Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Uch sovg‘a

E. B. Vlasova

Salliy kollejda tahsil oladi. Biroq uning ham boshqa tengqurlari kabi puli ko‘p emasdi. U o‘qiydigan kollej uyidan uzoq shaharda bo‘lganligi uchun ham tejab sarf-xarajat qilishiga to‘g‘ri kelardi. Shunday bo‘lsa-da, Salliy onasining yaqinlashib kelayotgan tug‘ilgan kuniga nima sovg‘a qilish haqida o‘ylayotgandi. Uning nazarida sovg‘a ham yaxshi, ham foydali, lekin qimmat bo‘lmasligi lozim edi.

Onasining tug‘ilgan kunidan bir hafta oldin tushlik vaqti u kollej oshxonasiga kirdi. Har galgiday miriqib ovqatlanmadi. Sendvich va bir finjon qahva bilan cheklandi. So‘ng kollej yaqinidagi arzon soyabonlar do‘koniga kirib, ixchamgina soyabon sotib oldi. Bu sovg‘a onasiga yoqishiga ishonardi, chunki onasi oldingi soyabonini yo‘qotib qo‘yganini bilardi. U qora soyabonni tanladi, chunki uni har qanday rangli kiyim bilan olib yurish mumkin.

Salliy uyga ketayotib ochiqqanini sezdi va soyabonni poyezd kupesida qoldirib bufetga yugurdi. Qaytganida esa soyabon joyida yo‘q edi. Salliy o‘zi bilan kupeda ketayotgan uch yo‘lovchiga bo‘lgan voqeani tushuntirdi. Ular Salliyga hamdardlik bildirishdi va onasining manzilini so‘rashdi. Sababi, kimdir adashib olib ketgan bo‘lsa va uni uchratib qolishsa, voqeani tushuntirib, manzilini unga berishlarini aytishdi. Har bir yo‘lovchi bola aytgan manzilni o‘zi uchun yozib oldi. Salliy o‘qishga qaytganining keyingi haftasida onasidan xat oldi. Xatda shunday deyilgan edi: “Ajoyib sovg‘a uchun rahmat, o‘g‘lim! Ammo menga nega uchta soyabon yubording?”

 

Ingliz tilidan

Gulchehra UBAYDULLAYEVA

tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.