Ijodga bag‘shida umr
Taniqli jurnalist Qosimjon So‘piyevning ijodiga nazar tashlasak, ko‘p yillik sermahsul va samarali mehnat qilganining guvohi bo‘lamiz. U televideniyeda bolalarga bag‘ishlangan turkum ko‘rsatuv va videofilmlar tayyorladi. “Oqshom ertaklari”, “Salom kichkintoylar”, “Multipanorama”, “Mahallamiz bolalari”, “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, “Hayvonot olamida”, “Men bilgan va bilmagan dunyo”, “Sirli olam” kabi ko‘rsatuvlar aynan uning muallifligida efirga uzatilgan. Qosimjon aka har bir ko‘rsatuvni tomoshabinlardan kelgan maktublar asosida tayyorlashga harakat qilgan va shu orqali bolalar dunyosiga kirib borgan. “Davrning bolasi” va “Tengdoshlar” kabi ko‘rsatuvlari esa o‘quvchilarning hayotidagi eng muhim voqea va hodisalarni yoritib borgan. Ushbu ko‘rsatuvlarning qahramonlari bugun shaxmat bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionlari bo‘lib, jamiyatimizning yetuk shaxslariga aylangan. Qosimjon So‘piyev bugun ham bolalarga bag‘ishlangan hikoya va ertaklar yozishni davom ettirmoqda. Dunyoning mashhur allomalari bolaligi haqidagi rivoyat va afsonalar shular jumlasidandir. Bobur, Pahlavon Mahmud, Ibn Sino, Shopen kabi dunyo tamadduniga o‘z aql-u zakovati bilan hissa qo‘shgan buyuk allomalarning bolaligi haqidagi hikoyalar sizni ham qiziqtiradi, degan umiddamiz.
AHMAD AL-FARG‘ONIY
Qadim zamonda “Buyuk ipak yo‘li” o‘tgan Qubbo degan shaharda Muhammad ismli kishi bo‘lgan ekan. Mag‘rib-u mashriqdan kelayotgan karvonlar shu yerda to‘xtab, nafas rostlab o‘tar ekan. Shaharda katta karvonsaroylar, musofirxonalar, kun-u-tun ishlaydigan choyxona va novvoyxonalar bisyor ekan. Bir kuni Muhammad do‘sti Rizo bilan Chindan Rumga safarga kelayotgan savdo karvonidagi tuya va otlarni otboqarlarga topshirib, yuklarini joylashtirgunlaricha oy tikkaga keldi. Osmonda g‘ujg‘on o‘ynayotgan yulduzlarning biri shuv etib uchib yerga tushganday bo‘ldi. Rizo do‘sti Muhammadni bir turtib “Ko‘rdingmi? Yulduz uchdi. Yoki rizqi ulug‘ joylarda bir farzand dunyoga keldi. Agar shunday joylarda chaqaloq tug‘ilsa yo podsho bo‘ladi yoki yetti iqlimga nomdor olim-u fuzalo bo‘ladi. Shoh Iskandar dunyoga kelganida ham shunday belgi bergan ekan”, – deya o‘zining gapini ma’qullab qo‘ydi. Ular ilohim tinchlik bo‘lsin, deya yuzlariga fotiha tortdilar.
U uyiga yetib kelganida tun yarmidan oshib tong otib borayotgan edi. Uyidagilari hali ham uxlamagan, eshikdan kirib-chiqib turgan ayolining behalovatligida bir yaxshilik borga o‘xshaydi. U ro‘zg‘or tashvishlari bilan yelib-yugurib, xotinining shu oyda farzand kutayotganini unutayozibdi. Uch-to‘rt soat o‘tgach, doya ayolning “Muborak bo‘lsin” degan xitobini eshitganida, otalik yuragida qandaydir beta’rif g‘ururni his etdi. Tun xayrlashayotganidan darak berib masjid minorasidan jaranglayotgan so‘fining azonini eshitsin, deya chaqaloqni tashqariga olib chiqdilar. Unga yaxshi niyat bilan Ahmad deb ism qo‘ydilar.
Ahmad bolaligidanoq hammani hayratda qoldira boshladi. U ba’zan uzoq-uzoq osmonga tikilib jim turardi. Yetti-sakkiz yoshidayoq madrasada dunyoviy ilmlarni puxta egallay boshladi. Kunlardan bir kun u onasiga “Ertaga oy tutiladi”, dedi. “O‘g‘lim, senga nima bo‘ldi? Nimalar deysan?” – deya o‘g‘lini bag‘riga bosib kalima keltirib dam soldi ona. Ertasiga Ahmadning aytgani bo‘lib, oy tutildi. Ahli Qubbo tomlarga chiqib, qo‘llariga tog‘ora, jom, nimaiki tushsa olib nog‘ora qilib ura boshlashdi. Ayrimlar yuzlariga qora-kuya surishdi. Oy tutilganda bobolardan qolgan shunday irimlar bor ekan. Ahmadning onasi bu sirni hech kimga aytmadi. Oradan bir yil o‘tmay bu holat yana takrorlandi. Endi Ahmad mardlarcha qo‘rqmay o‘z fikrini aytdi. “Erta yoki indin oy tutiladi”, – dedi. Murosachi domla Ahmadning zehnini hurmat qilgani bois, unga “bu voqeani ovoza qilma” ishorasini qildi. Chunki tabiat hodisalari va ismlar, taqdirlarni bashorat qilish ta’qiqlangan edi-da! Ahmad tushlarida xarobaga aylangan, arablar tomonidan vayron etilgan bebaho ibodatxonalarni ko‘rishni orzu qilar, unga bu makonda qandaydir sirlar yashiringanday tuyulaverardi. Madrasada eng zukko tolibi ilm Ahmad edi. Uning ustoziga berayotgan savollari, ilm-u nujum, al-jabr, xoh fiqhdan bo‘lsin murakkablashib borar edi. Bir kuni mudarris Ahmadning otasini chaqirib “O‘g‘lingiz bilimlar ummoniga tashnaligini qondirgisi kelmoqda. Biz o‘z vazifamizcha bilim berdik. Endi uni Bag‘doddagi xalifa Ma’mun ochgan bilimlar uyiga yubormoq maqsadga muvofiq bo‘ladi”, – deya ko‘p pand-nasihatlar qildi. U kishi bilimlar uyida dunyoning yetti iqlimidan kelgan allomalar dars berishini, Ahmad o‘sha dargohga borishi haqida maslahat qilib, kelishdilar.
Oradan bir necha kun o‘tib Qubbodan yo‘lga chiqqan savdogarlar karvoni safiga hali o‘smirlik ostonasidan xatlamagan bola qo‘shildi. Karvon yo‘lga tushdi. Ikki yoniga sandiqlar ortilgan nor tuyalar odimlay boshladi. Ahmadning ota-onasi karvon ko‘rinmay qolguncha ko‘zyosh bilan kuzatib turishdi. Ular farzandining diydorini so‘nggi bor ko‘rayotganini sezayotgan edilar. Karvon shahar-u qishloqlardan o‘tib, Mazondaron sahrosiga yetib keldi. Karvonboshi asli xorazmlik Abu Marim “hali ona suti og‘zidan ketmagan bolalarni ota-onalari uzoq safarlarga qanday jo‘natar ekan”, deya Ahmadga hayrat bilan qarab qo‘yar edi. Agar to‘g‘ri yo‘l topilsa, uch-besh kunlik, yo‘ldan adashilsa, oylab yuradigan yo‘llar. Karvonboshilar “ilmi nujum”dan xabardor, shu bois tundagi yulduzlarga qarab yo‘l topib boradilar. Yo‘llarimiz yulduzlarning yerdagi soyasi, der edilar. Lekin shamol-to‘zon ko‘tarilganda osmon bag‘rini chang qoplab, yo‘l topish qiyinlashib, karvonlar bo‘linib, nobud bo‘lganlar ham uchrab turar edi. Ko‘pchilik Allohga tavakkal deb yo‘lga chiqar edi. Sahroning ikkinchi kunidagi yo‘l mashaqqatli kechdi. Shamol sahroda to‘zon ko‘tardi. Tuyalarni birlashtirib cho‘ktirib, odamlar ularning panasiga o‘tdi. Agar tonggacha to‘zon tinmasa, karvon bir-biridan uzilib ajrab ketish xavfi ham tug‘ildi. Ular bir-biridan ajralmasliklari uchun arqonlarni bog‘lab uzun halqa qilishdi. Tongga yaqin shamol tindi. Karvon tizilib yo‘lga tushdi. Suv zahiralari kamaya boshlaganligi bois har zamon karvonboshi Abu Marimning suv tugashi borasida ogohlantiruvchi chaqirig‘i eshitilib turar edi.
(Davomi kelgusi sonda)