Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tabiat sabog‘i

Yoz kelib qir-adirlardagi maysalar quyosh-ning qaynoq taftidan sariq tusga kira boshlagan. Kunlar isib soylardagi toshlar qizigan. Mana, bir soatdan ortiq vaqt bo‘ldiki, tog‘lar bag‘ridagi ilon iziday cho‘zilib ketgan chang yo‘ldan eski UAZ balandlikka o‘rmalab bormoqda. Haydovchi qotmadan kelgan, jingalaksoch, bo‘ydor, serharakat Bahodir ismli tog‘lik odam. U yo‘lovchilar zerikib qolmasin deb qiziq voqealardan so‘zlar, bu gaplardan birov kulsa, birov uyqu to‘la ko‘zlarini og‘rinibgina ochib qo‘yadi. Yo‘lovchilarning uch nafari shaharlik o‘smir yigitlar. Ular Boysun shahridan bir necha chaqirim uzoqlikdagi tevarak-atrofi baland tog‘lar bilan o‘ralgan Qayroq qishlog‘idagi qarindoshlarinikiga dam olish uchun kelishyapti.

– Mehmonmisizlar deyman, qayerdan kelyapsizlar? – deb so‘radi o‘smirlardan Mastura xola.

– Men Toshkentdan, mana bu polvon yigit Fazliddin – Denov shahridan, anavi qizil ko‘ylakli yigit Botirxon – Muzroboddan. Qayroqdagi Sayida opaning jiyanlarimiz. Ular menga amma, bularga esa xola bo‘ladilar, – xuddi shu savolni anchadan buyon kutib turganday darhol javob berdi Ibrohim.

– Bu deyman, bolam, moshinang toshbaqadan ham sekin yuryapti-ku, sal tezroq haydasang bo‘lmaydimi, – dedi norozi ohangda Xolmat cho‘pon.

O‘zidan ham moshinasini ko‘proq yaxshi ko‘radigan haydovchiga bu so‘z yoqmadi, shekilli, g‘azabdan qizarib ketdi va:

– Otaxon, ataylab sekin haydayotganim yo‘q-ku, ko‘ryapsiz – yo‘llar nosoz. Bundan ortiq tez haydab bo‘lmaydi-da, – deya to‘ng‘illab qo‘ydi.

Oraga sukunat cho‘kdi. Yo‘lovchilar moshina oynasidan atrofni tomosha qilishga tutindi. UAZ Archamozordan o‘tib Zovboshiga yaqinlashganda archalar orasidan chiroyli qush xonishi eshitildi. “Kar-kara-kara-kar” deb sayrayotgan kaklikning ovozi oradagi sukunatni buzdi. Hammaning kayfiyati ko‘tarildi.

– Endi bu kaklik deganlari ajoyib qush-da, ulim, – deya gap boshladi haydovchi jonlanib. Sal bukchayib, so‘zlashda davom etdi: – Bu qush bir tuxum qo‘ysa, yigirmatacha qo‘yadi. U, asosan, o‘tlar, toshlar, maysalar orasida in quradi. Jo‘jasi yigirma kunda tuxumdan chiqadi va ertasi kuniyoq onasiga ergashib yuradi. Juda hushyor, tez yuguradi, ammo uzoqqa ucholmaydi.

– Yo‘g‘-e, zo‘r-u! Bu qush haqida shuncha ma’lumotni qayerdan bilasiz? Yo ovga chiqib turasizmi? – qiziqib so‘radi Fazliddin.

– Otam Boysun tog‘larida eng kuchli merganlardan. Suyunchaliyev domla desa, hamma biladi, lekin hech qachon beozor jonivorlarni otmaydilar, – deb luqma tashlab qo‘ydi haydovchi.

– Nega? Bunda ham bir hikmat bormi? – endi savol navbati Botirxonga keldi.

– Men qushlarni va beozor jonivorlarni ovlamayman.

– Nega?

Haydovchi Ashur domla bir zum o‘ylandi, keyin xotirjam ohangda so‘zlay ketdi:

– Bu voqeaga ancha yillar bo‘ldi, lekin u xotiramda xuddi kechagidek barcha tafsilotlari bilan muhrlanib qolgan. Aprelning ilk kunlari. Yerlar ilib, qorlar eriy boshlagan. Men endigina mo‘ylovi sabza urgan o‘n olti yoshdagi yigitchaman. Muxtorxon eshonning to‘yida sharshara atrofida kakliklar ko‘paygani haqida gurunglashdik. Bu – ovga mehr qo‘ygan menday yigitga moyday yoqib ketdi. Ertasiga o‘zimga o‘xshagan jo‘ralarimni yig‘ib, kichkina Alachopon va Qayroq qishloqlari orasidan oqib o‘tgan soy boshidagi sharsharaga bordik. Sharshara qishloqdan o‘n sakkiz chaqirim uzoqlikda edi. Atrofda tik qoyalar o‘shshayib turardi. Shuning uchun ham soy yoqalab yurishga to‘g‘ri keldi. Biroq bahorgi yomg‘irlar mavsumida soy bo‘yidan yurish g‘oyat xavfli edi. Yomg‘ir selga aylanib, oqizib ketishi hech gap emasdi. Ko‘zida qo‘rquv yo‘q yigitlarni bu fikr yo‘ldan qaytara olmasdi. O‘y-xayolim kaklik bolalarini tutib, qafasga solish va shahardagi tanishlarimga mo‘maygina pulga sotish bilan band. Hamrohlarimga esa kaklik go‘shtidan qozon kabob shirinroq tuyulayotgandi.

Sharqiroq soyning narigi sohiliga o‘tish uchun toshdan-toshga sakrar edik. Men shosha-pisha birdaniga ikkinchi toshga sakradim. Kutilmaganda oyog‘im toyib, suvga yiqildim. Uning sovuqligidan butun badanim muzlab qoldi. Oshnalarimdan ancha orqada borayotganim bois yiqilganimni ko‘rishmadi. Bir-ikki sho‘ng‘ib qirg‘oqqa yaqin xarsang toshga tirmashib chiqib oldim. Ust-boshimni quritish uchun quyoshda toblanib yotib atrofga razm soldim. Birdan xayolimga o‘sha sharsharaga tog‘ orqali borsam-chi, degan fikr keldi. O‘rnimdan sakrab turdim-da, qoyalarga tirmashib chiqa boshladim. Yo‘l-yo‘lakay o‘zimga-o‘zim: “Eh, nodon, nega boshidayoq tog‘ orqali kelmadim-a”, der edim.

Soydan sakraganimda tog‘ anchagina past ko‘ringan edi, yuqorilaganim sari u ham osmonga qarab o‘sayotganday balandlashib borardi. Tog‘ning yarmiga chiqqanimda, yo‘l yanada qiyinlashdi. Tik qoyalarga osilib chiqishga to‘g‘ri keldi. Kech kirib, atrofni qorong‘ilik chulg‘ay boshlaganda yuragimga allaqanday qo‘rquv indi. Qoyalardagi keksa archalar bahaybat maxluqlarni eslatar, bu ham yetmaganday goh ayiq, goh bo‘ri izlariga duch kelardim. Shunda qo‘l-oyog‘im bo‘shashib hozir ro‘paramdan yirtqich chiqib qolsa nima qilaman, deb o‘ylardim. Yaxshiyam to‘lin oy atrofni yoritib, yuragimdagi qo‘rquvni bosishga yordam berardi.

Yarim tunda Devol tog‘ning baland nuqtasiga yetdim, bu yerdan tepaga umuman yo‘l yo‘q... Tog‘ cho‘qqisidagi 500-600 metrlik tik qoyaga faqat alpinistlar maxsus asbob-uskunalari bilan chiqishi mumkin. Menda esa, hatto oddiy arqon ham yo‘q. Men noiloj pastga qarab bir-ikki qadam yurgan edim ham-ki, oyog‘im shag‘alga sirpanib, 10-15 qadam nariga dumalab ketdim. Tamom bo‘ldim, deb o‘yladim. Ko‘zlarimni chirt yumib, qo‘llarim bilan ilingan narsani ushlab qolishga harakat qildim. Shunday bo‘ldi ham. Qo‘limga ilingan narsani mahkam ushladim. Ko‘zimni ochib qarasam, katta tikanni mahkam changallab olibman. Zovdan tushib ketishimga bir bahya qolgan ekan. Hayajonda qo‘limga kirgan tikan og‘rig‘ini ham sezmagan ekanman. O‘zim bilmagan holda qo‘rquvdanmi yoki yarim kun sarson bo‘lib yurganim alam qilganidanmi, bor ovozda baqirib yig‘lab yubordim. O‘zimni to‘xtatolmasdim. Birdan qulog‘imda onamning: “Bolam, jonivorlarga ozor berma, ayniqsa qushlarga. Ular beozor, qarg‘asa, yomon bo‘ladi”, degan gaplari yangrayotgandek bo‘ldi.

Qo‘llarimni ko‘kka cho‘zib: “E, Xudo, agar shu yerdan eson-omon qutulib ketsam, hech qachon qushlarga ozor bermayman”, deya nola qildim. Ich-ichimdan kimdir, endi tamomsan, shu toshlar orasida qolib ketasan, o‘laksaxo‘r qushlarga yem bo‘lasan, deganday bo‘lardi. Umidsizlikka tushib o‘rnimdan turishga holim qolmadi. Hayotim davomida qilgan yaxshi-yomon ishlarim ko‘z oldimda kino tasmasidek aylanardi. Shu payt qayerdandir kaklik sayragani eshitildi. Sergak tortdim. Ovoz kelayotgan tarafga qarab asta yurdim. Mendan o‘ttiz metrlar chaproqda katta tosh bor edi. Qushning ovozi shu xarsang ortidan kelayotgandi. Tosh atrofini aylanib o‘tdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, 5-6 qadam naridagi oy yorug‘ida yaltirayotgan ilon izi yo‘ldan ona kaklik bir nechta palaponlarini ergashtirib borardi. Ko‘zlarim chaqnab ketdi. Najot yo‘lini aynan kaklik sayrog‘i orqali topganligim menga juda qattiq ta’sir qildi. Qarang, men bu yerlarga shu qushni ovlayman, bolalarini asir qilib, qafasga tiqaman, deb kelsam-u, ular qutulib ketishim uchun menga yo‘l ko‘rsatib tursa... Yo‘ldan yurib emas, yugurib tog‘ tepasiga chiqib oldim.

Oydin tunda tog‘ tepasidan pastga – qishlog‘imizga qarab borar ekanman, “Ona tabiatning menga bergan bugungi sabog‘ini hech qachon unutmayman – aslo beozor jonzotlarni ovlamayman”, deya o‘z-o‘zimga so‘z berdim...” – dedi domla hammaga bir-bir ko‘z tashlab.

Ashur domlaning bu hikoyasidan hamma chuqur o‘yga toldi. Mashina qishloqqa yetib kelganida quyosh tog‘lar orasiga bota boshlagan, atrofni qorong‘ilik chulg‘agandi. Uzoqdan esa kaklikning go‘zal xonishi eshitilardi...

 

Jamoliddin ABDULLAYEV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.