Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kichik g‘irromlar

O‘qituvchimizni qattiq xafa qilib qo‘ydik. Yana kimni deng, eng sevimli adabiyot ustozimizni. Aslida-ku, ranjitish niyatimiz yo‘q edi-ya, hamma g‘alva Asila chaqqondan chiqdi.

Bugun ona tilidan choraklik test olinadigan kun. “A” sinf o‘quvchilarining kechagi testdan ko‘pchiligi past bahoga yechganini eshitib vahimaga tushdik.

– Qizlar, yuringlar, “A” sinfdan testning kalitini so‘raymiz!

– E, qo‘y-e, uyat bo‘ladi. Bilganimizcha belgilayveramiz, – darrov e’tiroz bildirdi Hakima.

–    Adabiyot bo‘lsa-ku, amallaymiz – a, shu ona tilining “qo‘shma gaplar”i rosa boshimni qotiradi-da, – ikkilandi Zebo.

–    Yur-yur! Hakima bormasa bormasin, u haqgo‘y bilimdon shundog‘am “besh” oladi.  Qiyin-qiyin, bizga qiyin, – bu taklif Diloraga yoqib tushdi.

    Shunday qilib “A” sinfdagi dugonamiz Chinorani rosa uch marta borganimizda zo‘rg‘a ko‘ndirib, “kalit”ni qo‘lga kiritdik. Bu “topilma”miz sinfda darrov ovoza bo‘ldi.  Tabiiyki, shu zahotiyoq o‘nlab “nusxa”larga ko‘paytirildi. Ayniqsa, o‘g‘il bolalar, tilla topgan tentakdek og‘zi qulog‘ida.

– Baribir xato qilyapsizlar! – bo‘zardi Hakima.

–    Ajab qipmiz, senga nima! – bidilladi Asila. Yoqmasa, bor, yugur, ayt ustozga.

–    Aytmayman, ko‘nglingni to‘q tut, lekin sizlarga o‘xshab aldoqchilik ham qilmayman.

Mening ham ichimda nimadir g‘imirladi-yu, “besh” baho olish ishtiyoqi zo‘r keldi. Negaki og‘zakidan ham, yozmadan ham yaxshi o‘zlashtirayotganimga qaramay “qo‘shma gaplar va ularning turlari” haqidagi testlarda rosa chalkashar, aksiga olib to‘qqizinchi sinfning ona tili fani faqat shulardan iborat edi. Ularni farqlashda qiynalgan bitta men emas ekanman, hamma til biriktiryapti-ku!

Shunday qilib dars boshlandi. Bugun ham ustozimiz ko‘zoynak taqishni unutganlar, shekilli, ko‘zlarini shamg‘alat qilib tayyor “kalit”ni ko‘chirishimiz qiyin kechmadi.

 Baribir...

–    Negadir bugun boshqacharoqsizlarmi? – deb qoldilar ustozimiz.

–    Mazza qilib test yechyapmiz, ustoz.

–    Barakalla, qo‘shma gaplarni mazza qilib yechayotgan ekansiz, demak yomon emassizlar. Mayli, bu yog‘ini natijada ko‘ramiz.

–    Oson-ku juda!

(Hamma gapirsa ham shu mahmadona Dilora gapirmasa bo‘lardi. O‘zi zo‘rg‘a “uch”ga o‘qiydi-yu, gerdayib luqma tashlaganiga o‘laymi!)

–    Oson? Haaa, bilganga oson.

Bilgan bilganin ishlar,

Bilmagan barmog‘in tishlar, – dedilar ustoz kulimsirab.

 Nihoyat ustoz nazorat ishimizni yig‘ishtirib oldi. Quvnoq ko‘z urishtirishlar, sirli imo-ishoralarni yo sezmadi, yo sezmaganga oldi.

Ertasi kuni esa natijalarimizni e’lon qilayotib, sinfimiz o‘quvchilarining bilimi oshib ketgani uchun maqtashni ham unutmadi.

–    Lekin hammadan ham Yetmishboyevga qoyilman, shu paytgacha “besh” baho olmagan bola roppa-rosa 24ta savolni to‘g‘ri yechibdi-ya! Mavlonov, Sattorovlar ham... Bugun esa nazorat ishi tahlilida shularning bilimidan bahramand bo‘lamiz. Kel, Yetmishboyev, doskaga chiq.

–    Iii, ustoz... men tavakkal belgilagandim, — kalovlandi Yetmishboyev.

–    Men ham, – boshini qashidi Sattorov.

–    Men ham, – tipirchilab yerga boqdi Mavlonov.

–    Tavakkal? Qarang-a, mening sira ham tavakkaldan omadim kelmagan! – sinovchan tikildi ustoz.

–    Men esa juda omadliman! – shosha-pisha gap suqdi Sattorov.

Xullas, tahlil darsidan ham Hakima kabi a’lochilar hisobiga amallab omon chiqdik. Men ham bitta qo‘shma gapni yaxshigina izohlay oldim.

Bu voqea shu tariqa unutilib ketishi ham mumkin edi-yu, ammo...

Juma kuni sinf rahbarimiz ma’naviyat darsini endi boshlaganida eshik taqilladi va uzr so‘rab adabiyot muallimimiz kirib keldi. Salom bergani hammamiz o‘rnimizdan turgancha qotib qoldik.

–    Gulchehraxon, bugungi darsingizda halollik va to‘g‘rilik haqida ham to‘xtalib o‘ting, deb keldim. Chunki bu kichik qalloblaringiz ko‘chirmakashlik bilan “a’lo” baho olishning yo‘lini topibdi. Alam qiladigani shuki... – nazarimda hammani ko‘zdan o‘tkazayotgan ustozning ko‘zi menda to‘xtadi, – o‘qimaydigani mayli, bu “jinoiy” til biriktirishda tuppa-tuzuk o‘qiydiganlar, salgina harakat qilsa, o‘z kuchi bilan ham “a’lo” baho oladiganlar bor edi.

Yuzimiz qizardi, boshimiz egildi, ko‘zimiz yer suzdi...

Adabiyot o‘qituvchimiz chiqib ketsa ham hamon serrayib tik turibmiz. Yo o‘tirishni unutdik, yo aybdorlik hissi yuragimizga qadalib, o‘tirgani yo‘l qo‘ymasdi go‘yo.

Ma’lum bo‘lishicha, muallimamiz 9-“A” sinfga kirganda bizni maqtabdi, “A” sinfning bilimi pasayib ketayotganidan asabiylashib, tanbeh beribdi, ayniqsa o‘g‘il bolalarni ko‘proq urishibdi. Shunda alam qilganidan hovliqma Doston “lop” etib “kalit” operatsiyasi va Chinoraning “rahmdilligi”ni aytib yuboribdi.

Hammamiz mulzam bo‘ldik. Sinf rahbarimiz-ku, achchiq-tiziq gaplar bilan xiyla tuzladi. Sekin yer ostidan Hakimaga tikildim. Qiziq, uning ham boshi egilgan, eng ajablanarlisi esa ko‘zlaridan yosh oqardi. “Nega? Nega axir? U testni o‘z kuchi bilan ishlagan, bizning fitnamizga aralashmagan edi-ku?! Men-chi? Men ham Hakimadan kam o‘qimasdim-ku, nima jin urib shu g‘alvaga aralashib qoldim-a?”

Tanaffusda uch-to‘rttamiz o‘qituvchilar xonasiga borib, ona tili ustozimizni chaqirdik. Ustoz chiqdi-yu yuzimizga ham qaramadi.

–    Iltimos, bizni kechiring, ustoz. Sinfimiz nomidan kechirim so‘rayman, — derdi yig‘lab Hakima.

Mening esa tilim lol, boshim xam.

–    Kechirimni mendan emas, o‘z vijdoningizdan so‘rang. Har kim qilsa o‘ziga, – dedi-yu ustozimiz bizni ortiq tinglamay ichkariga kirib ketdi.

Darsga kirishga qo‘ng‘iroq chalinishini, ustozimiz ichkaridan chiqishini kutib turdik. Bu gal safimiz kengaygan, sinfdagi deyarli barchamiz yig‘ilgan edik.

Ustoz ko‘rindi, cha­qirishimizga qaramay, yoni­mizdan to‘xtamay o‘tib ketdi, yo‘l-yo‘lakay birimiz olib, birimiz qo‘yib so‘ragan uzrimizni tinglayotib, yuzimizga boqmay “Bo‘pti, darslaringga boringlar”, dedi asabiy qo‘l siltab.

Mening esa dilim xun, safimizning boshida borayotgan va hammamizdan ko‘p kuyinib yig‘lab ketayotgan Hakimaga negadir havasim kelardi.

 

Salomat ESHIMBETOVA,

Beruniy tumanidagi 47-maktabning ona tili va adabiyoti o‘qituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.