Toshbag‘ir
(hikoya)
Kuz kunlarining birida shaharning shovqin-suronli ko‘chalari, ko‘pqavatli uylari, dim havosidan zerikkan uch o‘rtoq atrofi o‘rmon bilan o‘ralgan Soyli qishlog‘idagi bir dehqon hovlisiga joylashishdi. Qishloqning fusunkor tabiati ularni o‘ziga maftun etgan edi.
Qishloq tog‘ yonbag‘rida joylashganligi bois, xushhavo, sersuv, ajib bir manzilgoh bo‘lib, oqqayin, archa, yovvoyi jiyda, do‘lana kabi daraxtlar juda ko‘p. Ayniqsa, oq qayinning tangaday mayda-mayda yaproqchalari, do‘lananing sap-sariq munchoqdek mevalari yiltillab, kishini maftun etar, tabiatning butun go‘zalligi qalbga ko‘chib, beixtiyor o‘tloqlar, zangori osmon rangiga singib, qorishib ketging keladi. Qushlarning sayrashi esa biram yoqimliki, biri qo‘yib, biri xonish qiladi...
Uch o‘rtoq kun bo‘yi tabiat qo‘ynida sayr etib, qosh qorayganda uyga qaytishdi. Jimgina, ishtaha bilan ovqatlanib, so‘ng karavotlariga cho‘zilib, derazadan yulduzli osmonni kuzatgancha pinakka ketishdi. Ular bu tundagidek miriqib uxlashganini eslasholmasdi. Yangi tong mehmonlarga yanada zavqli, orombaxsh va musaffo bo‘lib tuyuldi. Ular nonushtadan so‘ng yana sayrga oshiqishdi. Ravshan ismli yigit uyda qoldi. Uning qalbini muzdek havo va sokinlik elitdimi, karavotga cho‘zilgancha ko‘zi ilindi. Biror soatlar o‘tar-o‘tmas cho‘chib uyg‘ondi, xonaga g‘alati bir qush qamalib, o‘zini deraza oynasiga tinimsiz urardi...
...Hamrohlari xonaga kirib kelishganda, Ravshan o‘zida yo‘q xursand edi.
– Qaranglar, – dedi u sheriklariga, o‘zi ham nomini bilmaydigan qushni ko‘z-ko‘z qilib, – bir amallab ushlab oldim, shaharga olib ketaman.
Qushcha uning qo‘lidan chiqishga, parvoz qilishga intilar, kimdandir najot izlardi. Ikki hamroh qushchaning g‘oyatda go‘zalligiga zavqlanib boqishar, Ravshan esa beparvo, fikri qushni shaharga olib ketish bilan band.
– Ravshan, bu mitti jonivorni qo‘yib yubor, – dedi sheriklaridan biri iltimos ohangida. – Odatda bunday noyob qushchalar tutqunlikni yoqtirmaydi. Tutqunlik ular uchun o‘lim!
Ravshan qah-qah otib kuldi. Hamrohining gapini eshitmagandek:
– Qafasga solib, sayratib qo‘yamiz, – dedi xotirjam va qushning oyog‘iga ip solib, karavotiga bog‘lab qo‘ydi. Oraga allaqanday noxushlik tushdi. Uch o‘rtoq shu kecha bir-birini tanimagandek, hissiz, bee’tibor yotishdi...
Tong otganda ham dilga tushgan g‘ashlik, o‘rtadagi begonalik hissi ko‘tarilmagandi.
– Ravshan, tur o‘rningdan, odam ham shunaqa bo‘ladimi! – Zafarning qahrli ovozi yangradi.
– Nega baqirasan?! – Ravshan ko‘zini erinibgina ochib qaradi. Qushcha polda, qanotlarini yozgancha jonsiz yotardi...
Uch o‘rtoq birov quvlayotgandek zudlik bilan narsalarini yig‘ishtirishga tushdi. Shu payt xonaga uy sohibining o‘n bir yashar o‘g‘li Ozod choy ko‘tarib kirib, mehmonlar bilan so‘rashdi. Ularning yo‘lga shaylanganini ko‘rib, hayron bo‘ldi:
– Qishlog‘imiz sizlarga yoqmadimi? – dedi bolalarcha soddalik bilan.
Mehmonlar minnatdorchilik bildirishdi. Ammo dardlari ichlarida edi. Ular xonadan chiqib, bir necha qadam yurib-yurmay, ichkaridan Ozodning chinqirig‘i eshitildi. Bola qushchani hovuchida ushlagancha, ularga yaqinlasharkan, yig‘isi yanada zo‘raydi:
– Har kuni, har kuni derazamga kelardi. Men unga non berardim, gaplashardim. Nega o‘ladi?.. Nega?..
Ravshan gangib qolgan, uning nazarida butun qishloq yig‘layotgandek edi. U bu yerdan tezroq ketishga harakat qilar, lekin oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmasdi.
Ikkovlon oldinda, biri esa ancha ortda beun ketib borisharkan, bolaning ovozi quloqlari ostida yanada qattiqroq jaranglardi.
Jabbor RAZZOQOV