Polapon
Ayni peshin payti. Quyosh olov purkaydi. Anhorda cho‘milayotgan bolalarni aytmasa, yoshi kattalar salqin joylarni egallashgan. Samoda qushlar ko‘rinmaydi, Hayvon-u hasharotlar ham salqin, namchil yerdan panoh topishgan...
Yozning jazirama kunlarida buvim meni nigohlaridan qochirmaydilar.
– Issiqda yurma, oftob urib qo‘ymasin, bolam... Tag‘in sovuq suv ichib qo‘yma, tomog‘ing og‘rimasin... deganlari degan. Bu gaplar qulog‘imga o‘rnashib qolgan.
Akalarimga mazza! Hozir anhorga ketishgan. Men qachon katta bo‘larkanman-a?! Buvim menga qachon ishonarkinlar?!
Buvim. O‘zimning buvijonim.
Bugun ham tushlik ovqatni yedirib, ichkaridagi salqingina xonaga olib kirdilar. Men shu yerda uxlasam, ko‘ngillari joyiga tusharmish! Ko‘zimni yumib yotsam-da, negadir uyqum kelmadi. Qarasam, buvim meni uxladi, deb o‘yladilar, shekilli, yengil xurrak ota boshladilar. Ammo buvim juda ziyrak uxlaydilar. Men nafasimni ichimga yutib, sekin o‘rnimdan turdim. Oyoq uchida yurib xonadan chiqdim.
Endi bog‘imizdagi daraxtlarning soyasida sinfdoshim Dilshod bilan topishmoq va tez aytish o‘ynaymiz. U juda ko‘p kitob o‘qiydi. Dadasi, katta bo‘lsang, olim bo‘lasan, deganmish. Eh-he! Ularning oilasida hamma kitobga qiziqadi. Shuning uchun kitoblari ko‘p – rangli, suratli, yupqa va qalin kitoblar...
Dilshodni chaqirish uchun ularning hovlisiga o‘tayotsam, sersoya olcha daraxti tepasidan endigina uchirma bo‘layotgan palapon pir etib issiqda qovjirab qolgan maysalar ustiga tushdi. U inidan tushib ketganini sezdi shekilli, daraxt tepasiga tikilgancha iniga talpinardi. Ammo qanchalik harakat qilmasin, joyidan siljiyolmasdi. Shu payt xayolimga bir fikr keldi. Shoshilgancha qo‘shni hovliga o‘tib Dilshodni chaqirdim. Xayriyat, u ham uxlamagan ekan, darrov chiqdi.
– Yur, o‘ynab kelamiz.
– Shu issiqda-ya!
– Yursang-chi, senga bir nima ko‘rsataman...
Dilshodga gapim qiziq tuyuldi shekilli, “hozir” degancha, ichkariga kirib boshiga eskiroq do‘ppisini bostirib chiqdi.
– Ketdik. Nima ekan, u?
Uning yangilikni bilish uchun qistalang qilishidan men g‘ururlana boshladim.
– Shoshilma, hozir ko‘rasan...
Birpasda daraxt ostiga keldik. Palapon hamon harakatda edi. Uni avaylabgina kaftimga oldim.
– Buni nima qilasan?
– Seni qara-yu, – dedim Dilshodning hayron bo‘lib turganini ko‘rib, – shuni ham bilmaysanmi? Buni boqib olsak, dakang xo‘rozimga o‘xshab katta bo‘lib ketadi.
Dilshod biroz o‘yga tolgach:
– To‘g‘ri aytasan, buni qayerda boqamiz? – deb palaponga tikilib qoldi.
– Hozir boplaymiz. Sen buni ushlab tur, – deb palaponni Dilshodning kaftiga qo‘ydim, – men g‘irr etib, joy hozirlab kelaman...
Omborxonaga kirsam, eski-tuski narsalar qalashib yotibdi. Yaxshiroq razm soldim. Burchakda bedananing qafasi turibdi. Quvonchdan qichqirvoray dedim. Lekin qichqirmadim. Iljaygancha palapon tomonga yugurdim. Qafasni ko‘rib Dilshodning ko‘zi kosasidan chiqqudek bo‘ldi.
Qushchani qafasga soldik. Dilshod uyidan don olib chiqdi. Qushcha atrofiga sepilgan donlarga parvo ham qilmadi.
– Nega donni cho‘qilamayapti? – dedi Dilshod bezovtaligini yashirolmay.
– Yana nimadir o‘ylab topish kerak, – dedim go‘yoki ko‘p narsa biladigan kishilardek.
– Bir kuni palaponiga ona chumchuq og‘zidagi donni berganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, – dedi Dilshod xuddi katta bir yangilikni aytayotgandek.
– Biz ham shunday qilsak bo‘lardi. Sen uning og‘zini ochib tur, men donni bitta-bittalab og‘ziga solaman.
Bu fikr ikkalamizga ham ma’qul bo‘ldi. Palaponni Dilshod aytgandek bir amallab ovqatlantirdik. Og‘ziga yarim piyoladan ko‘proq suv quydik.
Qilgan ishimizdan ko‘nglimiz to‘lib, daraxt soyasiga borib o‘tirdik.
– Men senga bir topishmoq aytaman, – deb qoldi Dilshod.
– Xo‘sh, qani, ayt-chi.
– Qavat-qavat to‘ni bor, yetti qavat uyi bor.
Qancha o‘ylamayin topishmoqning javobini topa olmadim. Ammo bo‘sh kelmadim.
– Buning javobini kattalar ham topolmaydi...
– Kerak bo‘lsa, bu topishmoqning javobi oson. Buni hamma biladi. Xo‘sh, topmadingmi?
Noiloj “yo‘q” ishorasida boshimni qimirlatdim.
– Buning javobi karam, bilib qo‘y.
– Ha, mayli, yutqazdim. Yur, qushchadan xabar olaylik.
Qafasga yaqinlashdik. Ne ko‘z bilan ko‘raylik-ki, palapon qimir etmay yotibdi. Qafasni ochib unga sekin qo‘limni tekkizdim. Ushlasam... qotib qolgan. Bo‘g‘zimga nimadir tiqildi. Jon holatda Dilshodga tikildim. Uning ko‘zlarida jiqqa yosh.
– Ayb o‘zimizda bo‘lsa-yu, tag‘in nega yig‘laysan?
– Qara, – deb daraxt tepasiga ishora qildi Dilshod.
Ona chumchuq o‘zini qo‘yarga joy topolmasdan bezovta chirqillar, pastga qarab palaponini izlardi...
Dilshod ikkalamiz yig‘lab yubordik.
Axir, bizlar chumchuqchaga ko‘proq don bersak, tezda katta bo‘ladi, deb o‘ylagandik-ku!
Zikrilla MAMATOV,
O‘zMU qoshidagi 2-akademik litsey o‘quvchisi