Shifokoning dadasi (kichik hikoya)
O‘n yoshli Alisher oxirgi paytlarda tez-tez kasal bo‘lib qolaverdi. Natijada maktab darslarini o‘zlashtirishda sinfdoshlaridan orqada qola boshladi.
Bir kuni ota-onasi o‘g‘lini shahardagi eng katta shifoxonaga olib bordi. Alisher har bir tibbiy ko‘rikdan o‘tar ekan, shifokorlarning sinchkov nigohlaridan, shirin so‘zlaridan ruhlanar edi. Ayniqsa, katta shifokor Davlat akaning dalda beruvchi “Alisher o‘g‘lim, sen juda ham aqlli bola ekansan. Agar sen menga yordam bersang, kasallikni birga yengamiz, aksincha bo‘lsa, kasallik seni yengib qo‘yadi”, – degan so‘zlaridan xursand bo‘ldi.
– Qaysi sport turini yoqtirasan? – so‘radi Davlat aka Alisherdan.
– Futbolni, – dedi u.
– Juda soz, unda men aytgan dorilarni ichish bilan birgalikda, jismoniy mashqlar bilan ham shug‘ullanasan. Ayniqsa, futbol bilan, – deya shifokor bolakayning boshini silab qo‘ydi.
Davlat akaning tez-tez qo‘ng‘iroq qilib turishi ham Alisherga katta kuch bag‘ishlardi. Shunday qilib Alisher futbol bilan jiddiy mashg‘ul bo‘ldi. Natija esa tez orada sezildi. Ya’ni, endi Alisherning o‘qishi, salomatligi ham yaxshi tomonga o‘zgara bordi.
Navro‘z bayramida maktabda bo‘lib o‘tgan sinflararo futbol musobaqasida eng ko‘p gol Alisherning hisobiga yozilganidan o‘zi ham, ota-onasi ham cheksiz shodlandi. Musobaqa so‘ngida esa maktab rahbariyati tomonidan Alisherga “Faxriy yorliq” va nishon topshirildi. Ertasiga u bo‘yniga nishonni taqqancha dadasi bilan Davlat akaning yoniga bordi. Mehribon shifokor Alisherning bu g‘olibligini ko‘rib: “Yashavor, chempion”, deya yelkasiga qoqib qo‘ydi.
Shahzodabonu KARIMOVA,
Toshkent shahridagi 144-maktab o‘quvchisi