Shoxdor
Ko‘klam keldi deguncha barcha qoramollarni, ya’ni podalarni tog‘ning yuqoriroq qismiga haydardik. O‘tloq, dara-kamarlarni, sayhonliklarni egallardik. Ko‘pincha ularni o‘sha yerlarda qoldirib, o‘zimiz Mirzaqo‘rg‘onga qaytib kelardik. Bir-ikki kundan so‘ng yana xabar olardik. Men sakkiz yoshga kirgan bo‘lsam-da, hali maktabda o‘qimasdim. Otamga ergashib go‘yoki cho‘liqlik qilardim. Bir gal otam podadan xabar olish uchun menga bildirmay ketib qolibdi. Lekin qaytgach, kutilmaganda bir gap aytib qoldi:
– Bizning podalar bilan bir alqor qo‘chqori qo‘shilib, o‘tlab yuribdi. Katta, shoxdor qo‘chqor. Suruvidan adashib, ajralib qolganmi yoki biror ovchi o‘qidan qochib, qoramollarga qo‘shilib qolganmi... bilmadim, – deb qoldi.
Yuragim hapqirib ketdi. Ertasi saharlab, podalarni qoldirgan kamarimizga yetib bordim. Ha, otamning gapi chippa-chin ekan. Ikki shoxi ikki buram bo‘lib ketgan, bellarining juni qizg‘ish-qoramtir, ko‘zlarining ichi chiroq piligiday yonib turgan qo‘chqor podalar orasida bemalol o‘tlab yurardi. U tarafdan qarab, bu tarafdan qarab rosa tomosha qildim. Bo‘ynilaridan quchoqlab olgim, shoxlaridan ushlab o‘ynagim keldi. Ammo oldiga yo‘latmasdi. Kundan-kun yaqinroq borib tomosha qilaman, katta-katta qora ko‘zlariga tikilaman. Ayniqsa, uning silliq tanasidagi mayin tuklar quyosh nurlarida ajib yaltirardi, qandaydir chaqnagandek uchqunlanardi. U goh-gohi old oyoqlarini yerga tars-tars urib qo‘yardi. Go‘yoki, menga nimadir aytmoqchi bo‘layotgandek...
Men Qo‘chqorni “Shoxdor” deb atadim. Unga o‘rganib qoldim, u ham mendan yotsiramay qo‘ydi. Bir-birimiz bilan qadrdonlarga aylanib qoldik. Kamarda men o‘zimga chayla qurib oldim. Har ikki kunda uyga borib, qotirma zog‘ora, non-pon olib kelaman.
Oh, bir kuni hammasi tamom bo‘ldi! Tushga yaqin Mirzaqo‘rg‘onga borib qaytsam... bir zabardast yigit Shoxdorimni bo‘rilarga qo‘yiladigan qopqonga tushirib o‘tiribdi. Titrab-qaqshab yigitga baqirib ketdim, uni ikki-uch marta ko‘rgan edim. Qorang‘ul dara-kamarlik Xo‘rozboy degan amakitob yigit edi. Qo‘llarimga tosh oldim, ammo unga otolmadim...
– Bu senlarning alqoring emas, xudoning alqori, mendan ko‘pdan buyon qochib yurgan edi, qopqonga chap berib, – dedi u, – go‘shtidan bir sonini beraman, uyingga olib borasan...
– Olmayman! Kerak emas! – dedim keskin.
– O‘zing bilasan!... Oyog‘im uzun, ko‘rpam kalta. Bola-chaqalar och, urushning tugaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Muhtojlik alqorni emas, odamni ham qonga belantiradi. Katta bo‘lganingda buni tushunib olasan. Aytmoqchi, o‘lan-qo‘shiq aytarmishsan...
Ha, yillar shuvillab o‘tib ketdi. Tosh ostida alaf bo‘lib qolib ketmadim. “O‘lan-qo‘shiq” aytib-aytib, shoir bo‘ldim. Xo‘rozboy amakimni ham tushunganday bo‘ldim. Ammo, Shoxdor tushlarimda hamon paydo bo‘lib qoladi...
Azim Suyun