necha bor takrorlandi. O‘g‘rini insofga chorlab aytilgan po‘pisa, iltijolardan natija chiqmadi. Endi muallima jiddiy tashvishga tushib qoldi. Bu favqulodda voqea maktab direktorining qulog‘iga yetsa nima bo‘ladi, deya ichidan qirindi o‘tdi. Yuz bergan ko‘ngilsizliklarni mayda tafsilotlarigacha eslar ekan, xayoliga kutilmagan bir fikr urildi. O‘g‘ri soat, ruchka yoki so‘nggi rusumdagi telefonlarga teginmay, faqat pulni olayotgani uni ajablantirdi. Bu yerda bir sir bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Ana o‘sha sir oshkor bo‘lsa, hamma narsa oydinlashishiga umid qildi.
Sinfda Suhrob ismli a’lochi o‘quvchi kelajakda yuridik institutda o‘qib, Sherlok Xolmsga o‘xshagan mashhur izquvar bo‘lishni orzu qilar, sarguzasht kitob va kinolar jon-u dili edi. Uni suhbatga chorlab, maslahatlashdi.
– Gapingizda jon bor, bu yerda rostdan ham bir sir bo‘lishi mumkin, – dedi Suhrob. – Lekin hamma gap o‘sha sirni ochishda-da.
– Seni shuning uchun chaqirdim-da, sirni ochishga o‘zing urinib ko‘rasan.
– Yo‘g‘-e, men... qanday qilib... – Suhrob sarosimalandi, ayni chog‘da shunday muhim va qaltis vazifa o‘ziga ishonib topshirilayotganidan g‘ururlandi.
– Sen – bo‘lajak izquvarsan, ko‘z – qo‘rqoq, qo‘l – botir. Ishni boshlayver.
Suhrob bir zum o‘yga tolgandek bo‘ldi, so‘ng xayoliga kelgan rejasini aytdi:
– Poraxo‘rlarni ushlashda qo‘llanadigan eski, ammo ishonchli bir usul bor, shuni ishga solsak-chi?
– Xo‘sh, qanday usul ekan, u?
– Pullarning raqamini oldindan yozib qo‘yamiz, keyin, o‘g‘irlik sodir bo‘lgach, sinfda tintuv o‘tkazamiz. Raqamlar yozilgan pul kimning yonidan chiqsa – o‘sha o‘g‘ri! Isboti o‘zi bilan. Miq etolmaydi.
– To‘g‘ri, ammo pullarning raqamlari yozilganini o‘g‘ri ham biladi-ku, hushyor tortib, tuzoqqa tushmasa-chi?
– Men uch-to‘rt nafar eng ishonchli o‘rtoqlarimning pullarinigina raqamlayman, xolos. Ular sirni oshkor etishmaydi.
Oradan bir oy o‘tdi. Suhrob qo‘ygan tuzoq nihoyat o‘z samarasini berdi. Mirzohidning raqamlari yozilgan puli yo‘qolib qoldi. Suhrob darhol muallimani voqeadan ogoh qildi. Darslar tugagach, hamma sinfda to‘plandi.
– Bolalar! Sinfimizda o‘g‘rilik sodir bo‘layotganidan xabaringiz bor, – dedi muallima o‘quvchilarga qarab. – Aybdorni bir necha bor olgan pulini qaytarib berishga undab keldik, lekin natija bo‘lmadi. Men oxirgi chorani ko‘ramiz, deb aytgandim. Mana endi aybdor o‘zidan ko‘rsin. Hozir hammaning narsalari, cho‘ntaklari tintib chiqiladi. Avvalo, har kim yonida qancha puli bo‘lsa, stolga qo‘ysin. Yashiraman, deb ovora bo‘lmasin, baribir topib olamiz.
Bolalar istar-istamas sumka va cho‘ntaklarini ag‘darib, pullarini stolga qo‘ya boshladilar. Suhrob yoniga Mirzohidni olib, qo‘llaridagi raqamlar yozilgan qog‘ozga taqqoslab pullarni tekshira boshladilar. Oxirgi stolda o‘tirgan Valisherning oldida turgan pulga ko‘zi tushgan zahoti Mirzohidning yuragi bir hapriqib ketdi. Pul ko‘ziga juda tanish ko‘rindi. Qo‘lidagi raqamga solishtirib ko‘rganda shubhasi tasdiqlandi – pul uniki edi. Indamay pulni olib, muallimaning stoliga qo‘yarkan, yoniga o‘sha pulning raqami yozilgan qog‘ozni ham qo‘shib qo‘ydi. Nihoyat, sir oshkor bo‘ldi.
Hamma xuddi qanotli tuya ko‘rayotgandek Valisherga o‘girildi. Hamma ajablandi. Chunki Valisher a’lochi bo‘lmasa-da, juda intizomli, kamgap, odobli bola edi. Hoynahoy, ko‘pchilikning xayolidan “Indamay yurgani bilan pismiq ekan-da, bunaqalardan hamma narsani kutish mumkin”, degan fikr o‘tdi. Boyaqish Valisher esa avvaliga balandlikdan sakragandek yuragi shuv etib ketdi, oyoqlari qaltirab, ko‘zlari yoshlandi. Miq etmay, boshini tirsaklari orasiga olgancha yig‘lay boshladi.
Asossiz shubha-gumonlardan forig‘ bo‘lgan bolalar sal yengil tortib, bir-birlarining ko‘zlariga dadilroq boqsalar-da, baribir Valisherga achindilar. Muallima ham Valisherni birinchi bor ko‘rayotgandek, lol-u hayron bo‘lib qarab turardi. Nihoyat, aybdorning yelkalari titrashdan to‘xtagach, unga gap qotdi:
– Valisher! Qani, ayt-chi, nega bunday qilding? Nega? Dunyoda hech bir narsa sababsiz ro‘y bermaydi. Nima majbur qildi seni... bunday qilishga? Balki oilangda biron muammo bordir. Bizdan yashirma.
Valisher shu lahza o‘rnidan turib, bunday mushkul savolga javob bera oladigan ahvolda emas edi. Indamay joyida o‘tiraverdi. Shu mahal u bilan qo‘shni uyda turadigan sinfdoshi Gulchehra sekin o‘rnidan turib, aybdor tilga ololmayotgan sirni oshkor etdi.
– Valisherning dadasi vafot etgan, kasalvand onasi va kichkina ukasi bilan turadi. Onasiga do‘xtirlar narxi qimmat dorilarni yozib bergan ekan. Ularni sotib olishga oyisining nafaqasi yetmas ekan, balki shuning uchun...
– Tushunarli, – dedi muallima Gulchehraning gapini bo‘lib. – Hayot juda murakkab narsa. Inson umri davomida turfa xil sinovlardan o‘tadi. Lekin har qanday sharoitda ham odam to‘g‘ri, halol yashashi kerak. Men umid qilamanki, Valisher bundan buyon bunaqa noma’qul ishga qo‘l urmaydi. Hozir hammaning oldida mulzam bo‘lganining o‘zi uning uchun katta jazo. Uning oilasiga yordam berish kerak. Men bu masalani kerakli mutasaddilarga aytaman. Biz esa hozircha uning aybini kechirishimiz kerak, nima deysizlar?
– To‘g‘ri, kechiramiz, kechiramiz! – bolalar baravariga chuvillashdi.
Shodmon Otabek