Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Velosiped

Nurbek velosipedi bor o‘rtoqlariga havas qilardi. Ular kim o‘zarga poyga qilishib, velosiped uchib yurishganda “Qachon mening ham velosipedim bo‘larkin?” deya yuragi orziqib, ortlaridan uzoq termulib qolardi.

Bir kuni kechki ovqatdan keyin yana otasiga xarxasha qildi:

– Hammaning velosipedi bor, faqat menda yo‘q. Tezroq olib bering.

– Xo‘p, olib beraman. Ammo bitta shartim bor, hamma baholaring faqat “besh” bo‘lishi kerak. Kundaligingni har kuni o‘zim tekshirib turaman, – dedi otasi.

– Velosipedi borlarning hammasi a’lochi emas-ku?

– Sen a’lochi bo‘lishing kerak. Harakat qilsang, uddalaysan. Menimcha, “to‘rt” baholaring ko‘p bo‘lmasa kerak?

Nurbek barmoqlarini bukib, bir zum o‘yga toldi.

– Uchta, yo‘q, ikkitagina “to‘rt” bahoim bor. Shularni “besh” qilsam bo‘ldimi? Shunda rostdan ham velosiped olib berasizmi? Aldamaysizmi?

– Gap bitta!

Nurbek shu kundan boshlab o‘qishga jiddiy kirishdi. O‘rtoqlari futbol o‘ynashga chaqirishsa ham “vaqtim yo‘q”, deya uzzu kun mukka tushib dars qilardi. Sa’y-harakatlarining natijasi tez kunda sezildi. Nurbek sinfdagi sanoqli a’lochilar safiga qo‘shildi. Kundaligini tekshirgan otasi mamnun bo‘lib, boshini silab qo‘ydi. Nurbek otasiga va’dasini eslatdi.

– Bilaman, esimda turibdi, – dedi otasi kulimsirab. – Ertalab qisir sigirni bozorga olib boramiz. Uni sotib, puliga velosiped olib beraman.

– Voy, qanday yaxshi! – Nurbek suyunib, irg‘ishladi. – Men ham birga boramanmi?

– Albatta, birga borasan. Sen bo‘lmasang, molni kim haydashib boradi?

Oqshomda sigirga har qachongidan ham ko‘proq yem-xashak berishdi. Otasining aytishicha, molning qorni qappayib, savlatli bo‘lib tursa, xaridorgir bo‘larmish.

G‘ira-shira tong saharda Nurbekni onasi uyg‘otdi. Irim qilib, sigirning atrofida arining eski uyasini tutatishdi. Shunday qilinsa, sigirni xaridorlar ariday talasharmish.

Tuman markazidagi molbozor unchalik uzoq emas, besh-olti kilometrli yo‘l edi. Ota-bola uzun-qisqa bo‘lib, molni yetaklab yayov yo‘lga tushishdi.

Molbozorga yetishganda endigina rosmana tong yorishgan edi. Bu yerda sigirlar, ho‘kizlar, buqalar, qo‘y-echkilar shu qadar ko‘p ediki, Nurbekning ko‘zi tinib ketayozdi. Go‘ng va yana allambalolarning yoqimsiz hididan ko‘ngli aynib, behuzur bo‘ldi. Turtinib-surtinib, ichkariga arang kirib olishdi. Sigirlar sotiladigan joyga yetganda to‘xtashdi.

Nurbek bozordagi ajabtovur g‘ala-g‘ovurlar, “Qancha so‘rayapsiz?”, “Kami bormi?”, “Ozroq qo‘shing yana”, “Bo‘ldi, sal insof qiling”, “Boring, baraka toping”, degan g‘alati gap-so‘zlarni eshitib, angrayib qoldi.

Qora soqolli, semiz kishi kelib, sigirga sinchiklab nazar soldi, jag‘ini yirib, tishlarini ko‘rdi. So‘ng otasidan narxini so‘radi. Otasi aytdi. Qora soqol nimadir dedi. Otasi javob qildi. Savdolashuv ancha davom etdi. Bir mahal qora soqol otasining qo‘lini mahkam ushlab, siltay boshladi. Otasi “Yo‘q, bo‘lmaydi”, degan sayin xaridor qo‘lini qattiqroq siltardi. Siltovdan boshi chayqalib, do‘ppisi tushib ketgach, otasi jahl bilan qo‘lini tortib oldi. Qora soqol hafsalasi pir bo‘lib, nari ketdi. Keyin boshqa xaridor keldi. Sigir yana sotilmadi. Nurbek zerika boshladi. Tezroq bu yerdan ketgisi, tezroq velosiped oldirgisi keldi. Chanqab, tomog‘i qaqray boshladi. Nihoyat, tushlikka yaqin sigir sotildi. Sigirini begona odam yetaklab ketayotganini ko‘rgan Nurbekning yuragi hapriqdi, ko‘zlariga yosh quyildi. Otasi talaygina, bog‘lam-bog‘lam pullarni shoshilmay yelim xaltaga joyladi.

– Endi velosiped olamizmi? – Nurbek hovliqib so‘radi.

– Shoshma, oldin choyxonaga kirib, choy-poy ichaylik, – dedi otasi. – Keyin bemalol sening ishingni bitiramiz.

– Velosiped tamom bo‘lib qolmaydimi? – Nurbek xavotirlandi.

– Qo‘rqma, tamom bo‘lmaydi, – otasi kulimsirab dalda berdi, – pul bo‘lsa, changalda sho‘rva.

Ota-bola choyxonadan chiqishganda kun peshindan og‘ib qolgandi. So‘rab-surishtirib kerakli do‘konni topishdi. Baland, oynavand binoning birinchi qavati mototsikl, velosiped, samokat sotiladigan bo‘lim ekan. Nurbekning yoshi va bo‘y-bastiga mos, kichikroq velosipedni tanlashdi. Sotuvchi yigit velosipedning bir-ikki joyini burab, sozlab, shundoq minib ketsa bo‘laveradigan qilib berdi.

Velosipedni tashqariga yetaklab chiqqan Nurbekning ko‘zlari quvonchdan, hayajondan charaqlardi. U nihoyat uzoq orzu qilgan narsasiga erishganidan cheksiz baxtiyor edi. Quyoshda yaraqlab turgan velosipeddan taralayotgan yangi moy hidi dimog‘ini allanechuk qitiqlar, yuragi qafasga sig‘mayotgan qushdek tipirchilar edi. Velosiped ruliga o‘rnatilgan qo‘ng‘iroqni sekin chaldi: “jiring – jiring”... Zavqlanib, yana qayta-qayta chaldi.

– Nurbek! Velosiped oldingmi?

Nurbek tanish ovozni eshitib, ortiga o‘girildi. Qarshisida o‘zidan ikki sinf yuqorida o‘qiydigan maktabdoshi Sardor kulimsirab turardi. Yetaklab turgan velosipedi Nurbeknikidan kattaroq edi.

– Ha, otam velosiped olib berdilar! – dedi Nurbek faxrlanib. – O‘zing nima qilib yuribsan bu yerda?

– Bozordan mayda-chuyda oluvdim, – Sardor velosipedining orqasidagi tugunga ishora qildi. – Endi uyga ketyapman.

– Men ham sen bilan birga ketsam maylimi? – Nurbek xayoliga kelgan fikrdan dadillandi.

– Mayli, ketsak ketaveramiz, – Sardor rozi bo‘ldi.

– Yo‘lda sekinroq ketinglar, – o‘g‘liga sherik topilganidan mamnun bo‘lgan ota har ehtimolga qarshi ogohlantirdi. – Moshin-poshindan ehtiyot bo‘linglar.

– Xavotirlanmang, amaki, sekinroq yurib boramiz, – va’da berdi Sardor. – Bir soatga qolmay uyda bo‘lamiz.

Ota avtobusda, bolakaylar velosipedda yo‘lga tushishdi. Otaga berilgan va’da o‘sha zahotiyoq esdan chiqdi. Tekis asfalt yo‘lga chiqishganda har ikki velosiped o‘z-o‘zidan ildamlab ketdi. Chamasi, bunaqa yo‘lda, bunday paytda sekin yurish mumkin emasdek tuyulardi. Bir maromda g‘izillab ketayotgan velosiped tezligini oshirgan sayin Nurbekning zavqi toshib, bor ovozi bilan qichqirgisi kelar edi. Katta velosiped bilan kichik velosiped o‘rtasida beixtiyor poyga boshlandi. Goh unisi, goh bunisi o‘zib ketar, Nurbek orqada qolganda jon-jahdi bilan to‘xtovsiz pedalni bosib, Sardorga yetib olar, shu tariqa qishloqqa birinchi kirib borgisi, yangi velosipedini hammaga ko‘z-ko‘z qilib, maqtangisi kelar edi.

Sardorning velosipedi sal eskilik qildimi yoki sherigining ko‘ngli uchun yo‘l berdimi, Nurbek qishloqqa birinchi bo‘lib kirib bordi. Maktab yonidan o‘tayotganda bugun yakshanba bo‘lgani uchun sinfdoshlari uni ko‘rolmaganidan afsuslandi. Uyda onasi “Velosiped qulluq bo‘lsin, o‘g‘lim”, deya boshini silab, tabrikladi. Ukalari – Akbar bilan Elbek “Bizni ham mindiring, aka”, deya atrofida girdikapalak bo‘lishdi. Ular ham navbati bilan velosipedni minib ko‘rishdi. Hamma shod-xurram edi. Yangi velosiped uzzu kun baxtiyor bolalarning ermagi, ovunchog‘i bo‘ldi.

Nurbek shu kecha tush ko‘rdi. Tushida o‘sha asfalt yo‘lda velosipedini g‘izillatib kelayotganmish. Sal o‘tmay velosiped yerda emas, asfaltdan uch-to‘rt metr yuqorida uchib ketayotganmish...

 

Shodmon Otabek

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.