Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Katta saboq

Mahallamizdagi bolalar Azamat akamni yaxshi ko‘rishadi. Shuning uchun ularni mahalla noziri etib tayinlanganini eshitib juda xursand bo‘lishdi. Azamat akam harbiyga ketishlaridan oldin va harbiy bilim yurtidan ta’tilga kelgan vaqtlarida ham bizga qiziq-qiziq voqealarni aytib berardi. Ayniqsa, o‘z boshidan o‘tkazgan bir voqea menga qattiq ta’sir qilgan. O‘shanda Azamat akam oliygohdan ta’tilga kelgandi. O‘qishimiz haqida surishtirdi. Ba’zi bolalarni har xil bahonalar qilib dars tayyorlamasligini eshitib xafa bo‘ldi. Keyin bir voqeani aytib berdi.

– Bolaligimning eng ajoyib va qiziqarli xotiralari buvimning qishlog‘i bilan bog‘liq, – hikoyasini boshladi Azamat akam bolalar qulayroq joylashib olishgach. – Qishloqqa ketish uchun ta’tilni orziqib kutardim. Chunki u yerda meni toza havo, baland tog‘lardan tashqari, erta tongdan to kechgacha do‘stlarim bilan davom etadigan turli o‘yinlar, buvijonimning tandirdan uzgan qaynoq kulchalari va boshqa ko‘plab ajoyib sarguzashtlar kutardi. O‘sha yili ham yozgi ta’tilga chiqiboq qishloqqa bordim. Buvim va Asror tog‘am meni ko‘rib sevinib ketishdi.

– Geroy, (tog‘am meni shunday deb erkalardi) ertaga seni dalaga olib boraman. O‘tgan yilgi qo‘zing hozir katta qo‘chqor bo‘lgan, – dedilar kulib.

– Albatta, boradi, toza havoda aylantirib kelasan, – qo‘shildilar buvim. Men rozi bo‘ldim. Kelganimni eshitib kechki payt qo‘shnimiz Sarvar chiqdi. U bilan allamahalgacha futbol o‘ynadik.

– Ertaga ertalab soyga boramizmi? – dedi u men bilan xayrlashayotib.

– Boramiz, – dedim-u, keyin o‘ylab qoldim. Axir tog‘amlarga, birga qirga boramiz, deb so‘z bergandim-ku. Shu zahoti miyamga, ertaga tog‘amga biron bahona qilarman, degan o‘y keldi. Ertalab tog‘amning, geroy, turmaysanmi, kun yoyilib ketdi-yu, – degan gaplaridan uyg‘ondim.

– Xo‘sh, bugungi rejalar qanday, dalaga boramizmi? – so‘radi tog‘am ichkaridan chiqishim bilan.

– Tog‘a, negadir boshim qattiq og‘riyapti, shamollab qoldim shekilli, – dedim tog‘amning ko‘zlariga qarolmay.

– Unda bugun uyda yotib dam ol, – dedilar tog‘am, – yoki doktor chaqiraymi?

– E, yo‘q tog‘a, biroz yotsam o‘tib ketadi, – dedim.

– Tog‘asi, xavotirlanma, o‘zim unga achchiqqina mastava qilib beraman, otday bo‘lib ketadi, – dedi buvim. Nonushtadan keyin tog‘am dalaga ketdilar, men ham ko‘chaga chiqib ketayotgandim, buvim to‘xtatdi:

– O‘g‘lim, yotib dam ol. Shamollashing kuchayib ketmasin, oying bilan dadangdan baloga qolmaylik tag‘in.

– Buvijon, men uzoqqa ketmayman, darvoza yonida bo‘laman, – dedim (chunki mehribon buvijonimning mayli deyishlarini bilardim).

– Ha, tinib-tinchimagan bola-ya, uzoq qolib ketma, – degancha qoldilar buvim. Bolalar bilan soyga yo‘l olar ekanman, buvim va tog‘amni aldaganim uchun yuragim allanechuk g‘ash edi. Ammo bu g‘ashlik soyga borib bir-ikki sho‘ng‘ishim bilan tarqab ketdi. Men suzish sport turi bilan shug‘ullanganim uchun (o‘sha yili suzish bo‘yicha tuman musobaqasida 1-o‘rinni olgandim) oqar suvda ham tez suza olardim. Soyning qirg‘og‘i yirik toshlar bilan qoplangan. Mazza qilib cho‘milgandan keyin biz shu toshlarda o‘tirib dam oldik, shunda xayolimga g‘alati fikr keldi.

– Hozir sizlarga zo‘r tomosha ko‘rsataman, – dedim-da xarsanglar uzra hatlab borib oxirgi toshning ustiga chiqdim va soyga sakradim. Shunda oyog‘im qattiq narsaga zarb bilan urildi va negadir tanam o‘zimga bo‘ysunmay qo‘ydi. Bolalarning, Azamat cho‘kyapti, degan ovozi tushimda bo‘layotgandek asta uzoqlashdi...

Achchiq hid dimog‘imga kirib ko‘zimni ochdim. Tepamda oyim turibdi. Birdan oyog‘imda dahshatli og‘riq turdi, yig‘lab yubordim.

– O‘g‘lim, yig‘lama, joning omon qoldi, – dedi oyim yig‘lamsirab.

– Nega endi yig‘larkan, geroy – o‘g‘il bola-ku, – dedilar tog‘am. Ma’lum bo‘lishicha o‘sha kuni, soyga sakraganimda oyog‘im toshga urilgan va ikki joyidan singan ekan. Men og‘riq ta’sirida hushimni yo‘qotganman. Yaxshiyamki o‘sha yerdan Avaz tog‘amning do‘stlari Bahrom aka o‘tib ketayotgan ekan, bolalarning chinqirig‘ini eshitib yordamga kelibdi va meni qutqarib qolibdi. Voqeadan xabar topgan dadam bilan oyim tezda qishloqqa yetib kelishibdi. Doktorlar oyog‘imni gips qilib qo‘yishdi va ikki oy qimirlatmasligimni qattiq uqtirishdi. O‘sha yilgi ta’tilda esimda qolgani sharqiroq soy-u, tog‘ning musaffo havosi emas, dori hidiga to‘lgan xonamning shifti bo‘ldi. Darvoqe, dadam, oyim bilan uyga qaytayotganimizda Asror tog‘am, “Geroy, hayotda boshingga qilich kelsa ham rost gapir. Har xil bahonalar bilan odamlarni ham, o‘zingni ham chalg‘itma. O‘shanda odamlarning hurmatiga sazovor bo‘lasan”, dedi. Bu gap menga bir umrlik saboq bo‘ldi. Shundan beri biron bir xato qilsam yoki vaziyat taqozo qilgan hollarda ham hech qachon bahona qilmayman. Aybimni tan olib, vaziyatni to‘g‘ri tushuntiraman, – deb hikoyalarini tugatdilar. Menimcha, ushbu ibratli voqea nafaqat menga balki, hikoyani tinglagan barcha bolalar uchun katta saboq bo‘lgan edi.

 

 

Barno LUTFULLAYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.