Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tog‘dagi hodisa

May oyining oxirlari. Chimzordagi o‘yindan qaytgan Jamshid chorpoyada o‘tirgan bobosini ko‘rib, bag‘riga otildi:

– Qalaysan, chirog‘im?

– Yaxshi.

Bola erkalanib bobosining pinjiga tiqildi. Cholning kiyimidan jiydaningmi, qalampirmunchoqningmi hidi kelardi. Bobosi uning boshini siladi:

– Seni sog‘indim.

– Men ham.

Faqat bobosigina uni yaxshi tushunadi.

– Meni toqqa olib chiqasanmi? – kulib so‘radi bobosi.

– Albatta-da.

– Bo‘lmasa, ertaga toqqa jo‘naymiz. Qo‘ylaringni ham olib ketamiz.

– Ertaga darsim bor-ku, – xavotirlandi bola.

– Tashvishlanma, o‘qituvchingdan o‘zim javob olaman.

Jamshidning sinf rahbari oldiniga rozi bo‘lmadi, lekin bobosi “tog‘da yiqilib, netib qolishi mumkinligini” aytgach, noiloj ko‘ndi.

Ertalab xurjunga non, tuz, choy va qovurilgan go‘sht olib, yo‘lga tushishdi. Onasi qayta-qayta bobosini ehtiyot qilishni Jamshidga tayinladi:

– Bobongga “cho‘pon sho‘rva” qilib bergin, choy esingdan chiqmasin.

Soat sakkizlarda chaylaga yetib kelishdi. Tog‘dagi bu boshpanani otasi, akasi uchovlashib qurishgandi. Zarur payti juda asqotayapti.

Ta’til paytlari Jamshid o‘rtoqlari bilan shu yerda yotib, qo‘y boqishardi. Chaylada har doim quruq o‘tin, gugurt, chovgum saqlanardi. Biron kishi yomg‘irda ivib qolsa, shu chaylada olov yoqib isinishi, ust-boshini quritib olishi mumkin.

Bobosining kelgani qanday yaxshi bo‘ldi. Chol unga xuddi o‘rtog‘iday muomala qiladi. Oldiniga ikkalasi anchagina dorivor giyoh, o‘tlar terishdi. Bobosi erinmay ildiz kovladi. Vaqt choshgohga yaqinlashgach, bobosi unga jilmayib qaradi-da:

– Endi ishingga boraver, – dedi.

Tushunarli. Tushlik tayyorlash kerak. Chaylaga kelgach, avval chovgumni o‘choqqa qo‘yib olov yoqdi. Suv qaynaguncha piyoz bilan non to‘g‘radi.

Onasi tog‘da kerak bo‘ladi, deb qo‘y yog‘iga go‘shtini qovurib, banka yoki sirli idishga solib qo‘yadi. “Cho‘pon sho‘rva” tayyorlashni u dadasidan o‘rgangan. Kosaga ana shu qovurilgan go‘shtdan uch-to‘rt bo‘lak solasiz, non to‘g‘raysiz, bir bosh piyozni parraklab, ustidan chovgumdagi qaynoq suvni quyasiz. Qarabsizki, besh daqiqada “cho‘pon sho‘rva” tayyor. Jamshid non va go‘shtning mazasi bir-biriga singsin, deb kosalarning ustidan toza mato yopdi. Keyin chovgumni yana olovga qo‘ydi. Endi choy qaynatish kerak. Bu ishlarni tugatib, dasturxon yozishi bilan bobosi kirib keldi. Jamshid uning qo‘liga suv quyib, sochiq uzatdi.

– “Cho‘pon sho‘rva” tayyorlabsan-da, – bobosining xursandligi sezilib turardi. – Oldin choy quy-chi. O‘tinda qaynagan suvning choyini shunday sog‘indimki...

Chol ko‘zlarini yumib, huzur qilib choy ho‘pladi. Ovqatlanib bo‘lishgach, bobosi fotiha o‘qidi. Keyin ikkalasi kechgacha, tog‘ atrofida, tepasida aylanishdi. Bobosi unga dorivor o‘tlarning xususiyatlari haqida erinmay tushuntirdi. Kiyik o‘ti, yovvoyi bodom, ravoch, tatran va yana bir qancha giyohlarning salomatlikka foydasi haqida so‘zlab berdi.

– Mana bu o‘simlikka e’tibor ber. Bu zaharli o‘t. Ba’zan qo‘ylar bilmasdan yeb qo‘yib, kasal bo‘lib qoladi. Endi mana bu giyohning ildizini eslab qol. Po‘sti qizil, ichi sarg‘ish. Uni chaynab, shimigan odamga zahar ta’sir qilmaydi. Huv anavi o‘tning shirasini yaraga surtilsa, tuzaladi. Bunisi esa ishtaha ochish xususiyatiga ega. Quritilib, dimlama qilib ichiladi.

– Voy-bo‘, tog‘imiz katta dorixona ekan-da.

– Dorixonalarda ham shu giyohlardan malham tayyorlashadi. Hali ham ko‘plarini bilmaymiz.

– Bularning hammasini qayerdan bilasiz, bobo? – hayrati oshdi Jamshidning.

– Ibn Sino bobomizning kitobini o‘qib, o‘rganganman, bolam. Bizga shuncha giyohlarni tuhfa qilgan tabiatni asrashimiz kerak. Oyog‘imiz ostida qancha shifobaxsh o‘simliklar bor-a. Ha, aytgancha, qo‘ylaringdan xabar oldingmi?

Jamshid ikki kun mazza qildi. U bobosiga nafi tegayotganidan xursand edi. Bobosi, o‘zi yiqqan giyohlarni alohida-alohida to‘rvachalarga soldi. Kechqurun uyga qaytishdi.

– Yana qachon kelasiz, bobojon? – erkalandi Jamshid.

– Kuzning o‘rtalariga kelaman.

Oradan ikki hafta o‘tdi. O‘quv yili ham oxirlab qoldi. Jamshid hovli o‘rtasidagi gilos daraxti tagida o‘tiribdi. Bir qo‘lida eski tesha, bir qo‘lida kaltaroq tayoq. Shu tayoqni yo‘nib, teshaga dasta qilmoqchi. Qo‘li ishda-yu, ikki ko‘zi devorga osig‘liq velosipedda. Nima qilib bo‘lsa ham, uni yurgizish kerak. Shu topda eshik g‘iyqillab ochilib, o‘rtog‘i Rustam ko‘rindi.

– Kel, jo‘ra, – yoyilib qo‘l tashladi Jamshid, – zap vaqtida kelding-da.

– Ha, nima gap? – qiziqsinib so‘radi o‘rtog‘i.

– Manavi “tulporni” sozlash kerak.

– Qani, bu yoqqa ol-chi, bir ko‘raylik.

Jamshid darrov devordagi velosipedni oldi. Biladi, jo‘rasi Rustam temir-tersak ustasi. Chor-atrofdagi jami bola “sevimli ulovini” unga ta’mirlatadi. Ikkalasi velosipedni ag‘darishib, pedalini aylantirishdi. Aylanadi-yu, tormozi ishlamayapti. Nimadir “taq-taq” qiladi.

– Ta-a-k, – kattalardek salmoqladi Rustam. – Orqa apparat ishlamayapti. Tormozing yo‘q. Aniq birovga oborib urasan.

– Otam ham shunday deyapti, – deyarli ming‘irlab gapirdi Jamshid.

– O‘ninchi va o‘n uchinchi kalit kerak?

– Bu kalitlar menda yo‘q, – xo‘rsindi Jamshid.

– Hozircha joyiga ilib qo‘y, men tog‘amdan kalitlarni so‘rab ko‘raman. Lekin baribir yangi apparat olishing kerag-ov.

Ikkalasi biroz gaplashib turgach, jo‘rasi ketdi.

Peshinga yaqin otasi keldi-da, to‘g‘ri ehtiyot qismlar turadigan qutini titkilay boshladi.

– O‘n yettinchi kalit bor edi. Kim oldi?

Akasi yelka qisdi. Keyin Jamshidga qaradi:

– Boya velosiped sozladinglarmi?

– Sozlay olmadik. Kerakli kalitlar menda yo‘q ekan.

– Kim bilan? – qiziqsindi otasi.

– Rustam jo‘ram bilan, – bamaylixotir javob berdi Jamshid.

– Hmm, – negadir labini tishladi otasi.

– Qo‘li qing‘ir uning, – bilag‘onlik qildi akasi. – Sen uni uyga olib kelasan.

– Olib kelganim yo‘q, o‘zi keldi. Keyin biz umuman kalit ishlatmadik.

– Otasi o‘g‘ri edi, lekin o‘g‘li unday emasdir, – o‘ylanib qoldi uy sohibi.

– E, bari bir go‘r-da, – achchiqlandi akasi. – Sekin yengiga solgan-u, chiqib ketgan. Sen bilib o‘tiribsanmi?

– O‘g‘ri emas u. Hech narsa olgani yo‘q, – dedi yig‘lagudek bo‘lib Jamshid. Akasi yana jahlini sochdi:

– Bo‘lmasa, o‘n yettinchi kalit qani?

Jamshid qo‘l siltadi-da, chiqib ketdi...

 

(Davomi bor)

 

Boborahmat MUHAMMADIYEV,

Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi 56-maktab o‘qituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.