Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

To‘ti

Ukam ikkimiz jonivor va qushlarni yaxshi ko‘ramiz. Bu xislat bizga bobomdan o‘tgan bo‘lsa kerak. Chunki bobomni uyi xuddi hayvonot bog‘iga o‘xshaydi. Bobom hovlisining etagida jonivor va qushlar uchun maxsus xonalar qurganlar. U yerda quyon, tipratikan, qo‘zichoq, buzoq, tovuq, kurka, kaptar va kaklik bor. Bobom har bir jonivor qanday o‘t yeydi, qaysi qushga qaysi don ko‘proq yoqishini, hatto ular qay paytda suv ichishi kerakligini ham biladilar.

– Bobo, qachon kelsam, toshbaqa bilan tipratikaningiz uxlab yotadi. Ular nega bunaqa dangasa? – so‘radi Saidakbar.

– Ey, toy, tipratikanlarni xafa qilma. U sirayam dangasa emas. Sen biznikiga kunduzi kelasan. Tipratikan esa tunda ovga chiqadi. Chiroqqa kelgan qo‘ng‘iz, kapalaklar bilan suvaraklarni tutib yeydi. Toshbaqaning tabiati shunaqa, yilning to‘qqiz oyini uyquda o‘tkazadi. Lekin uning ham tabiatga foydasi ko‘p tegadi, – deydilar bobom.

– Bobojon, kaptarlaringizni osmondagi raqslarini ko‘rib mazza qilaman. Ular avvalgidan ham ko‘payib ketishibdi. Lekin kanareykangiz bittagina, nega ularni ko‘paytirmaysiz?

– Kaptarlar o‘zbeklarga o‘xshaydi. Bir-biriga mehribon, oila bo‘lib yashashni ma’qul ko‘rishadi. Kanareyka esa sayroqi qush. Ularni sen aytgandek ko‘paytirib qo‘ysam, sayramay qo‘yishadi. Kanareyka faqat yolg‘izlikdagina sayraydi-da, bolam, – jilmayadi bobom.

Bizni hadeb bobomlarning uyiga ketib qolayotganimizni ko‘rgan dadam bir juft chiroyli to‘tiqush olib keldilar. Bo‘yni qop-qora, qanotlari sariq va yashil. Biz qushlarni nega “to‘ti” deyishlarini bilib oldik. Ular “to‘-ti, to‘-ti” deb sayrar ekan. Men darrov bobomga telefon qildim.

– Bobojon, to‘tiqushlar nima yeydi?

– Ha, dadang so‘zida turibdi-da. Muborak bo‘lsin. Ona qizim, senga ular haqidagi kitobimni berib turaman. O‘qib, parvarishlashni bilib olasan. Senga kitobda yozilmagan bir gapni aytaman. Uni bajarishing biroz qiyinroq, – to‘xtab qoldilar bobom.

– Men bajaraman bobojon, men to‘tilarimni yaxshi ko‘raman, – dedim.

– Ha, unday bo‘lsa yaxshi. Men ham shuni aytmoqchi edim. Qushlarga, jonivorlarga eng avvalo mehr kerak. Tagini tozalashdan, vaqt topib gaplashib turishdan erinmasang, ular senga do‘st bo‘ladi. Chiroyli ovozda sayrab beradi. Hatto gapirib ham yuboradi.

Mana, oradan uch oy vaqt o‘tdi. To‘tilarimiz ko‘p qavatli uyda yashashga ham ko‘nikdi. Men ularga ismimni aytishni o‘rgatdim. Hozir eshikdan kirishim bilan “Ma-di-na” deyishadi chug‘illab. Kecha, qo‘noqda kichkina to‘ti ko‘rinmadi. Sekin inini ichkarisiga qarasam, yerda yotibdi. Qo‘rqib onamni chaqirdim.

– Suyunchi ber, qizim. To‘tilaring yaqinda ko‘payadi, u tuxum bosib yotibdi, – dedilar oyim. Darrov bobomga qo‘ng‘iroq qildim.

– Yaxshi, demak, sen to‘tilarga men aytgan mehrni beribsan. Endi uni ikki hafta bezovta qilmay tur, – dedilar bobom. – U faqat mehribon odamlarning uyidagina bola ochadi.

Men suyinib ketdim.

 

Madinabonu HAMIDULLAYEVA,

Toshkent shahar 299-maktab 7-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.