Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kamarda o‘tgan tun

(Voqeiy hikoya. Boshi o‘tgan sonda)

Tashqarida sharros yomg‘ir yog‘ar, momaqaldiroq guldiragida dara aks-sado qaytarardi. Ayniqsa, zulmatni bir zum yoritgan chaqmoq yorug‘idan butun atrof afsonaviy tus olardi. Yomg‘irni kuzatish uchun Ergash kamardan tashqariga chiqmoqchi bo‘lgan edi, yashin paytida panada o‘tirgan ma’qul, deb Elbek qo‘ymadi. Orada yomg‘ir biroz tinganday bo‘ldi. Elbek yonayotgan bir-ikki o‘tinni tashqariga olib chiqdi-da, ustiga shox-shabba tashlab, katta gulxan yoqdi.

– Bu olov nimaga kerak? – so‘radim undan.

– Ovuldagilarni kamarda ekanligimizdan olov bilan xabardor qildim. Ular xavotir olishayotgandir.

Yana yomg‘ir boshladi. Tuni bilan yog‘ib chiqadiganga o‘xshaydi. Archazordan shamolningmi yoki biron yovvoyi hayvonningmi uv tortgani eshitildi. Bo‘ynoq sergak tortib, bezovtalana boshladi.

– Uzoqda jondor yurganini it sezayapti, – dedi Elbek.

– Jondor nima? – so‘radi Ergash.

– Bizda bo‘rini jondor deyishadi, bo‘ri so‘zini ishlatishmaydi.

Ergashni bilmadim-u, meni bu so‘zdan yuragim “shuv” etib ketdi. Elbek cho‘chiganimni sezdi shekilli, qo‘shib qo‘ydi:

– Xavotir olmanglar, ko‘klamda jondor odamga hujum qilmaydi. Olov bor joyga yaqinlashmaydi. Uchovimiz bir tayoqdan ursak, har qandayini yiqitamiz. Bo‘ynoq it ham uncha-buncha jondorni chaynab tashlaydi.

– Nega tog‘liklar bo‘rini jondor deyishadi, – deb so‘radim Elbekdan.

– Men buni bobomdan eshitganman, – dedi Elbek, – jondorda Azroilning bir tuki bo‘lar ekan. Mayda mol uni ko‘rganida qo‘rqqanidan esi og‘ib, qimirlamay qoladi. Bo‘ri desang kuchingni, xayolingni tortib oladi, jondor desang sen uning kuchini tortib olar ekansan. “Eng muhimi, jondorga to‘satdan duch kelganda, qo‘rqmaslik kerak. U kuchli raqibdan qochadi”, derdi bobom rahmatlik, – Elbek xo‘rsindi. Chamasi, mashhur chorvador bo‘lgan bobosi esiga tushdi va faxrlanib suhbatni davom ettirdi:

– Bobom bo‘rini u qadar yomon ko‘rmasdi. Tog‘ bo‘risiz bo‘lmas, uning ham haqi bor, qaysi qo‘raga bo‘ri oralasa, shu qo‘raga baraka inadi, degich edilar. To‘g‘ri, ayrimlari ochofat bo‘ladi, bir molga qanoat qilmay, bir nechtasiga tajovuz qiladi. Ana shunday bo‘ri bobomdan qochib qutilmasdi. Elbek yonidagi zarang tayoqqa qarab, so‘zida davom etdi:

– Cho‘ponni tayog‘idan bil, deydilar. Mana shu tayoq menga bobomdan qolgan. Bobom bu og‘ir tayoq yordamida har qanday jondorni ikki zarb bilan yiqitar ekanlar.

Ergash ham suhbatga qo‘shildi: – Nega biror yumushni bajarib qaytgan kishidan bo‘rimi, tulkimi, deb so‘rashadi?

– Tog‘liklar ertalab bo‘ri ko‘rsang, hamma ishing o‘ngidan keladi, tulki ko‘rsang, teskarisi bo‘ladi, degan aqidaga ishonishadi, – dedi Elbek. – Bo‘ri deyilsa, ish bajarildi, tulki deyilsa, ish bo‘lmadi degani.

Ergash har ehtimolga qarshi zarang tayoqni yoniga tortib qo‘ydi va o‘zining mardligini ko‘rsatmoqchiday dedi:

– Mollarni topdik. Bir kecha kamarda tunasak, tunabmiz-da! Bu voqealarni sinfdoshlarimga so‘zlab bersam, og‘izlari ochiladi.

Ko‘zim ilingan ekan. Qancha uxlaganimni bilmayman. Momaqaldiroqning qarsillaganidan uyg‘onib ketdim. Ergash qattiq charchaganidan “xur-xur”lab qotib uxlardi. Elbekning ko‘zi yumuq bo‘lsa-da, uxlaganmi, uyg‘oqmi – bilib bo‘lmasdi. Pasayayotgan olovga o‘tin tashladim.

– Bemalol uxlayver, – dedi Elbek ko‘zini ochib, chamasi uxlamagan ekan. – Yo‘lga tongda emas, yer sergigach chiqamiz. Menga e’tibor berma, pinakka ketib ham dam olaveraman, o‘rganib ketganman.

Shu payt birdan Bo‘ynoq sergaklanib, vovullab, tashqariga otildi. Ergash ham cho‘chib uyg‘ondi. Elbek sakrab turdi. Bir qo‘liga yonayotgan cho‘p, bir qo‘liga tayoqni olib, shoshib gapirdi:

– Molning hidini olib, biron jondor yaqinlashgan ko‘rinadi. Sizlar tashqariga chiqmanglar, olovni balandlatinglar. – Biz olovga bir nechta o‘tin tashlab, tashqariga qaradik. Chaqmoq yorug‘ida Bo‘ynoq bir kulrang hayvonni quvib borayotgani ko‘rindi.

– Bo‘ynoq, Bo‘ynoq, bah-bah, qayt! – deb baqirdi Elbek.

– Qorong‘ida itning qattiq vovullagani va nimaningdir qo‘rqinchli g‘irillagani eshitildi. Elbek kamarga kirdi.

– Ishqilib, jondor bir nechta bo‘lmasin, birov-yarim bo‘lsa, Bo‘ynoq ilojini qiladi, – dedi.

Elbek to‘g‘ri aytgan ekan. It bir bo‘ri orqasidan quvib ketganidan foydalanib, ikkinchi bo‘ri kamar ro‘parasida paydo bo‘ldi. Bo‘rining ko‘zlari yonar, oppoq tishlarini bir-biriga urib shaqillatardi. Elbek bir qo‘liga zarang tayoq, ikkinchisiga yonayotgan archa o‘tinni olib, bo‘riga ro‘para chiqdi. Ergash bilan men yana shovqindan hurkib, mollar kamardan chiqib ketmasin deb, g‘or teshigini to‘sib turdik. Elbek tog‘liklarga xos chaqqonlik bilan pisib kelayotgan bo‘rining boshiga zarang tayoq bilan tushirdi. Tayoq zarbidan garangsirab qolgan bo‘ri ortiga qarab qochdi. Shu payt paydo bo‘lgan Bo‘ynoq itimiz ikkinchi bo‘rini ham quvlashga tushdi. Elbekning jasoratiga qoyil qoldim.

– Bo‘rining joni qattiq bo‘ladi, – dedi. Elbek, – uni tayoq bilan yiqitish har kimning qo‘lidan kelmaydi. Agar tayoq zarbasi mo‘ljalga tegmay qolsa, ikkinchi bor urishga ulgurolmay qolasan. Shuning uchun ham bir qo‘limga yonayotgan o‘tin oldim. Bo‘ri olovdan o‘lguday qo‘rqadi.

Xayriyat, xavf ortga chekindi: yomg‘irda ivigan Bo‘ynoq shikast ko‘rmay kamarga qaytdi. Ana shundan so‘ng kimning ham uyqusi keladi? Olovga o‘tin tashlab, gurunglashib o‘tirdik.

Tongga yaqin yomg‘ir tindi. Butun atrofni suv quyganday jimjitlik qopladi. Hatto saharxez o‘rmon qushlarining ovozi ham eshitilmaydi. Sekin-asta tong ota boshladi. Tashqariga qaradim. Tog‘da quyosh baland cho‘qqilarni yoritmoqda. Sukunatga cho‘mgan daradan oppoq kumush tuman ko‘tarilardi. Yomg‘irda yuvilgan archalarning ninabarglari yaltillab ko‘rinadi. Butun atrof so‘z bilan ta’riflab bo‘lmas go‘zallik og‘ushida edi.

Yo‘lga chiqish oldidan kamarni yig‘ishtirdik. Kigiz va po‘stak taxlab, tokchaga qo‘yildi. Olov suv bilan o‘chirilib, qolgan-qutgan o‘tin-cho‘p va xas-xashak chetga yig‘ib qo‘yildi.

Ovuldagilar bizni xursandchilik bilan kutib olishdi.

– Yotgan yotar, qidirgan topar, g‘ayrat qilib, mollarni topibsizlar. Elbek o‘g‘lim, kamar tashqarisida olov yoqib, to‘g‘ri ish qilding. Sizlardan xavotir olib, soyda sel pasayishi bilan ortlaringdan uch-to‘rt kishi endi bormoqchi bo‘lib turgandik, – dedi G‘affor muallim.

Zubayda xola keltirgan bir kosadan issiq sutga non to‘g‘rab yedik-da, o‘tov chetidagi ko‘rpachalarga yonboshladik. Charchaganimdan qattiq uxlabman. Tushimda Ergash ikkimiz sinfdoshlarimizga tog‘dagi voqealarni so‘zlab berayotganmishmiz...

 

Ochil TOSHQULOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.