“Buyuk sayohatchilar”
Mixail Zoshchenko
Hikoya
Bolaligimda yer yumaloq shaklda ekanligini bilmaganman. Bir kuni menga buni qo‘shnim Styopka tushuntirdi:
– Yer yumaloq shaklda. Agar faqat to‘g‘riga yuraversang, butun yer sharini aylanib, qayerdan yurgan bo‘lsang, shu yerga qaytib kelasan.
– Ishonmayman, – dedim.
– Yaqinda men butun yer sharini aylanish uchun sayohatga chiqaman. Opang Lelyani ham olamiz. Ammo, senga o‘xshagan tentaklarni olmaymiz. – Styopka yelkamga bir urdi.
Do‘stimning gapidan keyin mening ham sayohatga chiqqim kelib qoldi. Meni ham birga olib ketishlari uchun unga kichkinagina pichoqchamni sovg‘a qildim. O‘sha kuni Styopka sayohatga boradiganlar bilan kichkina majlis qildi. U men va Lelyaga qarab:
– Ertaga sizning ota-onangiz shaharga, mening onam esa ariqqa kir chaygani ketganda o‘ylagan rejamizni amalga oshiramiz. Biz faqat oldinga, to‘g‘riga yuramiz. Tog‘lar, sahrolarni kesib, oradan qancha vaqt o‘tmasin, shu yurgan yo‘limizdan chiqmagunimizcha ketaveramiz.
Uning gaplaridan qo‘rqib ketgan Lelya xavotirlanib so‘radi:
– Styopka, agar yo‘limizdan hindular chiqib qolsa-chi?
– Butun qabilasi bilan asirga olamiz.
– Asirga tushishni xohlamaganlarni nima qilamiz?
– Xohlamaganlarni asirga olmaymiz. Agar istashsa, biz bilan sayohatga borishi mumkinligini aytamiz, – dedi Styopka xotirjamgina.
Shunda Lelya:
– Men pul yig‘adigan qutichamdan uch so‘m olaman. Bu pul bizga yetsa kerak, – dedi.
– Uch so‘m shubhasiz yetadi. Chunki pul bizga faqat pista va konfet olish uchun kerak bo‘ladi. Ovqat masalasiga kelsak, yo‘lda uchragan mayda jonivorlarni ovlab, gulxanda pishirib yeymiz.
Styopka omborxonaga kirib katta un xalta olib chiqdi. O‘sha xaltaga uzoq sayohat uchun kerak bo‘ladigan non, shakar, bir bo‘lak yog‘ va idish-tovoqlarni joylashtirdik. Keyin o‘ylab-o‘ylab rangli qalamlar, fonus, lupa va ikkita ko‘rpa-yostiqlarni ham o‘zimiz bilan olib ketadigan bo‘ldik. Yo‘lda zerikib qolmasligimiz uchun men o‘zimga kerakli bo‘lgan rogatka (cho‘zma), qarmoq, kapalak tutishga moslama ham oldim.
Ertasi kuni uydagilar ketgach, biz – sayohatchilar Peski qishlog‘imizni tark etdik.
O‘rmon oralab yo‘lga tushdik. Oldinda Styopkaning iti Tuzik, uning orqasida boshiga katta qop ko‘targan Styopka, undan keyin esa sakramachog‘i bilan Lelya va rogatka (cho‘zma), qarmoq va kapalak tutgich bilan men.
Bir soatlar yurganimizdan keyin Styopka charchadi, shekilli, to‘xtab, qopni yerga qo‘ydi.
– Qop juda og‘ir ekan. Men uni bir o‘zim ko‘tara olmayapman. Navbatma-navbat ko‘taramiz.
Uning gapidan keyin yukni opam yelkasiga oldi. Lekin salgina yurgach, qopni otib yubordi:
– Endi Minka ko‘tarsin.
Qopni boshimga qo‘yishganida og‘irligidan dodlab yuboray dedim. Yurgan sayin tizzalarim og‘riqdan bukilib, qaltirardi. O‘n qadamcha yurganimdan keyin yiqildim. Oldin qop, uning ustiga men. Vaznim yengil bo‘lsa ham hamma idishlarni sindirdim. Lelya va Styopka yiqilgan joyimdan turolmay yotganimni ko‘rib rosa kulishdi. Yukni ko‘tarish uchun hushtak chalib itini chaqirdi. Lekin bundan ham natija chiqmadi. Chunki Tuzik yukni ko‘tarish o‘rniga qopni titkilab yog‘ni yeb qo‘ydi.
Qopni burchaklaridan ushlab baravarlashib ko‘tardik. Lekin bu noqulay edi. Bir amallab ikki soatda yalanglikka chiqdik.
Styopka biroz dam olishini aytdi.
– Har bir to‘xtab dam olganimizda, uxlaganimizda men oyog‘imni yurishimiz kerak bo‘lgan tomonga cho‘zib yotaman. Hamma buyuk sayohatchilar yo‘ldan adashmasliklari uchun shunday qiladi, – Styopka shunday deb oyog‘ini oldinga cho‘zib o‘tirdi.
Biz qopni ochib, non oldik. Uning ustiga shakar sepib yeya boshlaganimizda tepamizda arilar galasi aylana boshladi. Ulardan biri nonimdagi shakarni yeb ko‘rmoqchi bo‘lib, yuzimni chaqdi. Yuzim birpasda oshgan xamirdek shishib ketdi. Styopkaning maslahati bilan yuzimga muzdek loy chapladim.
Yo‘lga tushishimizdan oldin do‘stim qopdagi deyarli hamma narsani olib tashladi. Endi yurishimiz ancha yengillashdi.
Men yuzim lovullab og‘riganidan orqada inqillab borardim. Opam Lelyaning yuzidan ham sayohatdan xursand emasligi bilinib turardi. U sayohatdan ko‘ra uy yaxshiligini tushuntirmoqchi bo‘lgan edi, Styopka bu haqida gapirish u yoqda tursin, o‘ylashni ham istamadi.
Biz horib, oyog‘imizni arang sudrab borardik. Qorong‘i tushganda do‘stim qopni yerga tashlab, shu yerda tunashimizni aytdi. Gulxan yoqish uchun xas-cho‘p yig‘dik. Olov yoqishga Styopka qopdan lupani oldi. Lupa qizishi uchun quyosh kerak. Quyosh esa allaqachon botgan. Hafsalamiz pir bo‘lib istamaygina ovqatlandik. Keyin Styopka tantanavor qiyofada oyog‘ini oldinga cho‘zib yotdi. Ertaga qayerga yurishimiz kerakligi aniq bo‘lishini ta’kidlab qo‘ydi-da, xurrak otib uxlab qoldi. Lelya ikkimiz ko‘chada hech uxlamaganimiz uchun ko‘zimizga uyqu kelmasdi. Bizni qorong‘i o‘rmon, daraxtlarning shovqini qo‘rqitardi. Tepamizdagi daraxtning quruq shoxini ilon deb o‘ylagan Lelya qo‘rquvdan dodlab yubordi. Men esa daraxtdan tushgan g‘uddadan qo‘rqib koptokday sakrab tushdim. Qachon ko‘zim uyquga ketganini bilmayman-u, yelkamdan sekingina Lelyaning turtishidan ko‘zimni ochdim. Tong endi oqarayotgan, quyosh hali chiqmagandi.
– Minka, hali Styopka uxlayapti. Kel, uning oyog‘ini boshqa tomonga burib qo‘yamiz. Bo‘lmasa u bizni odam oyog‘i yetmagan joylarga olib boradi, – dedi pichirlab.
Bu paytda Styopka uyqusirab kimlarnidir yordamga chaqirardi. Balki tushiga hindular kirgandir. Nima bo‘lsa ham tezroq ortga qaytish uchun opam ikkimiz uning oyog‘ini bir zumda boshqa tomonga o‘girib qo‘ydik.
Styopka quyosh chiqishi bilan uyqudan uyg‘ondi-da, oyoqlarini silab qo‘ydi.
– Yaxshiyam duch kelgan tomonga oyoq uzatib yotmadim. Endi qaysi tomonga yurishimiz aniq. Yo‘ldan adashmaymiz, – deya qo‘li bilan kecha kelgan yo‘limizni ko‘rsatdi. Ozgina tamaddi qilib yana yo‘lga tushdik. Yo‘l tanish edi. Bundan Styopkaning og‘zi ochilib qoldi. Shunda ham u:
– Axir, yer yumaloq-ku, shuning uchun hamma narsa qaytariladi-da, – deb o‘zini tinchlantirdi.
Orqadan aravaning g‘iyqillagan ovozini eshitib Styopka xayoliga kelgan fikrdan quvonib ketdi.
– Sayohatimizni tezlatish va yer sharini tezroq aylanishimiz uchun aravaga chiqsak yomon bo‘lmasdi-da, – dedi. Uning taklifidan keyin biz notanish amakidan iltimos qilgandik, rozi bo‘ldi.
Aravada charchoqlarimiz biroz yozilib atrofni tomosha qilib ketarkanmiz, oldimizdan qadrdon qishlog‘imiz Peski chiqib qolsa bo‘ladimi?!
Do‘stimga qarasam, ko‘zlariga ishonmaganidan hayratlanib atrofga qaradi:
– Tavba, bizning qishlog‘imizga quyib qo‘ygandek o‘xshaydi-ya! Mayli, sayohatda bunaqa voqealar ko‘p uchraganini o‘qiganman, – dedi-yu, daryo bo‘yiga kelgach, hayrati yanada oshdi. Aravadan tushganimizdan keyin qishlog‘imizdagi kemalar to‘xtash joyini ko‘rib, Styopka sekin pichirladi:
– Nahotki, biz yer sharini aylanib chiqdik?!
Uning ahvolidan opam ikkimiz kulib yubordik. Shu payt qirg‘oqqa kema to‘xtab undan buvim, otam, onam va enaga tushdi. Ularni ko‘rib yig‘lab yuborganimni sezmay qoldim.
– Kecha kelmaganingizga sizlarni cho‘kib ketdi, deb o‘ylab qo‘rqib ketdik, – yig‘lab yubordi buvim. Bu gapdan keyin ularni xavotirga solganimiz uchun biroz xijolat bo‘ldim.
– Biz yer sharini aylanish uchun sayohatga chiqqan edik, – Lelyaning gapidan onamning jahli chiqdi.
– Geografiyani bilmasdan, karra jadvalini yaxshilab o‘rganmasdan, qanday qilib sayohatga chiqish mumkin-a?
Faqat geografiya, karra jadvalni bilishning o‘zi kamlik qiladi. Bunday safarga chiqish uchun oliy ma’lumotli bo‘lish bilan birga kosmografiyani ham bilish shart. Bularni o‘rganmasdan sayohatga chiqqanlarning taqdiri ayanchli fojia bilan tugaydi, – dedi buvim.
Uyga kelib ovqatlanib bo‘lgach, ota-onamiz sayohatimiz haqidagi hikoyamizni goh kulib, goh xavotir bilan tinglashdi. Styopkaga kelsak, ertasi kuni hech narsa bo‘lmagandek o‘ynab ketdik. Faqat itimiz Tuzik charchaganidan ikki kun uxladi.
Ruschadan Barno LUTFULLAYEVA tarjimasi