Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Jumboq hikoyalar

Sardorning xotirasi yaxshi emas. Qancha harakat qilsa ham, she’rni to‘laligicha yodlab ololmaydi. Yo‘q, yodlaydi. Ammo doskaga chiqishi bilan hammasi esidan chiqib ketadi. Bu haqida o‘rtog‘iga aytgandi, o‘rtog‘i shunday maslahat berdi:

– Men yodlashning oson yo‘lini bilaman. She’rni daftarga uch-to‘rt marta ko‘chirib yozaman. Avval daftarga qarab ovoz chiqarib o‘qiyman. Keyin uni yopib, yoddan aytaman, esimdan chiqqan joyida daftarga qarab olaman, darrov esimga tushadi. Doskaga chiqqanimda esa daftar varag‘ini yirtib cho‘ntagimda ushlab turaman. Shunda xotirjam bo‘laman.

Bu fikr Sardorga ma’qul tushdi. Ammo kattagina she’rni qayta-qayta ko‘chirishga erindi. Kitobni ko‘tarib yurib, yodlash esa oson emas. O‘ylab-o‘ylab yo‘lini topdi. Qo‘ylarini qirga haydab ketayotganida adabiyot darsligining she’r yozilgan sahifasini shartta yirtib oldi. Qo‘ylari o‘tga yoyilib ketgach, tepalikka chiqib cho‘ntagidan varaqni oldi. Tikka turgancha baland ovoz bilan “Tong” she’rini o‘qishga tushdi. Ovozi jarangidan o‘zi zavqlanar, iloji boricha ifodali o‘qishga intilardi. Shu taxlit o‘qidi, o‘qiyverdi. Bir vaqt qarasa, uzoqda molini o‘tlatib yurgan Sattor podachi, yoniga kelib o‘tirib, Sardorning harakatlarini miriqib tomosha qilyapti, she’rni mazza qilib tinglayapti.

– Shu shoirning she’rini men ham yaxshi ko‘raman. Tongda mollarimni haydab ketayotganimda, uning biz cho‘ponlarga yozgan dostonini aytib ketaman. O‘quvchiligimda o‘qiganman-da, menga yoqqan. Sen aytayotgan she’r ham menga tanish. Ammo, lekin yomon o‘qimayapsan. Ovozing ham durust. Bizga ma’qul, to‘g‘rimi, Bo‘ribosar, – yonida cho‘zilib yotgan itiga qarab jilmaydi Sattor podachi. – Sen she’ringni yodlayver, qo‘ylaringga o‘zim ko‘z-quloq bo‘lib turaman. “Besh” olsang, sen ham menga qarashasan. Kelishdikmi, jo‘ra? – Sardorga havas bilan tikildi podachi.

– Yaxshi, aka, kelishdik, mana siz she’rga qarab turing, men yodlayman. Esimdan chiqqan joyida aytib yuborasiz, – qo‘lidagi varaqni podachiga uzatdi Sardor.

– Iye, jo‘ra, kitobni yirtib oldingmi? – varaqqa achinib qaradi podachi.

– Yana joyiga yelimlab qo‘yaman, – o‘ng‘aysizlandi Sardor. Keyin she’rni boshlab yubordi:

– Bugun erta turib tongni ko‘rdim...

– Shoshma, uchinchi qatorni tashlab ketding, – uni to‘xtatdi Sattor aka, – qayta ayt.

Sardor she’rni yettinchi marta aytayotganda podachi, bo‘ldi, ishorasini qildi, so‘ng, – barakalla bexato yodlading, durust. Endi she’rni senga men aytib beraman, – dedi-da varaqni unga berdi.

Tavba, Sattor podachi she’rni gulduragan ovozda shunday chiroyli aytdiki, Sardor hayratdan chapak chalib yubordi.

– She’r yodlash bunday bo‘ladi, jo‘ra. Ertaga kelsang, shu she’rni senga o‘lan qilib aytib beraman, – jilmaydi podachi. – Lekin sen ham yomon aytmading. Bor, qo‘yingni qaytar, varaqni ehtiyot qil, ertaga necha olganingni so‘rayman.

Ertasiga Sardor she’rni yoddan, tutilmasdan, ifodali qilib aytgani uchun muallim “besh” baho qo‘ydi.

– Oyijon, men “besh” oldim, mana, – deya kundaligini oyisiga ko‘rsatdi Sardor.

– Tabriklayman bolam, rahmat, – o‘g‘lini bag‘riga bosdi oyisi.

– Oyijon, menga emas, kitobga rahmat, – dedi Sardor cho‘ntagidan ezilib ketgan varaqni olib. Oyisi bir Sardorga, bir uning qo‘lidagi g‘ijimlangan varaqqa qaradi. Keyin:

– Bilmadim, bolam, kitob sening rahmatingni qabul qilarmikan, – dedi xomush.

 

* * *

Dilshodga dadasi xorijdan Daniel Defoning “Robinzon Kruzo” kitobini olib keldi. Kitob bolalarga mo‘ljallangani uchun rasmlari ko‘p. “Robinzon Kruzo” filmini ko‘rgan bolalarga bu rasmlar juda yoqib qoldi. Rasm o‘qituvchisi esa ana shu kitobdagi suratlardan nusxalar chizdira boshladi. Kitobdan hamma foydalanayotgani uchun Dilshod uni har kuni olib keladigan bo‘ldi.

Shanba kuni Dilshod katta tanaffusdan qaytsa, partasi ustida qoldirgan kitobi yo‘q. U hammayoqni qidirdi, topolmadi. Sinfdoshlari ham, ko‘rmadik, deyishdi. Voqeadan xabar topgan sinf rahbari majlis qildi.

– Juda xunuk ish bo‘libdi. Kimda-kim kitobni olgan bo‘lsa, qaytarsin. O‘g‘irlik o‘quvchiga yarashmaydi. Agar uyalsa, hech kim yo‘g‘ida Dilshodning papkasiga solib qo‘ysin, – dedi.

Shunda orqa qatordagi partada o‘tirgan, Zokir Qayumov o‘rnidan turdi-da:

– Ustoz, dodam aytganlar, kitob o‘g‘risi o‘g‘ri sanalmas ekan, – dedi. Bu gapni boshqa bolalar ham ma’qullay ketishdi.

Men esa ko‘zlari yoshga to‘lgan Dilshodning holatiga qarab, bu fikrga qo‘shilmadim.

 

* * *

Yurib ketay deb turgan avtobusga keksagina ayol amallab chiqib oldi. Avtobus tirband, birorta ham bo‘sh o‘rin yo‘q.

– Xolajon, o‘rtaroqqa o‘ting, yoshlar joy beradi, – dedi bir kishi o‘rindiqlarda “berilib kitob o‘qiyotgan” yigitlarga ishora qilib.

– Hechqisi yo‘q. Ularga xalaqit bermay qo‘ya qolay. Hamma telefonga tikilib qolgan hozirgi vaqtda ularning kitob o‘qiyotgani qanday yaxshi. Ehtimol, imtihonga tayyorlanishayotgandir. Omadlarini bersin, – dedi xola o‘ng qo‘lidagi og‘ir xaltani chap qo‘liga olarkan.

Men xolaning qo‘lidagi yukni oldim. Biroq uning gapiga qo‘shilmadim.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.