Onasi nima derdi
Lyubov Voronkova
Grinka bilan Fedya shovul tergani adirga yo‘l olishdi. Vanya ham ular bilan birga ketdi.
– Mayli boraqol, – dedi buvisi. – Ko‘proq shovul olib kelsangiz, sho‘rva qilib beraman.
Hali o‘ti o‘rilmagan dala nihoyatda chiroyli edi. Hammayoq qizil, oq, havorang, sariq gullar bilan qoplangan.
Bolalar gullarga mahliyo bo‘lgancha yugurib ketishdi.
Birdan Fedya:
– Bu yerda negadir asalari ko‘p ekan! – deb qoldi.
– Ha, negadir juda ko‘p, tinmay g‘uvillashyapti, – dedi Vanya ham.
– Bolalar, orqaga qaytdik. Biz ari uyasiga kelib qolibmiz, – dedi Grinka.
Bu yerda akatsiya va lipa gullari qiyg‘os ochilgan edi.
– Arilarga tegmay jimgina ketaylik. Bo‘lmasa ularning jahli chiqib, chaqib tashlaydi, – dedi Fedya.
Bolalar sekingina ari galasidan uzoqlashishdi. Ular asta qadam tashlar, qo‘llarini ham qimirlatmasdilar, chunki arilarning jahlini chiqarishdan qo‘rqishardi.
Shu payt orqa tomondan kimningdir yig‘lagan ovozi eshitildi. Bu asalarichining kichkina o‘g‘li Vasenka edi.
Kichkintoy asalari qutisi ustiga chiqib olgan va ular bolakayni tinmay chaqardi.
– Bolalar, – qichqirdi Vanya, – Vasenkani ari talayapti, uni qutqarish kerak!
– Nima, endi biz ari uyasiga boramizmi? – ko‘nmadi Grinka. – Bizlarni ham talaydi-ku.
– Otasini chaqirish kerak, – dedi Fedya, – ularning uyiga yaqin qoldi, aytib ketamiz.
Fedya bilan Grinka yo‘lda davom etishdi. Vanya esa orqasiga qaytib ari uyalari tomon yurdi.
Ariga talanayotgan Vasenkani qo‘lidan ushlab qutidan tushirdi. Tez-tez yurgancha bolakayni uyiga olib borib qo‘ydi. Uning onasi hovlida kutib oldi.
– Quloqsiz bola, nega ari uyasiga bording? Qara, qanday chaqib tashlaganini! – u Vanyaga yuzlanib qichqirib yubordi:
– Voy, Vanya, Vasenkaning kasriga arilar seni ham rosa talabdi-ku!
– Hechqisi yo‘q, – dedi Vanya ortiga qaytarkan.
Uyga yetib kelguncha peshonasi, qovoqlari shishib ketdi, hatto ko‘zlari yumilib qoldi.
– Voy, o‘lmasam! – dedi buvisi. – Seni kim bu ahvolga soldi?
– Arilar, – javob berdi Vanya.
– Nega ular Grinka bilan Fedyaga tegishmadi?
– Chunki ular qochib ketishdi-da, – dedi Vanya, – hechqisi yo‘q, og‘riq tezda o‘tib ketadi.
Tushlikka uyga kelgan otasi Vanyaning ahvolini ko‘rib nima bo‘lganini so‘radi.
– Bizning qahramon Vanya arilardan Vasenkani qutqarib olibdi. Fedya bilan Grinka esa qochib ketishibdi, – dedi buvisi, – Vanyaning ahvolini onasi ko‘rsa, nima derkin?
Vanya yumilib ketgan ko‘zlari bilan otasiga qarab uning javobini kutardi. Otasi Vanyaning yelkasiga qoqib:
– Nima ham derdi: barakalla, o‘g‘lim! Juda to‘g‘ri qilibsan! – deydi-da.
Ruschadan Barno Lutfullayeva tarjimasi