Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ibrat

Nilufar tushga yaqin maktabdan qaytdi. Onasi Farida opa tayyorlagan tushlikni chala-chulpa yeb, likopchadagi olmaday qizarib turgan yumshoqqina ikkita shaftolini koʻtargancha dam olgani xonasiga kirdi. Birini ishtaha bilan yedi, ammo ikkinchisining poʻchogʻini archishga erinib toʻshakka choʻzildi. Uyqusi kelmadi...

– Shu issiqda qayoqqa yoʻl olding? – Hovli darvozasidan chiqib borayotgan qizining ortidan chaqirdi Farida opa.

– Shohidanikiga...

– Darsingni tayyorlasang boʻlmaydimi?

– Charchadim. Biroz oʻynab kelay...

Quyosh chor atrofni tandirday qizdirar, daraxtlar oʻz soyasini sudrab tortganday qisqargan edi. Havoda chivinlar gʻujgʻon oʻynardi.

Shohidalarning uyi Nilufarlarnikidan uch uy narida edi. Yogʻochdan ishlangan qizgʻish naqshinkor darvoza qiya ochiqligidan uyida egasi borligi sezilib turardi.

– Shohi...! – ichkariga moʻraladi Nilufar.

– Kiraver... – joʻmragi ochiq kran yonida choʻkka tushganicha idish-tovoq yuvayotgan Shohida dugonasini ichkariga chorladi.

– Voy-boʻ, namuncha, shuncha idish-tovoq? – hayron boʻldi Nilufar.

– Uyimizga mehmonlar kelgandi. Oyimga yordamlashayapman, – dedi Shohida chinni likopchalarni birma-bir chayib taxlar ekan.

– Biroz oʻynagani keluvdim... – mingʻirladi Nilufar.

– Hozir ishlarimni qilib olay. Sen ungacha dam olib tur, xoʻpmi?

Nilufar stulga suyab qoʻyilgan katta paxmoq ayiqchani quchoqlab oʻtirdi. Ammo negadir oʻngʻaysizlandi, oʻrnidan turib dugonasi yoniga keldi.

Yelim idishdagi iliq suvga paxta gulli piyolalarni chayishda dugonasiga koʻmaklashar ekan, bir gal piyola yuvayotganida polga tushib chil-chil singani xayoliga keldi. Oʻshanda oyisining jahli chiqib, “Qiz bola degani ham shunaqa besaranjom boʻladimi? Koʻngildan qilmagandan keyin oqibati shu-da!” – deya qiziga dashnom bergan edi.

Nilufar nima deyishni bilmay:

– Men kichkinaman-ku, – deya yigʻlab yuborgandi.

Farida opa hovridan tushgach:

– Mayli, sen oʻynayver, baribir bir ishni yolchitib bajarmaysan, – deb qoʻlidan sochiqni olgandi.

Oʻrtogʻi Shohidaning chinnilarni avval kir yuvish kukuni solingan idishdagi iliq suvda, keyin sovuq suvda chaqqonlik bilan chayib olayotgani Nilufarning havasini keltirdi. Shohida uyimizga borib qolsa rosa sharmanda boʻlarkanman-da, deb oʻyladi. Axir u tushlik qilib boʻlgach, ovqat yegan kosasini yuvmadi. Dasturxonni yigʻishtirmadi. Hatto yegan shaftolisining poʻchogʻini ham likopchasida qoldirib keldi-ku. Oʻyinga vaqt sarflab kunimni behuda oʻtkazgandan koʻra... – Nilufar ogʻir yutinib qoʻydi. Oʻrtogʻiga idishlarni oshxonaga tashishib yubordi-da shosha-pisha ortiga qaytdi.

...Shu kuni Nilufarlarning uyida kechki ovqatdan soʻng kutilmagan hodisa roʻy berdi.

Hovlidagi soʻrida odatdagiday dadasi, oyisi, akasi va Nilufar ovqatlanishdi. Dasturxonga fotiha oʻqilgach, Farida opa istamaygina kosa, piyolalarni yigʻishtirayotib zorlandi:

– Qani endi, tezroq kelin kela qolsa. Koʻksimga biroz shamol tegarmidi?

– Toʻyga ham oz qoldi. Xonadonimizga kelin tushsa, ishing ancha yengillashib qoladi, – dedi Bahrom aka.

Nilufar esa chaqqonlik bilan soʻridan tushdi-da, onasining qoʻlidan idishlarni oldi. Kechki shabadada uning egnidagi zangori koʻylagi hilpirar edi.

– Ehtiyot boʻl, sindirib qoʻyasan, – ortidan xavotirlanib ovoz berdi Farida opa.

– Sindirmayman. Endi men katta qiz boʻldim, oyijon. Sizga yordam berishim kerak, – dedi Nilufar ishonch bilan. – Bularni oʻzim yuvaman.

– Voy, boʻyginangdan aylanay, dastyor qizim-a! – hovli uzra Farida opaning quvonchli ovozi yangradi.

 

Ulugʻbek MUSTAFO

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.