Oqsroyning favvoralari
Elchini katta e’zoz bilan Oqsaroyga olib kirishdi. Ulkan ko‘shkli saroy darvozasidan kirib borar ekan, Klavixo bu shohona koshonaning har burchiga yosh boladek intiq boqar, o‘zgacha nur taralib turgan devorlarning mahobati va bejirim naqshlaridan ko‘zi qamashardi. Oyog‘i ostidagi marmarda mavjlanayotgan o‘z aksini ko‘rib turgan mehmon qadamini yengillatdi. Go‘yoki oyna ustida sirpanib uchayotgandek ko‘ngli hapriqdi.
Mehmonni ichkariga olishdi. Aylana zinalardan minora tepasiga ko‘tarilar ekan, elchi Oqsaroyning nainki tashqi, balki ichki qiyofasi-da munavvar, charog‘on ekanligiga amin bo‘ldi. Saroy tepasiga ko‘tarilib borar ekan, har o‘n-o‘n besh qadam oralig‘ida ko‘zga tashlanayotgan tuynuklarga e’tibor qaratdi. Va bildiki, bu yo‘lak odatiy saroylarnikidan farq qiladi. Negaki zinalarning biror qismida mash’ala yo‘q, unga hojat ham zarur emas. Klavixo tanasiga engan ajib hayrat og‘ushida navbatdagi tuynukka sinchkov ko‘z tashladi. Undan biror sir, qandaydir mo‘jiza qidirdi. Ko‘plab davlatlarda bo‘lgani-yu, ammo hech bir yurtda bu kabi g‘aroyib inshoot tarhini, kichik ochiqlikdan shuncha ko‘p nur yog‘ilishini ko‘rmaganini, shundanmi bino sirini anglashga bo‘lgan ishtiyoq ko‘nglida vulqondek toshib borayotganligini sezdi. Navbatdagi ochiq yerdan tashqarini bir muddat tomosha qilib o‘tdi. Oniy lahzada nigohi anglashga ulgurgani, tevarakni ulkan yam-yashil gilam qoplab olgan. Elchi tabiatning bu ajib fusniga ich-ichidan tasanno aytdi. Go‘zallikning yangi lavhasini kashf qilgandek, navbatdagi tuynuklardan tashqariga yana bir-ikki bor nigoh tashladi. Bir fursat o‘tib mehmonning oyoqlariga charchoq endi. Minora boshiga yetishga esa hali fursat bor. Klavixo to‘xtab, chuqur bir tin olgach, yonidagi safardoshlariga pichirladi: “ha, bundayin mahobat na Mag‘ribda, na Mashriqda bor. Temurning qudrati va ulug‘ligi uning saroylarida bo‘y ko‘rsatib turibdi. Bu haqiqat”.
Biroz muddat o‘tib saroy cho‘qqisida joylashgan qabulgoh sahnidan avval eshikog‘asi, keyin mehmon bo‘y ko‘rsatdi. Klavixo avvaliga atrofni ko‘z qiridan o‘tkazdi. So‘ngra pastga qaradi. Ajib go‘zallikdan, betakror shahar va maftunkor tabiat uyg‘unligidan ko‘zlari qamashdi. Ko‘rganlarini tafakkur qilishga ulgurmay, elchini qabulgohning ichki xonasiga olib o‘tishdi. Bu yerda Ispaniya elchisi Klavixoni rasmiy kutib olish marosimi uchun barcha tadorik ko‘rilgan. Davra to‘rida kishi bo‘yi barobar savlat to‘kib turgan oltin taxt o‘z sohibi qudratini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Sohibqiron Amir Temur bir qo‘lini taxt suyanchig‘iga qadab, ikkinchi qo‘li bilan tizzasiga kaft bosgan. Elchi taxtga yaqinroq borish maqsadida oldinga qadam bosdi. Oyog‘i cho‘g‘ gilamga yetishi hamon o‘rtada yastanib yotgan hovuz ichidan o‘nlab favvoralar otilib chiqdi. Bir tekis ko‘kka intilayotgan billur tomchilar qoshida elchining avvaliga xayoli qochdi. So‘ng tanasiga singa boshlagan hayajon bilan davra to‘ridan mehmonga ko‘z uzmay razm solib turgan Sohibqironga qaradi. Buyuk Temur xushnud kayfiyatda mehmonni kuzatar, uning jilovlashga harchand urinsa-da toshib borayotgan hissiyotlaridan zavq tuyardi. Klavixo hovuz o‘rtasida miltillab raqs tushayotgan qizil olmalarning favvora tomchilari orasida yanada chiroy ochib borayotganligiga biroz termuldi. Keyin oldinga o‘rtacha to‘rt qadam tashlab, ispancha tavoze bilan ta’zim qildi. Shu onda elchining harakatlariga mutanosib ravishda bir tekisda suv taratib turgan favvoralar ilkis bosh ko‘tardi-yu, o‘z jilosini yanada balandroq tarata boshladi.
Klavixo shu vaqt Oqsaroy darvozasi peshtoqiga oltin harflar ila bitilgan Sohibqiron so‘zlarini yodga oldi va vatanparvarlik hamda katta g‘urur bilan aytilgan bu kalomning naqadar haqligiga ming karra iqror bo‘ldi. Shu bois favvoralarning betakror jilvasiga termulib, Temur so‘zlarini yana bir bor xayolidan o‘tkazdi: “Kimki bizning qudratimizga shubha qilsa, biz qurgan binolarga boqsin”.
Elchi va sayyoh Klavixo chuqur yutinib qo‘ydi.
Farhod ESHMO‘MINOV