Niginaning ta’tili
Nigina bu yil 8-sinfni tamomladi. U har yili yozda oromgohlarga borar edi, ammo bu yil dadasi ruxsat bermadi. To‘g‘risini aytganda, dadasidan avval buvisi istamadi. Qiz bola muhim hunarlardan birini egallashi kerak emish. Shu sababli u o‘zi uchun boshqa rejalar tuza boshladi.
Maktab kutubxonasidan olgan kitoblarini almashtirgani borgan edi, sog‘lomlashtirish oromgohidagi o‘quvchilarning asfaltga rasm chizish musobaqasi ustidan chiqdi. Ularning chizayotgan suratlarini kuzatar ekan, bilganicha tavsiyalar berdi. O‘qituvchisi ham shu yerda ekan, biroz ingliz tilida suhbatlashishdi. Niginaning ingliz tilida erkin so‘zlashishiga hamma bolalarning havasi keldi.
– Nigina, ertaga kelsang, sport musobaqasi o‘tkazamiz, menga yordamlashib yuborasan, – dedi maydoncha rahbari Munisa opa.
Ertasiga musobaqa juda yaxshi o‘tdi. Niginaga sog‘lomlashtirish maydonchasi bolalari juda yoqib qolgan edi.
– Nigina opa, siz hamma narsani bilasiz-a. Siz bo‘lmaganingizda shashkada yutqazgan bo‘lar edim, – dedi sochini o‘rib qo‘ygan qizlaridan biri.
U tabassum bilan “ha” ishorasini qildi, chunki unga “hamma narsani bilasiz-a” jumlasi juda yoqib ketgandi.
– Ingliz tilini qayerda buncha yaxshi o‘rgangansiz? – dedi bolalardan biri.
– Til o‘rganishga qiziqsangiz, eng avvalo, o‘zingiz uchun qulay yo‘l bilan lug‘at yodlashni o‘rganing. Qiyin so‘zlarni 3-4 marta qog‘ozga ko‘chiring. Qog‘ozga yozib xonangizning tez-tez ko‘z tushadigan joylariga yopishtirib qo‘ying. Shunda har ko‘rganingizda yodlashingiz kerakligi esingizga tushadi. Agar xotirangiz yaxshi bo‘lsa, yodlashga qiynalmaysizlar. Xotirani yaxshi qilish uchun oyijonim menga har kuni ertalab yong‘oq, mayiz berar edilar. Sizlar ham shunga odatlansangiz, xotirangiz mustahkam bo‘ladi, – deya yo‘l-yo‘riq berdi.
Ertasi kuni “Mohir qo‘llar” kuni ekan. Qizlar Niginaga juda bog‘lanib qolishdi. Nigina ham ularning maqtovlariga “erib” ketgandi. To‘garak rahbarining stolidagi qiyqim matolar hech narsaga yaramaydi, deb o‘ylagandi, o‘qituvchisi bir zumda undan yelpig‘ich tayyorlab berdi. Qizlar Niginadan tushunmaganlarini so‘rashdi, u esa yaxshi ilg‘ay olmaganidan qizlarga ko‘rsatib berolmadi. “Pazandalik saboqlari” mashg‘ulotida esa qo‘lini pichoqda kesib oldi, salati ham o‘zi o‘ylagandek chiroyli va mazali chiqmadi. “Hamma narsani biladigan opa” e’tibordan chiqayotgan edi.
U maktabdan xomush qaytdi. Shu paytgacha ularning uyidagi tikish-chatish ishlarini buvisi qilar, Nigina igna ushlashga erinardi. Buvisi unga qancha dashnom bersa ham, tikish emas, yaxshi o‘qish muhim deb o‘ylardi. Oshxonada kuymalanishni yoqtirmasdi.
Uyiga kirib ketar ekan, chevar qo‘shnisining hovlisidan qizlarning kulgisi eshitildi. Tanish ovoz unga sinfdoshini eslatdi. Beixtiyor darvozani ochib boshini suqdi.
– Kiraver, Nigina, – dedi uning ikkilanib turganini ko‘rgan Mohira opa. – Bular mening shogird qizlarim. Qiyqimlardan bog‘chaga qo‘g‘irchoq yasayotgandik.
U ichkari kirmoqchi bo‘ldi-yu, negadir, oyog‘i tortmadi. O‘zini qo‘lidan ish kelmaydigan, noshud sezardi. U ilk bor buvisining dashnomlari bejiz aytilmaganligini his qildi. Tuni bilan o‘yladi, ertalab uning qarori qat’iylashdi. Mohira opaga shogird tushishini eshitgan buvisining yuzi yorishdi.
Avvaliga ko‘nikish qiyin bo‘lsa-da, hammasiga chidadi, qo‘liga necha bor igna sanchib oldi. Andoza chizishda qancha qog‘ozlarni isrof qildi. Biroq yumshoqqina qo‘g‘irchog‘i tayyor bo‘lganida bu mashaqqatlari esidan chiqdi-ketdi. Chunki endi qo‘g‘irchoq yasab do‘stlariga sovg‘a qilishi mumkin.
Balki bu hunarini jurnalxonlarga o‘rgatar deb, unga taklifimni aytdim. “Hali shogird tushganimga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Kelgusi yil ta’tilgacha yaxshilab o‘rganib olsam, sog‘lomlashtirish maydonchasiga qatnayotgan o‘quvchi qizlarga ham o‘rgatmoqchiman. Chunki yuqoridagi sabab ko‘p narsani bilmasligimni his qildim. Ko‘pchilik oldida izza bo‘lish yomon ekan. Jurnalxonlar keraksiz matolar, turli tugmachalar, munchoqlar, aplikatsiyalarni yig‘ib turishsin” deb tayinladi.
Mana shunaqa gaplar. Kelgusi yil jurnalimizda Niginaning yordami bilan “Mohir qo‘llar” to‘garagi ochsak, ajab emas.
Hilola HAMDAMOVA