Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qo‘ng‘ir ayiq qasosi (hikoya)

Oyqor tog‘ining kun chiqish tarafida – Ko‘kqo‘ton archazorlarining quyuq qismidagi uyada ona ayiq Qo‘ng‘ir va Paxmoqoy laqabli bolalari bilan yashar edi.

Kunlarning birida ona ayiq ov qilishni o‘rgatish uchun bolalarini Burgutqoyaga boshladi. Yo‘lda odam hidini sezib to‘xtadi. Bolalarini archazor orasiga yashirib, o‘zi ovchilarni chalg‘itish uchun yo‘lini boshqa tomonga burdi.

Ovchilar ayiqni tutish maqsadida Burgutqoyaning ikki tomonidan pistirma qo‘yib, kutib turishgandi. Ovchilardan biri ayiqqa o‘q uzdi. O‘q ayiqning yelkasiga tegdi. Ona ayiq qocha olmasligini sezib, ovchi tomon yugurdi. Endi pistirmada turgan ikkinchi ovchi o‘q uzdi. Yugurib kelayotgan ona ayiq qattiq chayqalib ketdi. Lekin yiqilmadi. G‘azab va og‘riq ichida ovozining boricha o‘kirdi. Uning ovozi Burgutqoyani larzaga keltirdi. Shu payt yana o‘q otildi, bu safar o‘q uning boshiga tegdi. Ona ayiq orqaga yiqildi...

Tong otdi. Qo‘ng‘ir archa tagidan chiqib, atrofni kuzatdi, hech qanday xavfni sezmagach, Paxmoqoyni chaqirdi. Paxmoqoy Qo‘ng‘irga ergashib, uyasi tomon yo‘l oldi. Och va horg‘in ayiqchalar uyadagi yegulik qoldiqlari bilan biroz qorin to‘yg‘azishdi.

Oradan bir oy o‘tdi. Ayiqchalar mustaqil yashashga anchagina ko‘nikib qolishdi. Ammo bir kuni tunda begona katta ayiq kelib, Qo‘ng‘ir va Paxmoqoyga tashlandi. Ayiqchalar uyadan zo‘rg‘a qochib chiqishdi. Yugura-yugura katta qirdan oshib Qushchisoy sohillarida to‘xtashdi. Sohildan sal ichkarida tarvaqaylab o‘sgan ulkan archa tagida o‘zlariga moslab uya yasab olishdi.

Shu yerda Qo‘ng‘ir va Paxmoqoy hayotlarida ilk marta to‘ng‘iz bolasini ovlab olishdi. O‘lja ularga ancha kungacha ozuqa bo‘ldi. Chunki to‘ng‘iz kattagina edi. Shu zaylda ayiqlarning ov qilish mahorati oshib bordi.

Ayiqchalar sayr qilib yurib, Oyqorning g‘arbida joylashgan Kiyikmozorga borib qolishdi. Kiyikmozordan Qushchisoyga o‘tishda Pichirlisoy degan dara bo‘lib, u ilonlar makoni edi.

Paxmoqoy Qo‘ng‘irdan qochib kattakon tosh ustiga sakrab chiqdi. Avvaliga akasiga erkalanib turgan ayiqcha to‘satdan ayanchli ingrab yubordi. U tosh ustida oftobda kulcha bo‘lib toblanib yotgan zaharli ilonni bosib olgandi. Ilon qilmishidan pushaymonday sekin toshlar orasidan sirg‘alib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Paxmoqoy yerga quladi.

Avval onasidan, so‘ng singlisidan ayrilgan Qo‘ng‘ir yolg‘izlikka ko‘nikolmay ko‘p qiynaldi. Bu orada kuz oxirlab qoldi. Kunlar sovib, tog‘ga qor yog‘di. Qo‘ng‘ir boshqa ayiqlar qatori qishki uyquga ketdi. Yana bahor keldi. Tog‘lar ko‘rkamlashib, unda hayot qaynadi. Kuzgacha Qo‘ng‘ir ham ulg‘ayib, bahaybat, kuchli ayiqqa aylandi. U o‘zi o‘sib-ulg‘aygan tog‘ni qo‘msadi. To‘g‘ri o‘z bolaligi o‘tgan uyasi tomon keldi. Bosqinchi ayiq hanuzgacha o‘sha yerda yashayotgan ekan. Qo‘ng‘ir uni uyasidan haydab chiqardi.

Kunlarning birida Qo‘ng‘ir Burgutqoya tomon kelayotgan aravadagi ikkita odamni ko‘rib qoldi. Qo‘ng‘ir yo‘lga yaqin katta xarsang tosh orqasiga yashirindi. Shu payt miltiq ovozi eshitildi. Archazorlar ichidan kakliklar shovqin solib uchib ketdi.

Ovchilarning bittasi tog‘ tomon yugurib chiqdi va qoyadan turib ovlagan kakliklarini ko‘rsatib, sherigiga maqtandi. Bu orada sherigi aravasini yetaklab, Qo‘ng‘ir tomon yaqinlashib qolgandi.

Qo‘ng‘ir uning hidini oldi. Bu o‘sha – uni onasidan judo qilgan ovchi edi! Xayolga berilgan ovchi xavfni sezmadi. G‘azabga to‘lgan Qo‘ng‘ir panadan chiqdi, qattiq bo‘kirib u tomon tashlandi. Ayiqning vajohatidan dovdirab qolgan ovchi o‘q uzish o‘rniga miltig‘ini aravaga otib yubordi. O‘zi esa tepaga, qo‘rquvdan qotib turgan sherigi tomon yugurdi. Shamolday yelib borayotgan dushmaniga yetib bo‘lmasligini tushungan Qo‘ng‘ir g‘azab bilan aravani ko‘tarib yerga urdi. O‘ng tomondagi o‘qidan chiqib ketgan g‘ildirak omon qolganiga shukur qilib pastga g‘ildirab ketdi.

Qo‘ng‘ir bir majaqlangan aravaga, bir ovchilar berkinishga ulgurgan qoyaga qarab o‘kinchli o‘kirdi-da, tog‘ tomon ikki-uch qadam tashladi. Ko‘zi arava parchalari tagidagi qo‘ndog‘i singan miltiqqa tushgach, to‘xtadi. Bahaybat gavdasini xiyol egib, old panjalari bilan “aybdor”ni yerdan ko‘tardi va jarlikka uloqtirdi. Miltiq toshga urildi shekilli varanglab ketdi.

Ana shundan keyin Qo‘ng‘ir xotirjam tortib, o‘rmon ichkarisiga kirib ketdi. Uni bu yerlarda qaytib ko‘rishmadi.

 

 

Abdulaziz va Abdurashid Murodovlar,

Jizzax viloyati Baxmal tumani 1-maktab o‘quvchilari

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.