Yozgi ta’til – yilga tatir
Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 165-maktabda tashkil qilingan “Qaldirg‘och” nomli sog‘lomlashtirish oromgohida 150 nafar o‘quvchi mazza qilib dam olmoqda. U yerda tashkil etilgan to‘garaklarda bolalar o‘zlari qiziqqan hunarlarni ham o‘rganishmoqda.
– Sog‘lomlashtirish oromgohimizda o‘quvchilarni 5 ta guruhga bo‘lganmiz. Ularning iste’dodini yuzaga chiqarish uchun barcha qulayliklarni yaratib, qiziqishlariga qarab to‘garaklarga jalb etganmiz. Bolalar o‘rtasida turli tanlovlar, “Ertaklar yaxshilikka yetaklar” mavzusi doirasida rang-barang sahna ko‘rinishlari tayyorladik. Yurtboshimizning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asari mazmuni hamda “Nonni e’zozla”, “Giyohvandlik asr vabosi” nomli tarbiyaviy soat darslari, “Sog‘lom turmush tarzini tashkil etish” shiori ostida o‘quvchilar bilan savol-javoblar, “Shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish” mavzusida ham muntazam suhbatlar o‘tkazilib borilmoqda. Bu esa o‘quvchilarimizning sog‘lom fikrli, bilimli bo‘lishi bilan birga mahoratlarini oshirishga zamin yaratadi, – deydi oromgoh rahbari Siroj Masharifov.
Maktab oromgohida tashkil qilingan “Yumshoq o‘yinchoqlar”, “To‘quvchilik”, “Tasviriy san’at”, “Ingliz tili”, “Stol tennisi”, “Shashka”, “Rus tili” va “Musiqa” kabi to‘garaklarda faol qatnashib, iqtidorini namoyish qilayotgan bolalarning tanlovlarda qo‘lga kiritgan yutuqlari ham talaygina.
– “Yoz – o‘tmoqda soz” mavzusida asfaltga rasm chizish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda guruhimiz bilan 1-o‘rinni qo‘lga kiritdik, – deydi shu maktabning 6-sinf o‘quvchisi Abdulloh Omonaliyev. – Sportga qiziqqanim uchun har kun mashg‘ulotlarni intiqlik bilan kutaman. Ayniqsa, shashka, stol tennisi, futbol o‘ynash jon-u dilim. Bir yildan buyon “Spartak” futbol klubiga qatnayapman. Yaqinda jamoamiz bilan Sochi shahrida 12 yoshli bolalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda 30 ga yaqin davlat orasida 4-o‘rinni qo‘lga kiritdik. Hozir Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lib o‘tadigan musobaqada qatnashish uchun tayyorlanayapmiz. Oromgohdagi do‘stlarimga ham futbol qoidalarini o‘rgatayapman.
Ta’til baribir yaxshi-da. Miriqib dam olasan. Ko‘plab do‘stlar orttirib, bilmaganlaringni ulardan o‘rganasan. Muhimi, oromgohda dam olayotgan har bir bola bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun barcha sharoitlar muhayyo.
– Bolalar oromgohga kelganda o‘quv yilidagi charchoqlari chiqib ketishi uchun sinf xonalariga, yo‘laklarga o‘zgacha ko‘rinishda bezak berdik. Turli tadbir va tanlovlarni o‘tkazishimizdan maqsad ham o‘quvchilarimizdagi yashirin qobiliyatlarni yuzaga chiqarish. “Ertaklar – yaxshilikka yetaklar” mavzusidagi sahna ko‘rinishlarini ijro qilish uchun o‘quvchilarimiz ko‘plab badiiy kitoblar o‘qishyapti. Bu esa ularning kitobga mehrini oshirish bilan birga badiiy didini ham tarbiyalaydi. Ularning salomatligiga ham alohida e’tibor qaratganmiz. Ertalabki badantarbiya ochiq havoda o‘tadi, tushlikdan oldin o‘g‘il bolalar va qizlar alohida-alohida suzish havzalarida cho‘milishadi. Suvning tozaligi va harorati maktabimiz hamshirasining nazoratida. Bolajonlarimizning taomnomasi ratsioniga vitaminga boy mahsulotlardan foydalanayapmiz, – deydi maktab direktori Shohista Mirzaxo‘jayeva.
Bugun oromgohda jismonan sog‘ayib, ma’naviy olamini ham boyitayotgan bu bolalar yangi o‘quv yilida ulkan yutuqlarga erishishiga ishonamiz. Zero, bejiz, sog‘lom tanda sog‘ aql, deyishmaydi-da.
Iroda UMAROVA