Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Xo‘rozim

(hikoya)

 

Mening juda chiroyli xo‘rozim bor. Bo‘yni uzun. Bir quloch qanotini lop-lop qoqib: “qo‘-qari-qo‘-qu” deganida bo‘yni so‘roq belgisiga o‘xshab qiyshayib ketadi. Ovozi juda tiniq. Qichqirayotgan payti bo‘ynining rango-rang momiq patlari to‘lqin-to‘lqin bo‘lib tovlanadi. Biram chiroyli, biram chiroyli. Uning harakatlarini tomosha qilib o‘tiraman. Buni sezganday, qarshimda u yoqdan bu yoqqa kerilib yuradi. Takror-takror qichqirib, tuslanadi. Baquvvat, atlasday qanotini biroz yoyib, tovuqlarni oldiga solib, yurganida xuddi egniga jang sovutini keygan sipohlarga o‘xshaydi. Dumini aytmaysizmi, shokila-shokila, patlari top-toza. Aniq bilaman, bunaqa xo‘roz qo‘shnilarimizda yo‘q.

Ertalab maktabga ketayotganimda ularga makkajo‘xori aralashtirilgan bug‘doydan ikki kaft don beraman. “Rahmat”, deganday ortimdan “qo‘q-qo‘q”lab qoladi. Darsdan qaytishim bilan kitob-daftarimni xonamga qo‘yaman-u, tovuqxonaga bosh suqaman. Kutganimday, har kuni mushtumday-mushtumday ikki-uchta tuxum qo‘ygan bo‘lishadi. Ularni olaman-u tovuqlarimni hovliga qo‘yib yuboraman. Shunday paytlari xo‘rozim yayrab ketadi. “Qo‘-qari-qo‘-qu-u!” Tovuqlar uning atrofida parvona bo‘lishadi. Izmiga yurmaganlarini jazolamoqchi bo‘lganday o‘ng qanotini oyoqlari ostigacha kerib, boboqlarini shalpillatganicha, atrofida bir-ikki aylanib, cho‘qib ham oladi. Tojini aytmaysizmi, tojini, naq shohlarnikiday, taram-taram, qip-qizil.

Tuxumlardan ikkitasini, albatta, tovaga solib, o‘zim qovurib yeyman. Biram mazali, oppoq, yumshoqqina. Ayniqsa, saryog‘ga chala pishgan tuxum sarig‘ining ta’mi og‘zingizda qoladi – “Oh-oh-oh”.

Tuxum pishirishni oyijonimdan o‘rganganman. Siz ham oyingizdan so‘rab, o‘rganib oling. Bo‘lmasa, gaz pechini yoqaman, deb qo‘lingizni kuydirib olishingiz yo bo‘lmasa, biror ko‘ngilsiz hodisaga duchor bo‘lishingiz mumkin. Shu sabab kattalar bolalarning o‘t bilan o‘ynashiga ruxsat berishmaydi. Buni unutmang. Xullas, men tuxumlarni pishirib, qornimni to‘ydirib olgunimcha, xo‘roz bilan tovuqlarim hovlimizda mazza qilib aylanib yuradi. “Qoqo-qo-qo-qoq”, “Qoqo-qo-qo-qoq”. Bobojonimning aytishicha, bunday xo‘roz mahallamizda ham yo‘q emish.

Bobom meni yosh fermer, deb alqaydi. Yana beshta tovuq olib berarmish. Hammasi bo‘lib o‘n bitta bo‘ladi. Qiziq, yangi tovuqlarim bilan eskilari qanday do‘stlashar ekan? Juda qiziq. Men bobomning aytganlarini qilaman. Ular do‘stlashib ketishiga ishonaman. Ana, mahallamizga yangi ko‘chib kelgan Muzaffar, Aziz, Diyor, Nig‘mat, Zayniddin bilan qalin do‘st bo‘lib oldik-ku.

Urra, ikki kunda o‘n bitta tuxum. Bir oyda bir yuz oltmish beshta. E-hey, ukalarimga ham, o‘rtoqlarim kelsa, ularga ham yetadi. Saryog‘ga pishirilgan oppoq, yumshoq xonaki tuxumlarni kim xush ko‘rmaydi, deysiz.

Ba’zan tovuqxonaga kirib, bobog‘imni tutib olaman-da, tojlarini ushlab ko‘raman. Issiq. Uzun bo‘ynini silayman, yumshoq. Biram yoqimli. Ko‘zlari o‘tkir, tumshug‘i keskir. U ham menga qarab, “qo‘q-quq”lab turadi. Bu “Qalaysan, do‘stim, o‘qishlaring yaxshimi?” degani bo‘lsa kerak. Bobojonim goho meni ham o‘zimning xo‘rozim, deb yaxshi ko‘radi. Men kulaman. Bobojon, axir men odam bolasiman-ku, nega xo‘roz deysiz, desam, ular ham kuladi. Turishlaring xo‘rozingga o‘xshaydi, ko‘zlaring yonib turadi, deydilar. Baribir yoqimli. Xo‘rozimni qo‘yib yuborgim kelmaydi. Bunaqa xo‘roz dunyoda bo‘lmasa kerak. Uni hovliga chiqarib yubordim. Ana, orqasidan tovuqlar ham chopqillashdi. Xo‘rozim “ortimdan qolmanglar”, degandek qichqira boshladi: “Qo‘q-qari-qo‘!”

 

O‘ktam MIRZAYOR

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.