Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Do‘stning o‘rni

Solihning qadrdon sinfdosh do‘sti Asadbek boshqa maktabga o‘tib ketdi. Faqat Asadbek bilan o‘ynab, faqat u bilan dars tayyorlab yurgan Solih bundan ancha dovdirab qoldi. Keyin partadoshi Kozim bilan o‘rtoq bo‘lishga qaror qildi. Kozim sinfdagi eng to‘polonchi, dangasa o‘quvchi edi. Avvaliga o‘rtoqlari, balki bu yaxshilikkadir, endi Kozim ham yaxshi o‘quvchiga aylanar, deb o‘ylashdi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay buning aksi bo‘ldi. Solih darslardan ketib qoladigan, o‘qituvchilarni ham aldaydigan odat chiqardi. Sinfdoshlari uni bir necha marta tartibga chaqirishdi, biroq foydasi sezilmadi. Solih kundan-kunga Kozimning ta’siriga tushib borayotganidan tashvishlangan bolalar bu haqida sinf rahbariga xabar berishdi.

Sinf rahbari darsdan so‘ng Solihni olib qoldi.

– Kozim bilan do‘stlashganing yaxshi. Biroq sen unga emas, u senga ergashsin. Uning ota-onasi xorijda. Buvisi Kozimning tarbiyasi bilan yaxshi shug‘ullanolmayapti. Agar chindan Kozimga do‘st bo‘lsang, uni to‘g‘ri yo‘lga solishda bizga ko‘maklash. Darslarni birga tayyorla. Maktabga doim birga kelib ket. O‘zingdagi yaxshi odatlarni o‘rgat. Shunda chinakam do‘st bo‘lasan, – dedi. – Esingdami, Asadbekning senga ko‘rsatgan yordami? O‘sha paytlarda sen maktabning eng faol, a’lochi o‘quvchisiga aylanganding. Nahotki, do‘stingning mehnatlarini shamolga uchirsang, Asadbek eshitsa xafa bo‘lmaydimi?

– Ustozning gaplaridan Solih g‘alati bo‘lib ketdi. Xuddi nafaqat do‘sti Asadbekka, balki o‘ziga xiyonat qilgandek xijolat tortdi.

– Kechiring, ustoz, – deyoldi xolos qip-qizarib.

Ertasi kuni Solih kutubxonadan Sherlok Xolms haqidagi kitobni olib keldi. Keyin katta tanaffusda Kozim bilan sinfda yolg‘iz qoldi-da, kitobni o‘qishga kirishdi. Avvaliga ensasi qotib, noiloj o‘tirgan Kozim voqealar rivojlangan sari kitobni berilib tinglay boshladi. Xuddi shu payt Solih kitobni yopdi.

– Nega to‘xtading, o‘qi, ko‘raylik-chi, Baskervillning itini taqdiri nima bo‘larkin?

– Charchadim. Men voqea nima bilan tugashini bilaman. Qiziqayotgan bo‘lsang, kitobni o‘zing o‘qi. Hali kitobda undan ham qiziq sarguzashtlar bor. Men uni kutubxonaga topshiraman.

Shu choq kirish qo‘ng‘irog‘i chalindi. Dars bo‘yi Kozimning xayoli kitobda bo‘ldi. Keyingi tanaffusda boshqa bolalardan voqea nima bilan tugashini so‘radi.

– Bilmaymiz, hozir Solih kitobni topshiradi. Istasang, kutubxonaga borib kitobni ol, – deyishdi maslahatlashib olgandek. Noiloj qolgan Kozim darsdan so‘ng kutubxonaga kirib kitobni oldi. Oradan bir hafta o‘tib u Solihdan, yana qaysi kitobni o‘qisam ekan, deb maslahat so‘radi. Shu tariqa Kozim kompyuterdan ancha yiroqlashdi. Darsga har kuni keladigan bo‘ldi. Yurish turishda esa kundan-kun Solihga o‘xshab bordi.

– Badiiy kitoblar qiziq ekan, – dedi u Solihga, – o‘qigan sari mazza qilyapman.

– Kitoblarning barchasi qiziq – tarix, geografiya, botanika. Agar ularni tushunishga qiynalsang, biz yordam beramiz, – dedi Solih.

– Shunda men ham yaxshi o‘quvchi bo‘lamanmi?

– Nafaqat yaxshi o‘quvchi yaxshi bola, yaxshi nabira bo‘lasan, – dedi Solih jilmayib. – Chunki kitob yaxshi ustoz.

– Sen esa yaxshi do‘stsan, – buvim shunday dedilar, – Solihning kiftiga qo‘lini qo‘ydi Kozim. Solihning ko‘zlari porlab ketdi.

 

Otabek Ortiqov,

Toshkent shahridagi 169-maktab o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.