Qaldirg‘ochlar qaytadi
Tongda qushlarning yoqimli chug‘ur-chug‘uri quloqqa chalindi. Akmal: – Voy uyimizga qushlar kirib qoptimi?! Shoshma, hozir senlarga ko‘rsatib qo‘yaman, – deb yostig‘i tagidan cho‘zma (rogatka)-sini olib, shoshib ayvonga chiqdi. Qarasa, shiftda bir juft qaldirg‘och tinmay parvoz qilardi. Biri qo‘yib biri tumshug‘ida loy tashib, uy qurishardi. Akmal qaldirg‘ochlarni ko‘rib, quvonib ketdi. Chunki bu beozor qushlarni yaxshi ko‘rardi. Ular haqida buvijonisidan qiziq hikoyalar eshitgan.
– Oyijon, qarang, uyimizga qaldirg‘ochlar in qurishyapti. Demak, biz bilan birga yasharkan-da, – dedi ko‘zlarini katta-katta ochib.
– Ha, o‘g‘lim, qaldirg‘ochlar kelgan uyga baxt keladi. Bular xosiyatli qushlar. Ularga ozor bergan bolalarning uyidan qut-barakani olib uchib ketishadi, – dedi oyisi o‘g‘liga. Akmal: – Oyijon, men ularga tegmayman, so‘z beraman, – degancha ko‘chaga chopqillab ketdi.
Shu qushlar kelib Akmal yaxshi tomonga o‘zgardi. U yangi do‘stlari bilan gaplashar, maktabda bo‘layotgan voqealarni ularga so‘zlab berardi. Mehnatsevar qushlar shu kichkinagina jussasi bilan tumshug‘ida loy tashib, juda chiroyli in qurishdi. Akmal ularga qarab turib, nahotki, shu qushlarchalik ham hech kimga naf keltirmabman, deb o‘zidan ranjidi. Bu orada qaldirg‘ochning uyida yangi mehmonlar, jajji palaponlar paydo bo‘ldi. Ota-ona qaldirg‘ochlar tinim bilmay ularga ovqat tashirdi.
Bir kuni ayvonning eshigi zich yopilib qoldi. Shunda qaldirg‘ochlar ko‘chaga chiqolmay rosa qiynaldi. Akmal yugurib kelib eshikni ochib yubordi. Qush o‘zini o‘qdek tashqariga urdi. Chunki bolalarining qorni och, tinmay chirqillashardi. Biroz vaqt o‘tgach, qaldirg‘och og‘zi to‘la ovqat bilan qaytdi. Vaqt o‘tib, mittivoylar ancha ulg‘ayishdi. Endi ota-ona qaldirg‘ochlar palaponlarini qanot yoyishga o‘rgatishardi.
Dam olish kuni edi. Akmal dadasi bilan tomorqada daraxtlarning tagini yumshatishdi, ko‘chat ekishdi. Ota-bola ishlarni tugatib, tushlik qilgani supaga o‘tirishdi. Shu payt ayvon eshigi qars etib yopildi. Keyin kichkina Azamatning yig‘lagani eshitildi. Yugurib borishsa, yerda ota qaldirg‘och jonsiz yotardi. Tumshug‘idagi palaponlariga atalgan ovqat yerga sochilib ketgandi. – Nima qilding, ahmoq, qushimni o‘ldirib qo‘yding-ku, – deb Akmal ukasini turtkilay ketdi. Hoshim aka uni yupatgan bo‘ldi.
Azamat qo‘rqib ketganidan tinmay yig‘lardi. – Aka, yelvizakda ayvonning eshigi qattiq yopilib ketdi. Qaldirg‘och kiraman, deb eshikka siqilib qoldi. Atayin qilganim yo‘q, – derdi piqillab. Sabohat xola Azamatning boshini silab, uni tinchlantirdi.
Akmal yaqin do‘stini yo‘qotib qo‘yganidan iztirobda edi.
Kun bo‘yi uydan chiqmadi. U ona qushga achinardi. Yolg‘iz o‘zi palaponlarini qanday eplarkin, deb xavotir olardi. Yoz oxirlarida kichkintoylar ulg‘ayib, onalariga yetib olishdi. Shiftda qaldirg‘ochlar baravar qanot qoqishardi. Bag‘ridan joy bergani uchun xonadon sohiblariga rahmatlar aytib, olis o‘lkalarga uchib ketishdi. O‘sha yili Akmallarning bog‘i mo‘l hosil berdi. U chorak baholarini a’loga yakunladi. Qish bo‘yi qaldirg‘ochlar haqida o‘yladi.
Aprel oyining boshlari edi. Akmal jufti nobud bo‘lgan qaldirg‘och bizdan ranjib ketdi, endi u kelmaydi, degan tushkun o‘ylar bilan ezilib yurardi. Ochiq oynalardan qaldirg‘och kiray, demasdi. Uya huvillab yotar, Akmalning cho‘zmasidan cho‘chib qolgan boshqa qushlar ham ayvonga yaqinlashmasdi.
Ammo erta tongda chug‘urlagan tanish ovozdan Akmal sergak tortdi. Yugurib ayvonga chiqdi. Qadrdon ona qaldirg‘och uyiga qaytgandi. U tumshig‘idagi loy bo‘lagini inga yopishtirib, shiftda raqs tushardi.
Husnobod SHOMIRZAYEVA