Hayvonot bog‘idagi hikoya
Sardor jonivorlarni juda yaxshi ko‘radi. Shuning uchun bobosi uni tez-tez hayvonot bog‘iga olib boradi.
– Bobojon, Toshkent hayvonot bog‘i dunyodagi eng zo‘r hayvonot bog‘i bo‘lsa kerak-a? – so‘raydi Sardor ulkan ilonlar, dengiz mushugi, bahaybat fil, yalqov ayiqni miriqib tomosha qilarkan. – Hatto maymunlar ham bor-a? Yana ularning meni masxara qilishini qarang. Bobo, o‘zi hayvonot bog‘i qachon paydo bo‘lgan? Hayvonot bog‘ini kim o‘ylab topgan?
– Kim o‘ylab topganini bilmadim-u, lekin dunyodagi g‘aroyib hayvonot bog‘laridan xabarim bor.
– Aytib bering.
Mahmud bobo ulkan eman daraxti soyasidagi o‘rindiqqa yaxshilab o‘tirib olgach, yoniga nabirasini chorladi: – Unda quloq sol. Dunyodagi eng qadimiy hayvonot bog‘i Avstriya imperatori Frans I farmoniga ko‘ra 1752-yili Venada barpo etilgan Shyonbrunn hayvonot bog‘idir.
Bog‘ hududida 700 turga yaqin hayvon yashaydi. Ular orasida Afrika fili va karkidondan tortib, Sibir ayig‘i va pandalarigacha uchraydi. Bog‘ni sayr qilayotgan tomoshabinda so‘lim xiyobonda dam olib, imperator pavilonida bir piyola qahva ichish imkoniyati bor. Boshqa hayvonot bog‘larida bo‘lmagan moviy qanotli, qordek oppoq tovus-albinos Shyonbrunn faxri.
Finlandiyaning Rovaniya shahridagi Ranua hayvonot bog‘i esa dunyo hayvonot bog‘lari ichida eng sovug‘i. U yerga borgan kishi o‘zini Arktikada yurganday his qiladi. Qalin qor qoplagan ignabargli bu o‘rmonga shimolda yashaydigan barcha jonivorlardan keltirilgan. Bog‘ning birinchi uch kilometriga o‘rmon so‘qmoqlari, ikkinchi qismiga esa taxta to‘shamalaridan yurib o‘tiladi.
Zavqli sayrni amalga oshirish uchun tomoshabinlar issiqroq kiyinib olishlari kerak. Axir Antarktida sovug‘iga dosh berishi osonmi?.. Qishki ta’tilda, yangi yil arafasida boqqa keluvchilar soni ortadi. Ular bog‘ni qorda yuradigan mini-mashinalar, bug‘u yoki itlar qo‘shilgan chana-aravalarda aylanishadi.
Dunyodagi eng boy hisoblangan Berlin hayvonot bog‘ida naq bir yarim ming jonivor yashaydi. Bog‘da gatteriya kaltakesagi, luson qush-karkidoni singari kamyob yoki yo‘qolib borayotgan hayvonlar parvarishlanadi. Uch qavatli akvariumdan joy olgan reptiliya, hasharotlar hamda baliqlarning ajoyib kolleksiyasini g‘aroyibotlar ishqibozlari mazza qilib tomosha qilishadi.
– Tushunarli, – dedi Sardor. – Siz bu ma’lumotlarni “Dunyo bo‘ylab” teleko‘rsatuvidan bilib olgansiz.
– Ehtimol, bunisi sir. Lekin hikoyam hali tugamadi. Endi uyga qaytamiz, – dedi Mahmud bobo.
– Demak, qolganini uyda aytib berasiz, – bobosiga ergashdi Sardor.
Husnobod SHOMIRZAYEVA tayyorladi.