Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sirli kundalik

Men yozgi ta’tilni intiqib kutdim. Chunki oyijonim oromgohga yo‘llanma sovg‘a qilgandi. Allaqachon kerakli narsalarni tayyorlab, sevimli kitoblarimni joylashtirib qo‘ygandim-da. Nihoyat o‘sha kun keldi. Biz, barcha dam oluvchilar avtobuslarga chiqib joylashdik. Ro‘paramga kelib o‘tirgan qizlar bizning mahallamizdan ekan. Nargiza va Dildora, deb o‘zlarini tanishtirdi qizlar chiroyli jilmayib. Ular bilan tezda do‘stlashib oldim. Dildora juda ochiqko‘ngil, samimiy, Nargiza esa biroz tortinchoq, kamgap qiz ekan. U yo‘l bo‘yi kundalikka nimalarnidir yozish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Oromgohga yetib borishimiz bilan hammamiz xonalarimiz tomon yugurdik. Men va Dildora yonma-yon, Nargiza esa biroz teparoqqa joylashdi. Tog‘ bag‘ridagi so‘lim oromgohda mazza qilib dam olardik: cho‘milish, to‘garaklarga qatnashish jon-u dilimiz edi. Kitob o‘qishni juda yoqtirardim. Dildora esa rasm chizishga qiziqardi. Nargiza cho‘milishni xushlamasdi, ko‘proq tabiat qo‘ynida bo‘lishni xohlardi. Ta’tilni ana shunday maroqli o‘tkazayotgan kunlarimizning birida nima bo‘ldi-yu, Nargiza birdan “kundalik daftar”imni kim oldi?” deb yig‘lab yubordi. Aytishicha, kundaligida juda kerakli ma’lumotlar bor ekan. Shu payt eshik taqillab, qo‘shni guruhdagi Dilnoza kirdi-da, qo‘lidagi kundalikni uzatdi. Qarasak, Nargizaning “kundalik daftari”! Nargiza biroz avval ariq bo‘yida o‘tirganimizda bilmay unutib qoldirgan ekan. Topib olgan bola qarasa, daftarning yuziga bizning guruhimiz raqami yozilgan ekan. Nargiza xursand bo‘lib daftarni qo‘liga olib, bag‘riga bosdi.

– O‘zi daftaringda nimalar yozilgan, ko‘ray-chi, – qo‘l cho‘zdi Dildora.

– Yo‘q, yo‘q, mumkinmas, – Nargiza “kundalik”ni ushlagancha yugurib chiqib ketdi. Bu hammamizda shubha uyg‘otdi. “Balki, u bizni yomonlab yozayotgan bo‘lsa-chi!” – degan xayol tinch qo‘ymasdi.

Lekin Nargiza hech qachon biz bilan urushmas, faqat yaxshi gapirar, yordam kerak bo‘lsa, ko‘magini ayamasdi. Yaxshi ko‘rgan kitoblarini ham qizg‘anmay berib turardi.

Dildora bilan men bu sirli kundalikni qo‘lga kiritib, o‘qib ko‘rishga ahd qildik. Biroq ilojini topolmasdik. Chunki Nargiza uni har doim o‘zi bilan birga olib yurardi.

Oromgohning yopilish kuniga bag‘ishlangan tadbirda Nargiza qo‘shiq aytadigan bo‘ldi. Tashkilotchilar tayyorgarlik uchun uni chaqirib ketishdi. Bu biz uchun ayni muddao edi. Dildora ikkalamiz Nargizaning kundaligini olib, biz haqimizda yozilgan fikrlarini o‘qishga tutindik: “Men avtobusda o‘zim bilan tengdosh, yonimizdagi mahallada turadigan Madina va Dildora degan qizlar bilan tanishdim. Tortinchoq bo‘lganim bois dugona topa olarmikinman, degan xavotirda edim. Endi xavotirlarim barham topdi. Bu qizlar mehribonligi, har doim yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor ekanligi, ayniqsa, kitobga mehri balandligi bilan meni lol qoldirdi. Men ulardan samimiylikni, quvnoqlikni o‘rgandim. Tortinchoqlikdan qutuldim. Natijada, sahnaga chiqib qo‘shiq aytishga o‘zimda jur’at topdim. Qo‘shiq aytishni bir umr orzu qilardim, lekin tortinchoqligim uchun buni uddalay olmasdim. Hozir ancha hayajonlarim bosildi. Buning uchun dugonalarimdan minnatdorman. Bugungi ilk qo‘shig‘imni ularga bag‘ishlamoqchiman. Ta’til tugab uyga qaytganimizdan keyin ham ular bilan do‘st bo‘lib qolishni so‘ramoqchiman. Kelasi yil ham mazkur oromgohga shu dugonalarim bilan, albatta, dam olishga kelishga qaror qildim. Men bu oromgohdan juda minnatdorman...”

Biz o‘zimiz haqimizda bunday iliq, samimiy fikrlarni kutmaganimiz, do‘stimiz haqida noto‘g‘ri xayolga borganimiz uchun o‘z-o‘zimizdan uyalib ketdik. Hatto ko‘zimizga yosh keldi.

 

Husnobod SHOMIRZAYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.