Eng yaxshi sovg‘a
Yaqinda Dilnozaning tug‘ilgan kuni. Dadasi odatda tug‘ilgan kunidan bir necha kun oldin Dilnozadan qanday sovg‘a xohlashini so‘raydi. Dadasining bu galgi savoliga Dilnoza:
– Rasmlari ko‘p ertak kitob, – dedi erkalanib.
– Qizalog‘im, sen kitob so‘rasang, kutubxona qurib berishim mumkin, faqat bu safar emas. Chunki tug‘ilgan kuningga hamkorlarim ham kelishadi. Ularning yonida senga kitob sovg‘a qilsam, ustimdan kulishmaydimi?
Mana bugun tug‘ilgan kuni. Oyisi, xolasi, ammasi dasturxonni turli noz-ne’matlar bilan bezatishdi. Kechki payt hovli mehmonlar bilan to‘ldi. Do‘stlari, qarindoshlari, dadasining tanishlari turli sovg‘alar keltirishdi. Dadasi tantanali ravishda qiziga eng yangi rusumdagi kompyuter hadya qildi. Dilnoza sovg‘ani olarkan, salgina jilmayib qo‘ydi. Hammaning yuzida tabassum. Bir payt hovlida oppoq soqolli, egniga oq yaktak, boshiga do‘ppi kiygan otaxon ko‘rindi. Dilnoza yugurib borib, bobosining quchog‘iga otildi. Salomlashib bo‘lgach, bobo nabirasini tabriklab bir dasta ertak kitob berdi. Dilnoza chapak chalib bobosini quchoqlab oldi. Uning shu “kichik sovg‘a”ga bu qadar quvonganidan hamma hayratda edi. Shunda bobosi sekingina:
– Xayriyat, sovg‘a nabiramga yoqdi. Demak, u aqlli qiz bo‘ladi. Kim bo‘lganda ham, umri uzoq bo‘lsin, – deb nabirasini o‘pib qo‘ydi.
Roziyaxon BAHODIRXONOVA,
Qo‘qon shahar 18-maktab 7-sinf o‘quvchisi