Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Endi yolg‘on gapirmayman

Soatga qaragan Anvar, bugun ham darsga kech qolganini tushundi. Kechagina sinf rahbariga boshqa darsga kechikmaslikka so‘z bergandi. Aksiga olib, birinchi dars matematika. Ustozning o‘zi o‘tadi. Agar uxlab qolganini aytsa, ota-onasiga telefon qiladi yoki sinfdoshlarining oldida uyaltiradi. Bu vaziyatdan qutulish yo‘lini o‘ylagan Anvar, xayoliga kelgan fikrdan quvonib ketdi:

– Ustoz, so‘zimning ustidan chiqmaganim uchun kechiring. Kutilmaganda onam shamollab qoldi. Dadam ularni olib kasalxonaga ketdi. Singlimni bog‘chaga o‘zim olib borishimga to‘g‘ri keldi.

Bahonasiga ustozini osongina ishontirgan Anvar endi joyiga o‘tirganida, eshik ochilib, Anvarning onasi mo‘raladi.

– Uzr, bezovta qildim. Kecha Anvarjon, birinchi soat matematika darsi, degandi. Ketgandan keyin qarasam, stolining ustida kitob-daftari qolib ketibdi. Yana ovora bo‘lib uyga kelib yurmasin deb, darsliklarini olib kelgandim, – ustoz onasiga minnatdorchilik bildirib daftarni oldi. Onani kuzatib qo‘ygach, indamasdan daftarni Anvarning partasi ustiga qo‘ydi. Keyin unga shunday tikildiki, Anvar uyatdan yig‘lab yubordi.

Orangizda Anvarga o‘xshab yolg‘on gapirib, keyin uyalib qolgan bolalar yo‘q emas. Lekin noqulay vaziyatdan qutulish uchun baribir yolg‘on bahonalarni to‘qiyverishadi.

Psixologlarning fikricha, birinchi marta yolg‘on gapirib jazodan osongina qutulgan bola, bu usulni qo‘rqib, tavakkal bilan ikkinchi marta yana qo‘llarkan. Afsuski, yolg‘onlariga boshqalarni ishontira olgan bolaga bu odatiy holga aylanadi.

Avtobusda ketayotganimda, yonimda o‘tirgan bolaning qo‘l telefoni jiringladi.

– Uff, yana oyim telefon qilyaptilar. Gapirmay tur, – dedi u telefonni qulog‘iga olib borarkan. Keyin muloyim ovozda onasi bilan gaplashdi:

– Oyijon, xavotirlanmang. Rashid ikkalamiz ingliz tilidan yaxshi javob berolmagandik, ustoz olib qoldilar. Hozir qo‘shimcha mashg‘ulot boshlanadi, xayr, – u telefonni o‘chirib o‘rtog‘iga yuzlandi.

– Ana endi bemalol ikki soat pleysteyshnda o‘tirishimiz mumkin, bugun sendan o‘chimni olaman, – og‘zi qulog‘iga yetib, tirjaydi u.

Odobligina ko‘ringan bu bolaning hech uyalmay onasini aldagani menga yoqmadi.

– O‘g‘lim, nega oyingga yolg‘on gapirding? – deb so‘radim sekingina.

– Oyimga do‘stlarim bilan dars tayyorlashimni aytsam xursand bo‘ladi. Agar musiqa tinglab ushlanib qolganimni eshitsa, qo‘l telefon ishlatishimga ruxsat bermaydi, qattiq nazoratga oladi. Kompyuter kafesiga borib uyga kech qolsam, darslarimiz ko‘payib ketganini bahona qilib, telefon orqali ogohlantiraman. Uydagilar tushlik uchun bergan pullarni tejab, do‘stlarim bilan shahar aylanishga boramiz. Ustozimiz yoki ota-onamiz bunga ruxsat bermasligini bilganimiz uchun ham yolg‘on gapirishga majburmiz, – xo‘rsinib javob berdi Sardor.

O‘zini 7-sinf o‘quvchisi, deb tanishtirgan Otabek esa, ishonarli yolg‘on gapirish qiyin ekanligini tan oldi.

– Matematika darsini yomon ko‘raman. O‘qituvchim qancha tushuntirmasin, arifmetik misol va masalalarni yechishga qiynalaman. Ustozim darsdan keyin o‘zlashtirishda orqada qolgan o‘quvchilar bilan qo‘shimcha darsga qolishimni aytganda ham, yolg‘on gapirib mashg‘ulotlarga bormaganman. Bu haqida uydagilarni ogohlantirmoqchi bo‘lib kundaligimga yozib yuborganda, past baho qo‘yganida ham ota-onamga sezdirmadim. Ba’zida – darslarimiz kam bo‘lgan kunlari, sinfdoshlarim bilan internet kafelarga kiramiz. U yerda pul to‘lab o‘ynay olmasak ham boshqalarning o‘ynayotganini tomosha qilishimiz mumkin. Uydagilar surishtirganda, bilib qolmasliklari uchun, do‘stlarimiz bilan maktab kutubxonasida edik deb, aytishga kelishamiz. Bu – yolg‘on gapirish qiyin bo‘lsa ham vaziyatdan chiqib ketishning oson yo‘li.

– Men esa maktabga bormaslik uchun boshim og‘riyotganini bahona qilib ko‘p dars qoldirardim. Ustoz o‘tilgan mavzu bo‘yicha uyga vazifani sinfdoshlarimdan so‘raganda, men maktabga kelmaganimni aytib, osongina qutulardim. Yolg‘on gapirganim menga foyda berib, dars qilmaganimga hech kim meni koyimasdi. Yaqinda sinf rahbarimiz “Yolg‘onchilik – yomon illat” mavzusida ochiq dars o‘tganida xatomni tushundim. O‘shandan buyon uyga berilgan topshiriqlarni bajara olmasam ham yolg‘on gapirmayman, – deb javob bergan Alisherning so‘zlaridan keyin o‘quvchilarga yolg‘on bahona qilish har doim ham yaxshilikka olib kelmasligini tushuntirdim.

Aslida ko‘zimizga arzimas bo‘lib ko‘ringan yolg‘onlar katta xatolarni keltirib chiqaradi. Bu aldovlarning oxiri “voy” bilan tugaydi. O‘zaro ishonch yo‘qoladi. Men shular haqida bolalarga aytib, iliq xayrlashdim.

 

Iroda UMAROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.