Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

G‘aroyib tush

(sarguzasht qissa)[1]

Mening ismim Jahongir. Bu yil yettinchi sinfni tugatdim. Yozgi ta’til boshlanishi bilan ota-onam meni qishloqqa, xolamlarnikiga olib ketishdi. Qishloq ajoyib ekan: paxsa-devor va uylar, qo‘y-sigir haydagan bolalar-u turfa daraxtlar. Ajoyib manzara. Qiziq, avvallari bu haqida hech o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Ya’ni odam xayol surib ketaversa hamma narsa haqida o‘ylab ko‘rishga imkon topar ekan. Qishloqqa kirib kelyapmiz-u, qandaydir boshqacha, musaffo havo sezilyapti. Go‘yoki tabiat meni o‘z bag‘riga olib erkalayotganday.

Xolam, pochcham xursand, ayniqsa, xolamning o‘g‘li Shodiyor meni ko‘rib shodligidan raqsga tushgudek sakragani – sakragan. U mendan ikki yosh katta, haqiqiy tog‘lik bola.

Barchamiz birvarakayiga hovliga kirdik. U yerda turli mevali daraxtlar ko‘p edi. Uzum, o‘rik, gilos daraxtlarining shoxlari tutashib ketgan qalin soya ostidagi so‘riga chiqdik.

– Yur, daryoga cho‘milgani boramiz, – deb qoldi Shodiyor shu tobda. – Kelganing yaxshi bo‘ldi, menga sherik bo‘lasan.

– Keyinroq borarsizlar, kun sal qaytsin, – deya oyim mening o‘rnimga javob berib qo‘ydi.

Shu bo‘ldi-yu, kattalarning gapi qizigandan-qizidi. Men Shodiyor bilan hovli etagiga tushib ketdim. Bog‘ oralab yurarkanmiz, pishmagan bo‘lsa ham shig‘il solgan olmadan uzib tishladim-da, yerda yotgan palakdan bodring, yana nima ko‘zimga ko‘rinsa hammasidan cho‘ntagimga tiqdim. Bog‘ning etagidagi devor yoniga kelganimizda Shodiyor:

– Devordan oshib daryoga boramiz, – deb qoldi. Men ham shuni kutib turgandim, devor ustida cho‘kkalab olgan Shodiyorga qo‘limni uzatdim.

Daryoning vajohatini har gal ko‘rganimda shoshib qolaman. Uni Oqdaryo deyishadi, negaligini bilmadim-u, lekin haqiqatdan ham uzoqdan oppoq bo‘lib ko‘rinadi. Juda tez, ko‘pirib, asabiy oqadi. Kimki suvga tushsa yutvorgudek shashti bor.

Shosha-pisha daryoga tushdim. Suv juda sovuq ekan, etim jimirlab ketdi.

– Bu daryoda cho‘milib bo‘lmaydi. Yur, yaxshisi Qoradaryoda cho‘milamiz, – dedi Shodiyor.

Daryo yoqalab o‘rmonga o‘xshash qalin daraxtzor oralab yurdik. Shodiyor menga, ko‘rib qo‘y, degandek atrofni maqtab ketdi:

– Shaharlaringda shunday manzaralar bormi? – so‘radi u.

– Ha, bor, – dedim bo‘sh kelmaslikka harakat qilib, – bundan zo‘r xiyobonlar bor. U yerda kattalar dam olishadi. Biz esa mazza qilib o‘ynaymiz.

– Unda hu-u tog‘lardek tog‘, adirlardek tepaliklar, bahorda ularni qip-qizil qilib turadigan lolaqizg‘aldoqlar, chopqillab yuradigan hayvonlar-u qushlar, yam-yashil archazorlar ham bormi? – u qo‘lini cho‘zib aylangancha uzoq-uzoqlarga ishora qildi.

– Archalar, hayvonlar bor, lekin hammasi o‘z bog‘ida, o‘rgatilgan... – dedim-u, mum tishlaganday jim bo‘lib qoldim. Ha, chindan ham bu yerlarning gashti boshqacha edi.

– Mana bunday daryolar-chi, – deb Shodiyor Qoradaryoga yugurdi. Men ham kiyimlarimni yechib xarsang tosh ustiga otdim-u, o‘zimni suvga tashladim...

Shodiyor bilan yana daryoga bordik. Bugun u menga Qoradaryo bilan Oqdaryo qo‘shiladigan joyni ko‘rsatmoqchi. O‘sha joyga yetib keldik. Qoradaryoning suvi Oqdaryoning bir qirg‘og‘idan quyilib yo‘qolib ketar ekan. Ya’ni avvaliga girdobga o‘xshab aylanma hosil qilarkan, keyin katta bir ko‘prikning ostiga o‘pqondek kirib ketarkan. Ko‘rsangiz, kinolardagi g‘aroyib manzaraning o‘zi. Sayozgina Qoradaryodan kechib o‘tib, ikki daryo o‘rtasidagi quruqlikka tushdik. U yerdan manzarani tomosha qildik. Biz go‘yo orolchaga tushib qolgandekmiz. Men daryolar tutashgan o‘sha joyda cho‘milmoqchi bo‘ldim. Shodiyor qo‘limdan tutdi:

– Bu yerda cho‘milib bo‘lmaydi, – dedi u.

– Nega? Axir tinchgina oqayapti-ku, – dedim hayron bo‘lib. Shunda...

– Ana ko‘rdingmi, seni deb odamlar mendan ham yuz o‘girmoqchi. Seni ko‘rgan odam vahimaga tushadi. Sendan qochadilar, – degan ovoz keldi qayerdandir.

– Sen ham eshitdingmi? – dedim Shodiyorga.

– Yo‘q, nimani? – dedi u hayron bo‘lib. Keyin jim quloq solib turdim. Oyoq-qo‘lim titray boshladi. Shodiyorning ham dami ichiga tushib ketdi.

– Bo‘lmagan gap, – dedi yana boshqa ovoz. – Meni yaxshi ekanligimni nomimdan ham bilsang bo‘ladi. Ko‘rmayapsanmi, sutdek oqman. Odamlar ham meni Oqdaryo deyishadi.

Ha, bu daryolarning ovozi edi. Avvaliga Shodiyor ham, men ham qo‘rquvdan titrab turdik. Keyin asta yerga cho‘kkalab ularni tingladik.

– Seni nominggina “Oq” xolos. O‘zing esa doimo odamlarning nafratini keltirasan, – dedi Qoradaryo.

– Yo‘q, sen bu gaplarni meni ko‘rolmaganing uchun aytyapsan. E’tibor bersang, hamma narsa oqlik bilan bog‘liq. Odamlar uchun oq rang doim farovonlik, tinchlik ramzi bo‘lib kelgan. Ularga qadrli bo‘lgan hamma narsa oq bo‘lgan, – deya g‘azablanib, ko‘pirib ketdi Oqdaryo.

– To‘g‘ri, mening nomim Qoradir, lekin odamlar doim mening bag‘rimga oshiqadilar. Men ularni iliq yuz bilan qarshilayman. Seni esa noming oq-u, lekin qahring qattiq. Bag‘ringga kirgan odam borki, bir falokatga giriftor qilasan. Shuning uchun sendan nafratlanishadi, – dedi Qoradaryo bunga javoban. Shunda negadir tilim aylanib ketdi:

– Shoshmanglar, – dedim beixtiyor ularning suhbatini bo‘lib, – bilishimcha, bu tortishuv biz tufayli kelib chiqqan ko‘rinadi.

– Sen bizni eshityapsanmi? – dedi Qoradaryo lablarini qimirlatgandek mavjlanib.

– Ha, eshityapman.

– Unda ayt-chi, nega sen tinch va sokin oqayotganimni ko‘rib turib ham suvimga tushmading? O‘rtog‘ing Oqdaryoning avzoyiga qarab seni to‘xtatib qoldi, shundaymi? – dedi Qoradaryo.

– Ha, to‘g‘ri, shunday bo‘ldi, – dedim ularning tilini tushunayotganimdan shodlanib.

– Ana ko‘rdingmi? – dedi Qoradaryo g‘azablanib, – bu yerda ikkimizning ham suvimiz bor. Ammo senga qo‘shilib mening ham nomim yomonga chiqqan. Qayerdan ham senga qo‘shilganman-a, o‘zi!

– To‘xta, aslida ikkalangiz ham to‘g‘ri gapirdingiz, – dedim-u, gapim bo‘lindi.

– Unda nega sheriging cho‘milishga ruxsat bermadi? Demak, u mendan qo‘rqadi, a? – dedi soch-u soqoli go‘yo oppoq sovun ko‘pigiga o‘xshab ketadigan badjahl Oqdaryo. Shodiyor bamaylixotir javob berdi:

– Yo‘q, Oqdaryo. Sendan hech kim qo‘rqmaydi, aksincha, nafratlanadi. Yomon ko‘radi, bilding. Sen oddiy suv bo‘lsang ham... – Shodiyorning gapi bo‘lindi.

– Unda nega suvga tushmayapsizlar? Qani, zo‘r bo‘lsang ko‘ray, yaqinlashgani qo‘rqasizlar-ku...

Uning bu gapidan mening jahlim chiqib ketdi:

– Kim qo‘rqadi? Hozir ko‘rsataman... – dedim-u, kiyimlarimni yechib ham o‘tirmay o‘zimni shartta Oqdaryoga otdim.

Suvga sho‘ng‘igach, daryo ostida qancha qolib ketganimni bilmadim. Juda chuqur tuyuldi. Ummon o‘z domiga tortib ketganday, go‘yo. Yuqoriga qarab talpinib, arang suv sathiga chiqib oldim. Qarasam, ko‘prikning narigi tomonidan chiqibman. Buyog‘i unchalik chuqurga o‘xshamaydi. Ammo suv meni shiddat bilan oqizib ketyapti. Qirg‘oqda Shodiyor ko‘rindi. U jazavaga tushib nimadir deb baqirib yugurardi. Men esa qirg‘oq tomonga talpinaman. Qancha harakat qilmay, harakatlarim besamar ketardi. Bir payt suv meni qandaydir kattakon xarsangga urdi. Mushaklarim, oyoqlarim bo‘shashib qoldi. Qo‘rqqanimdan ko‘zimni chirt yumib oldim. Birdan o‘zimni yengil his qila boshladim. Tamom bo‘ldim, deb o‘yladim. Birozdan so‘ng ko‘zimni ochdim-u, o‘zimni Qoradaryoda ko‘rdim. Daryo meni avaylabgina olib ketardi. Ajabo! Shu payt ortimizdan Oqdaryo quvib kelayotganini ko‘rdim. U shovqin solib ustimizga katta to‘lqin tashladi. Keyin katta-katta toshlarni men tomon uloqtirdi. Qoradaryo meni himoya qilayotganday toshlarga chap berardi. Oqdaryo yana bir nechta toshlarni biz tomonga otdi. Keyingi xarsang uchib kelayotganda qo‘rquvdan baqirib yubordim...

...Ko‘zimni ochib, o‘rnimdan sapchib turdim. Qarasam, so‘rida ekanman. Shodiyor mazza qilib uxlab yotibdi. Hamma uyquda, jim-jit. Chuqur xo‘rsinib qushday yengil tortdim. Xayriyat, hammasi tush ekan. Yana o‘rnimga cho‘zilib osmonga termulib yotdim. Lekin qani endi uyqu kelsa. Ikki daryo bilan qilgan suhbatimni o‘ylab tong ottirdim.

Ertalab ko‘rgan tushim haqida Shodiyorga hech narsa demadim. Chunki u baribir menga ishonmaydi. Lekin butun yoz bo‘yi bu haqda o‘ylab yurdim. Ta’til tugagach, oyim meni uyimizga olib ketdi. Sakkizinchi sinfga o‘tib yangi o‘quv yilini ham boshladim. Ammo, negadir, zo‘rg‘a uch-to‘rt baho oladigan boladan a’lochi o‘quvchiga aylandim. Xulqim ham binoyidek edi. Bundan hamma hayron, hatto oyim ham.

Bir kuni darsdan kelsam, oyim xolam bilan telefonda gaplashib o‘tiribdi. Quloq tutsam, xolamga Shodiyorni maqtayapti. Go‘yoki meni u o‘zgartirgan emish. Bilishmaydiki, o‘zgarishimga Shodiyor emas, ikki daryo – Oqdaryo va Qoradaryo sababchi bo‘ldi.

Eh, negadir, yana o‘sha daryolar bo‘yiga borgim kelyapti.

 

Bekmurod BARDOSH



[1] Jurnal varianti

 

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.