Tut daraxti
Uy vazifalarini bajarib bo‘lib, kitob-daftarlarini sumkaga joylagan Dilmurod sovqotganidan xona ichida bo‘lishiga qaramay paltosini kiyib oldi. Aksiga olib ko‘mir ham tugagan. Pechkani yoqishga o‘tin kerak. Uning xayolini bo‘lib akasi chaqirdi.
– Yur, o‘tin olib kelamiz.
Sovuq jon-jonidan o‘tgan Dilmurod, qayoqqa, deb so‘ramasdan ham akasiga ergashdi.
Kuzda g‘o‘zapoyasi yig‘ishtirib olingan, ustini qirov qoplagan dalaning chetidagi shoxlari yoyilgan qator tut daraxtlari ayozda karaxt turardi. Akasi bitta katta tut yonida to‘xtadi. Keyin ukasiga o‘girildi.
– Ma, ushla! – deya arrani unga uzatdi. – Ikkovimiz tortamiz.
Dilmurod arraning sopini ushladi-yu, birdan qo‘yib yubordi.
– Nima qilganing bu? Joning bormi o‘zi?
– Kerakmas, kesmaysiz! Axir bu tut daraxti-ku!
– Nima bo‘pti, tut daraxti bo‘lsa? Pishiq, o‘tini qattiq, cho‘g‘i uzoq vaqt o‘chmaydi. Pechkabop qilib o‘tin tayyorlaymiz.
Dilmurod burildi.
– Qayoqqa?
– Uyga.
– Ketaver, o‘zim amallayman, – dedi akasi to‘ng‘illab. – Hali issiqqina uyda o‘tirganingda, rahmat dersan.
Dilmurod ilkis ortiga qaytdi. Arraning tishini daraxtga botirishga shay turgan akasining qo‘liga yopishdi. Boshidan oyog‘igacha qizib ketganday bo‘ldi. Yuragi tez-tez urar, ko‘zlari chaqnab ketgandi.
– Arralamang! Bahor kelsa yashnaydi. Mevasi shifobaxsh. Barglari ipak qurtiga ozuqa-ku! Yashab turgan daraxtni kesish jinoyat, o‘qituvchim aytgan, – angrayib qolgan akasining qo‘lidan arrani oldi-da, qo‘ltiqlagancha dala chetidan shaxdam yurib ketdi. Ancha yurgach o‘girilib qaradi. Olisda tut daraxti shoxlarini o‘shanday yoyib turar, og‘ir o‘yga botgan akasi yo‘lning o‘rtasida sudralgancha arang odimlardi.
Shahnoza RAYIMOVA,
Farg‘ona shahri