Onam yopgan nonlar
Yayra Saʼdullayevaning “Onam yopgan nonlar”
Har gal non haqidagi rivoyatni o‘qiganimda allanechuk bo‘lib ketaman. Ko‘z oldimga kenggina oshxonamiz, katta-kichik o‘choqlar yoniga qurilgan tandirimiz keladi. Ana, onajonim biz bolalariga ishonmay, tandirga o‘zlari o‘t qalayaptilar. Tandir qizaribdimi, deydilar-u, olovdan o‘zlari xabar oladilar. Tog‘oradagi oshgan xamirning hidi ham boshqacha. Onam unni sutga qoradilar. Keragicha yog‘ solib yuboradilar, zuvalalarni birga tutamiz. Non yasaymiz, chakich uramiz. Qo‘limiz kelishmasa ham sabr bilan o‘rgatadilar. Yasalgan nonlar sal tingan bo‘ladi. Ularni savatga solib o‘choq boshiga olib boradilar. Obdan qizigan tandirning o‘tini pasaytirib, non yopilmish joylarga suv sepib yuboradilar. Undan povullagan, jizillagan, faqat shu holatgagina xos ovoz chiqadi va hid taraladi.
Onam o‘ng qo‘llariga rapida kiyadilar. Yana boshlarini o‘ng-u so‘lga engashtiribengashtirib tandirga qarab oladilar. So‘ng rapida ustiga yasalgan nonni qo‘yib, unga jizza surtib yuboradilar va yopadilar. Biz non pishayotgan paytda taralayotgan toth hidni juda yoqtiramiz. Ayniqsa, ukalarim bunday vaqtda tandir oldidan ketgilari kelmaydi. o‘zlariga atalgan kulchani kutishadi. Onam ham har gal “Bu — Shuhratga”, “Bu — Baxtiyorga”, “Bu — Tuyg‘unga” deb nomma-nom kulcha yasaydilar. Eshikli uy, bitta-yarimta bolabaqrasi bilan kelib qolishini o‘ylab yana uchto‘rtta qo‘shimcha kulcha ham yasaydilar. Biz kap-katta bo‘lsak-da, ayni shu kulchalardan yegimiz keladi. o‘ziyam chiroyli-da! Onam tandirdan qip-qizil pishgan bo‘rsildoq nonlarni uzib orqa-oldiga kosadagi suvdan surtib yuboradilar. Nimtatir bug‘ ko‘tariladi. Nonning yuzi yanayam yaraqlab ketadi. Onam nonlardan qo‘shnilarga chiqaradilar. Qo‘shni haqi, deydilar. o‘zlariyam ikki tandir yopadilar-da.
Ular yopgan patirni qaymoqqa qorilgan deysiz. Mana shu yoshga kirib faqat bir martagina onam yopgan patirlaridek mazali patirni yeganman...
Onaginam, hammamizni tushungan, qarashlarimizdan fikrimizni ilg‘ab olgan onajonim. Biz endi hayot yo‘lini tanlagan o‘g‘il-qizlarmiz. Lekin har qadamda ularning o‘zgacha mehrlarini sezib turamiz. Bizning jindakkina muvaffaqiyatimiz ularga quvonch keltiradi. Biror ishimiz bo‘lsa, biz bilan babbaravar tashvish tortadilar, sevinchimizdan bab-baravar sevinadilar. Ukalarimning san’atdagi hayoti hammamizdan ham ularga yaqin bo‘ladi...
...Otajonim bosiqlar, uncha ham fikrlarini aytavermaydilar. Biz ijikilashib gaplashib o‘tirganimizda ular ko‘pincha quloq soladilar. Gapimizni dadamlarga ma’qulligi, ukalarimning ishidan mamnunliklari shunday yuzko‘zlaridan bilinib turadi. Oilamizda odat tusiga kirib qolgan bir udum bor. Gazetada biror maqolamiz, lavhamiz chiqib qolsa, ukalarim yangi rol o‘ynasa, televizor orqali xalqqa manzur obraz yaratishsa, kechqurun uni, albatta, nishonlaymiz. Onam alohida dasturxon tuzaydilar, ishdan borgunimizcha biror tansiq ovqatga unnagan bo‘ladilar.
Biz ulg‘aydik, o‘qidik, tindik, yo‘limizni tanladik. Lekin ota-onalarimiz bergan ta’lim, ular tutgan yo‘l biz uchun mash’ala bo‘ldi. Biz ularga qarab bo‘y oldik. Kimning farzandi, kimning avlodi ekanimizni unutmadik, unutmaymiz ham. Unga sodiq qoldik va sodiq qolajakmiz! Bizdan keyin o‘sib, ulg‘ayib kelayotgan nabira-abiralarimizga ham shularni uqtirib boryapmiz.