Gavriil Troyeprolskiy. Oq Bim qora buloq (qissadan parcha)
Navbatdagi ov mavsumida Bim uch yoshga to‘ldi, Ivan Ivanich uni o‘rmon bilan tanishtirdi. Bu ikkalasi uchun ham qiziq kechdi.
Ikki o‘rmon so‘qmog‘i tutashgan joyda yaylov yastanib yotardi, yo‘llar to‘rt tomonga ketgan. Ivan Ivanich yong‘oq shoxlari ichiga kirib oldi, atrofga va yuqoriga qaradi. Bim ham o‘sha tomonga tikildi, bor kuchi bilan u yerda nimani ko‘rish mumkinligini anglab yetishga tirishdi.
Yuqori baland edi, pastlik esa borgan sari qorong‘ilashib borardi. Kimdir o‘rmon ichidan o‘tganday bo‘ldi, birdan atrof tinchidi. Yana shitirladi va yana jimlik. Bim Ivan Ivanichning oyoqlarini quchib oldi: “Bu yerda nima bor, kim bor? Balkim borib ko‘rarmiz?”
– Quyon, – sekin gapirdi xo‘jayin. – Hammasi yaxshi, Bim. Qo‘y, yuraversin. “Yaxshi” deyildimi, demak, hammasi joyida. “Quyon” ham tushunarli, – Bim bir necha bor jonivorlarning izidan tushishganda mana shu so‘zni eshitgandi. Bir kuni uni ko‘rdi, quvib ketmoqchi bo‘ldi-yu, ammo tanbeh eshitdi va bu mumkin emasligini bildi.
Yaqin atrofda quyon yuribdi. Endi nima bo‘ladi? Birdan yuqorida ko‘zga ko‘rinmas nimadir qattiq chinqirdi: “Xor-xor”, “Xor-xor”. Bim bunday tovushni ilk bor eshitdi, titrab ketdi. Ikkalasi ham yuqoriga, faqat yuqoriga qarashdi. Kutilmaganda qirmizi moviy tong bag‘rida uzoqdan bir qush ko‘rindi. Qush ular tomonga uchib kelardi, ahyon-ahyon qichqirib qo‘yardi. Bu qushgamas, allaqanday jonzotga o‘xshardi go‘yo, ovoz chiqarib uchardi. Biroq u baribir qush edi. Bahaybat, qanotlaridan sas chiqmasdi (masalan, bedana, kaklik yoki o‘rdaknikiga o‘xshab). Qisqasi, notanish qush yuksaklikda parvoz qilardi.
Ivan Ivanich miltig‘ini yelkasidan oldi. Bim buyruq berilganday yotib oldi, ko‘zlarini qushdan uzmadi. O‘rmonda keskin va kuchli o‘q ovozi yangradi. Bim buni avval eshitmagan edi. Sado o‘rmon bo‘ylab yoyilib ketdi, olislarga borib tindi.
Qush butoqlar ustiga quladi, uni do‘stlar birpasda topib olishdi. Ivan Ivanich qushni Bimning oldiga qo‘ydi:
– Tanish, og‘ayni, bu o‘rmon loyxo‘ragi.
Bim uni hidlab ko‘rdi, panjalari bilan uzun tumshug‘ini turtdi, old panjalari bilan ushladi, hayratlandi. Mana buni tumshuq desa bo‘ladi!
O‘rmon esa ohista shovullardi, bora-bora sokinlashdi, so‘ng birdan atrofga sukunat cho‘kdi, go‘yo nimadir kuchli qanotlari bilan daraxtlar uzra bir silkindi: shitirlashni bas qilinglar! Butoqlar tinch, daraxtlar mudrayotganday, faqat yiroqda nim qorong‘ilikda nimalardir shitirlab qo‘yardi.
Yana uchta loyxo‘rak uchib kelishdi, lekin Ivan Ivanich ularni otmadi. Eng keyingisi qorong‘ilikda ko‘zga tashlanmagan bo‘lsa-da, ovozini eshitishdi. Bim hayron qoldi, nega do‘sti ko‘zga yaqin turgan ikkita qushga o‘q uzmadi? It hayajonlandi. Ivan Ivanich yuqoridan ko‘z uzmas, sukunatni tinglardi. Ikkalasi ham jim edi.
So‘z aytilmasa ham his etish mumkin bo‘lgan lahzalar naqadar sirli! Ketish oldidan xo‘jayin tilga kirdi:
– Yaxshi, Bim. Hayot yangidan boshlanmoqda. Bahor.
Bim gap ohangidan do‘stining kayfiyati yaxshi ekanligini sezdi. U tumshug‘i bilan uning tizzasiga turtib qo‘ydi, dumini o‘ynatdi. Yaxshi bo‘lsa, yaxshi-da!
Ular bu yerga ikkinchi marta tong yorishib ketgandan so‘ng kelishdi. Qayinlarning bo‘rtib chiqqan kurtaklaridan xush bo‘y taralar, tomirlardan kuchli hid anqir, uzun va tor so‘qmoqlar maysalar, o‘t-o‘lanlar oralab yugurardi. Bularning bari yangi va hayratlanarli edi. Quyosh o‘rmonni yorib kirib borar, borliqni zarrin nurlar yarqiratardi. Jimjitlik, atrof sokin. O‘rmon bahor tongi sukunatida naqadar ajoyib!
Rus tilidan Oygul SUYUNDIQOVA tarjimasi