Hasadgo‘y shaftoli
Mashhur musavvir va ixtirochi adib Leonardo da Vinchi siz bolalarga ham ko‘plab ertaklar yozganidan xabardorsiz. Ushbu ertaklarda tabiat, jonivorlar va o‘simliklar, turli-tuman ish qurollari, buyumlar tilidan saxovat, sabr-toqat, ota-onalarning farzandiga mehri ulug‘lanadi. Yolg‘onchilik, maqtanchoqlik, manmanlik, hasadgo‘ylikning ayanchli oqibatlari haqida qisqa, lo‘nda hikoya qilinadi. Tarjimon Vasila Po‘latova ana shu kichik ertaklarni o‘zbek tiliga o‘girdi. U “O‘zbekiston” nashriyotida “Leonardo da Vinchi xazinasidan” nomli kitob bo‘lib chiqdi.
Quyida ana shu kitobdan joy olgan ertaklardan birini o‘qiysiz.
Bir bog‘da yong‘oq daraxti bilan shaftoli daraxti yonma-yon o‘sar ekan. Shaftoli hasadgo‘y ekan. U yong‘oq daraxtining baquvvat tanasiga, shig‘il mevasiga ichi kuyib qarar, undan o‘zib ketgisi kelar ekan.
– Bu insofdan emas, – ming‘irlarkan u, – nega endi yong‘oq shig‘il-shig‘il hosil solar ekan-u, men qarab turarkanman. Mana ko‘rasizlar, hali undan-da ko‘proq meva tugaman.
– Behuda chiranma, – debdi uning vaysashlari joniga tekkan keksa olxo‘ri daraxti. – Nahotki, yong‘oqning tanasi nihoyatda baquvvat, shoxlari esa egiluvchanligini sezmading. Bellashaman, deb belingni sindirma. Yaxshisi, mevalaringning shirin sharbatga to‘la bo‘lishi uchun harakat qil.
Biroq hasadgo‘y shaftoli yon qo‘shnisining foydali maslahatiga quloq ham solmabdi, o‘ylab ham ko‘rmabdi. U ildizlariga yerga mustahkamroq va chuqurroq yopishib olib, hayot sharbatidan ko‘proq sipqorishni buyuribdi. Shoxlariga ko‘proq kurtak otishni, gullaridan esa to‘liq mevaga aylanishni talab qilibdi.
Bahor o‘tib, yoz kelganda shaftoli daraxti murodiga yetgan, shoxlarining uchlarigacha yirik mevalar bilan to‘lgan edi.
Daraxt kundan-kunga sharbat yig‘ib, mevalari yiriklasha bordi. Hosil zalvoridan esa shoxlari soat sayin egilmoqda edi.
Kunlardan bir kun shaftoli shoxlari hosilni ko‘tarolmay qarsillab sinib ketdi. Sharbat to‘la shaftolilar duvillab yerga to‘kildilar.
Ular yong‘oq daraxti poyiga bosh urib, uzoq yotishdi, keyin esa chirib, bir uyum axlatga aylanishdi.
Vasila Po‘latova
tarjimasi.