Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qutlov

Yaqin kunlarda o‘zbek bolalar adabiyotida katta bayram bo‘lishidan xabaringiz bormi?

Qanaqa bayram deysizmi? Hoshimjon Ro‘ziyevning bobosi, bolalarning katta yozuvchisi, hammamiz sevgan adib – O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev naq 85 yoshga to‘lyaptilar.

To‘yimga quruq bormay deb, To‘ybobo tinmay ijod qilyaptilar. Nashriyotlar ham ustozga to‘yona bo‘lsin, deb bu asarlarni chaqqonlik bilan nashrga tayyorlashyapti.

Bu borada uloqni “Cho‘lpon” nashriyoti olib ketdi. Xudoyberdi To‘xtaboyevning 3 jildli asarlarini eng birinchi bo‘lib bosmadan chiqardi.

Xudoyberdi bobo aytdiki, “bu qissa, hikoya, ertaklarni mehribon bobo-buvijonlar suyukli nabiralariga o‘qib bersinlar. So‘ngra suyukli nabiralar yonboshlab yotgan bobojonlariga o‘qib bersinlar. Bu kitoblar to xonadonlarga yetib borguncha Gulxanjon ulardagi ba’zi hikoyalarni sahifalarida chop etib, bolalarni qiziqtirib tursin”.

Bu taklifni Gulxanjon quvonch bilan qabul qildi. Chunki kitobdagi ba’zi hikoyalar X. To‘xtaboyev “Gulxan” jurnaliga bosh muharrirlik qilayotgan vaqtlarida yozilgan-da. Lekin kitobda yap-yangi hikoyalar ham anchagina. Bugun siz ana shu hikoyalardan ayrimlarini mazza qilib o‘qiysiz.

Biz ko‘p ming sonli jurnalxonlar nomidan ustoz yozuvchimizni qutlug‘ yoshlari bilan hammadan oldin tabriklayotganimizdan xursandmiz.

Xudoyberdi bobo, boshingiz toshdan, qalamingiz quyoshdan bo‘lsin. Undan yog‘ilayotgan hikmat nurlari mamlakatimizdagi barcha o‘quvchilarni yaxshi bola qilib tarbiyalayversin.

 

Tahririyat

 

Shoshqaloq

Shavkat loydan yasalgan uychasiga mushugini kirgizishga rosa urindi. Mushukcha bo‘lsa: “Men sig‘mayman uychangga”, degandek kirgisi kelmay, oyoq tirab turib oldi. Bir ozdan keyin u Shavkatning qo‘lidan qochdi. Oyoqlarini cho‘zib bir kerishdi-da, to‘g‘ri borib eshik tagidagi tuynukdan Komila xolaning hovlisi tomonga o‘tib yo‘qoldi. O‘sha teshikdan Shavkat ham kirdi.

– Ha, Shavkatvoy? – so‘radi hovli supurayotgan Komila xola.

Shavkat shoshib qoldi:

– Menmi...men...o‘zim shunday.

– Nega tiling tutiladi? Tag‘in kecha mening oshqovoqlarimni yumalatib ketgan sen bo‘lmagin...

– Yo‘q, men emas...

– Nega bo‘lmasa eshikdan kirmayapsan? Taqillatganingda ochardim-ku!

– Men... – Shavkat nima deyishni bilmay turganida, birdan ko‘zi o‘choqboshidagi to‘nkaga tushdi, – men sizga o‘tin yorib bergani chiqdim, – dedi jiddiy.

– A? Qani bo‘lmasa, yorib bera qolgin. O‘tinim ham tugay deb qolgandi, – Komila xola miyig‘ida kulib gapirdi. Shavkat Komila xolaning bunday deyishini kutmagan edi. Gapirishga gapirgandan keyin ishni ham qilishi kerak-da. Mayli, nima bo‘lsa bo‘lar. Shavkat boyagi joyga bordi. To‘nkaning yonginasida katta bolta yotibdi. O‘zi ham yomg‘irda qolgan ekanmi, zanglab ketgan ekan. Shavkat boltani ko‘taraman deb urinib, terlab ketdi. Biroq u to‘nka tagida qolganidan hech qimirlatib bo‘lmadi.

Bu orada Shavkat nima qilmoqchi bo‘lganini ham unutdi. U yon-veriga qaradi-da, to‘nkaning ustiga o‘tirib oldi. Mazza ekan! So‘ng oyoqlarini o‘ynatib ashula ayta boshladi:

– Nay, nay, na-nay...

– Ha, yorib bo‘ldingmi? – deb so‘radi Komila xola.

Shavkat nima deyishini bilmay qoldi. Aytmoqchi, u o‘tin yorib bermoqchi edi-da. Nega ham va’da qildi-a? U sir boy bermaslikka harakat qilib:

– O‘tinni-chi, keyin yorib beraman, – dedi. Biroq negadir o‘zi qizarib ketdi.

Ertasiga nima bo‘ldi-yu, Shavkatning mushugi yana kechagi teshikdan Komila xolaning hovlisiga kirib ketdi, Shavkat ham uni tutaman, deb o‘sha yoqqa chiqdi.

– Ha, Shavkat, tag‘in nimaga kelding? – so‘radi xola.

Shavkat kecha rosa ta’zirini yegani esiga tushdi.

– Mushugimni ushlagani kirdim, – dedi rostiga ko‘chib.

– Shunday degin, juda yaxshi... Qani buyoqqa kel-chi, ana endi katta yigit bo‘libsan, mana shunaqa to‘g‘ri gapirishga odatlan. Ol, mana buni yegin! – deb Komila xola unga qurut berdi.

Shu-shu bo‘ldi-yu, Shavkat sira yolg‘on gapirmaydigan bo‘ldi.

 

Qizg‘anchiq

Shirin-shakar mevalarga boy Katta Tagob qishlog‘ida Shavkatjon degan bir bola yashardi. U o‘zi esli-hushli, tirishqoqqina edi-yu, ammo qizg‘anchiq edi. O‘qishlari ham chakki emas, hatto ikki marta “5” baho ham oldi. Xullas, hammasi joyida edi-yu, lekin qizg‘anchiq-da!

O‘rtoqlaridan birontasi:

– Shavkatjon, daftaringdan bitta berib tur, – deb qolsa, Shavkatjon darrov qovog‘ini soladi-da:

– Bor-yo‘g‘i 20 ta daftarim qoldi, senga bersam, o‘zim nima qilaman! – deb darrov teskari o‘girilib oladi. Ertasiga orqa partada o‘tirgan do‘sti:

– Shavkat, bitta narsa so‘rasam maylimi? – deb qoladi.

– Nima ekan, avval ayt-chi... – deydi Shavkatjon qo‘rqib ketib.

– Ruchkam sinib qoldi, – deydi haligi do‘sti.

– Yo‘q, yo‘q! – deb do‘stining gapini bo‘ladi Shavkatjon. – O‘zi beshta ruchkam bor. Senga bersam ado bo‘lib qoladi.

Zarur bo‘lganda undan hech narsa olib bo‘lmaydi. Hatto, uyidan olib kelgan non-u mevalarni ham yashirib yeydi. Bir kuni bitta tuxum olib kelgan ekan, birovga ko‘rsatmasdan yeb ola qolay deb, butunicha yutib yuborgan, tiqilib qolib ko‘zlari olayib ketgan.

Shavkatjonning katta qora papkasi bor. Qo‘liga nima tushsa, o‘sha papkasiga joylab oladi-yu, qaytib birovga ko‘rsatmaydi. Sheriklari papkasini ochib, ichini bir ko‘rsak bo‘lardi, deb ko‘p urinishgan, lekin baribir ko‘risha olmagan. Men bir amallab, o‘ziga sezdirmay papkasini ochib ko‘rganman. Voy-bo‘, siyohi tugagan ruchkalar deysizmi, choynakning qopqog‘i, tasmaning taqasi, bog‘cha bolalari o‘ynaydigan qo‘g‘irchoqlar deysizmi, hamma-hammasi bor ekan-a!

Kunlardan bir kun Shavkatjonning ana shu antiqa papkasi suvga oqib ketdi, ha, oqib ketdi. Shavkatjonlar soyning narigi yuzida yashashardi. Soydan o‘tish uchun yog‘och qo‘yilgan. Qo‘llarini yozib dorbozlardek o‘ynab o‘taman, degan bir xayolda bordi-yu, papkasini beixtiyor tushirib yubordi... Yig‘laganicha sinfga kirib bordi.

– Nega yig‘laysan?! – so‘radi muallim.

– Papkam oqib ketdi, – deb battarroq ho‘ngrab yubordi Shavkatjon.

– Kap-katta yigit bitta papkaga ham yig‘larkanmi? – ko‘nglini ko‘tardi muallim.

– Axir unda daftarlarim bor edi, endi nimaga yozaman?

Muallim Shavkatjonni partasiga o‘tqizdi-da, sinfga murojaat qildi:

– Qani, bolalar, kimda ortiqcha daftar bor?

O‘ttiz ikki o‘quvchi baravar qo‘l ko‘tardi.

Shavkatjon yana yig‘ladi.

– Endi nega yig‘laysan? – so‘radi muallim.

– Axir... axir ruchkalarim ham oqib ketdi-da!

– Qani, bolalar, – so‘radi muallim, – kimda ortiqcha ruchka bor?

Yana o‘ttiz ikki qo‘l baravar ko‘tarildi. Shundan so‘ng desangiz, Shavkatjonning partasiga daftar-u ruchkadan tortib, rangli qalamgacha kelib tushaverdi...

Shavkatjon yig‘lashdan to‘xtab, kafti bilan ko‘z yoshlarini artib, parta ustidagi narsalarga tikilib qoldi. Bir nafas jim turdi-da, ho‘ngrab yig‘lab yubordi.

– Iya, tag‘in nega yig‘layapsan? – hayron bo‘ldi muallim...

– Endi...endi uyalganimdan yig‘layapman, – Shavkatjon qo‘llari bilan yuzini berkitib oldi, – uyalib ketyapman, – dedi u.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.