Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sokin oqshomlar

Adabiyot  muallimamiz  Raisa  Ivanovna betob  bo‘lib  qoldi. Uning  o‘rniga  Yelizaveta  Nikolayevna dars  o‘tadigan  bo‘ldi. Aslida  Yelizaveta  Nikolayevna  bizga  geografiya  va  tabiatshunoslikdan  saboq  beradi. Bu gal  direktorimiz  istisno  tariqasida  undan  Raisa   Ivanovnaning  o‘rniga  dars  o‘tib  turishini  iltimos  qildi.

     Va nihoyat Yelizaveta Nikolayevna  sinfga   kirib keldi. Biz  bilan  salomlashgach joyiga borib  o‘tirdi. Ammo  biz Misha  bilan  hamon hozirda  urf  bo‘lgan dengiz  harbiy jangi bo‘yicha  olishishda  davom  etardik. Yelizaveta  Nikolayevna  o‘z  tashrifi  bilan o‘yinni mening  foydamga  hal  qildi. Men  allaqachon Mishkaning esminetsidagi  uchta  suvosti qayig‘ini  safdan  chiqarishga  ulgurgandim. Endi  uning   katta  zirhli  harbiy  kemasi  yashiringan  joyni topishim  kerak edi. Men to  o‘ylab  bu  haqda  Mishkaga  og‘iz  ochgunimcha  Yelizaveta  Nikolayevna  jurnalga  qaradi-yu:

– Korablyov, – deb yubordi.

– Nishonga to‘g‘ri urildi, –  pichirladi  o‘sha  zahoti  Mishka.

Men  dik  etib  o‘rnimdan  turdim.

– Doskaga   chiq, – dedi  Yelizaveta  Nikolayevna.

– Alvido,   qadrdon  do‘stim, – shivirladi  Mishka yuziga  o‘ta  qayg‘uli  tus berib.

Men    doska  yoniga  borib  oyoqlarimni  chalishtirib turib  oldim.

– Deniska,  bukchaymasdan to‘g‘ri tur va  menga   adabiyotdan  qaysi mavzuni  o‘tganingizni  ayt!

– Yelizaveta Nikolayevna,  biz  “Poltava”ni  o‘tayotgandik.

– Asarning  muallifini  ayt-chi, – sezib  turibman, u mening  javob berolmasligimdan  xavotirlanyapti.

– Pushkin, Pushkin, –  dedim xotirjam.

– Ha, buyuk Pushkin, Aleksandr  Sergyevich ajoyib  “Poltava” poemasining  muallifi. Juda to‘g‘ri. Qani ayt-chi, shu  poemadan  biror  parchani  yod  olganmisan?

– Albatta!

– Qaysinisini?

– “Sokin oqshomlari Ukrainaning”  she’rini.

– Ajoyib, –  uning  chehrasi  quvonchdan  yashnab  ketdi. – Bu  men  eng  yoqtirgan parcha. Qulog‘im  senda, Korablyov.

U yoqtirgan  qismlardan biri  ekan! Qoyil. U  axir  mening  ham  eng sevimli  parcham.  Men  uni boshlang‘ich  sinfdayoq   yodlab  olganman.  Haligacha  shu  she’rni  ovoz  chiqaribmi, ichimdami  aytayotganimda  borlig‘imni  g‘alati  his  chulg‘ab  oladi. Go‘yo  uni  men  emas, boshqa  birov  aytayotgandek,  men ko‘ylakchan,  yalangoyoq, kun  bo‘yi  oftobda  qizigan  yog‘och ayvonda mudragan ko‘yi goh burnimni  kavlab, goh  shataloq  otib ham bu  go‘zallikni – kumush  teraklarini bag‘riga  bosib uxlayotgan shaharchani; tepasida  chigirtkaday  chirillab, hushtak  chalayotgan yulduzlarni payqamay, mudraganicha qo‘ng‘ir bulutlar  og‘ushida suzayotgan oppoq  cherkovni  ko‘raman. Hatto, oyoqlarim ostida to‘yib  sut  emganidan po‘lpoqday  bo‘lib  qolgan   kuchukchani  ham  his  qilaman. Garchi she’rda kuchukcha  haqida   aytilmagan  bo‘lsa-da,  men  uni   shu yerda  ko‘rishni  xohlayman.  Yana, ayvonda – yonginamda o‘tirib, siyrak  sochlarini  silab  xo‘rsinayotgan  bobomning ovozini eshitganday bo‘laman. Aslida  men uni biror  marta  ham ko‘rmaganman, bobom  men  tug‘ilmasimdan  bu dunyoni  tark  etgan, aniqrog‘i  urushda  halok  bo‘lgan. Lekin  men  uni  yaxshi  ko‘raman, qalban  talpinaman.Eng qizig‘i,  she’rda  u ham  esga  olinmagan.

–   Denis, nega  jimsan,  boshlamaysanmi? – zardali  ovozda  dedi Yelizaveta  Nikolayevna.   Bu  ovoz  meni  hushyor  torttirdi  va  men  qulayroq turib  olib she’rni  boshladim: Shu  zahotiyoq  o‘sha  tanish  tuyg‘ular  meni yana   chulg‘ab  oldi.  Men ovozimni titratmaslikka   harakat  qilgancha  she’rni boshlavordim:

Sokin  oqshomlari Ukrainaning,

Yaraqlaydi  yulduz, beg‘ubor  samo,

Mirzateraklarning  kumush  yaprog‘i

Ohista titraydi,  tebratar  sabo.

Oq-oppoq  cherkovga bo‘lib  mahliyo,

Oymomo sochmoqda yuksakdan  ziyo.

Uyg‘ongisi  kelmay  to‘lg‘onar havo.

–   Bo‘ldi,  bo‘ldi, yetarli! – dedi muallima  she’rni  bo‘lib! – Ha, Pushkin buyuk daho. Qani  Korablyov  ayt-chi,  ushbu  parchadan   nimalarni tushunding?

Uff,  nega  u  she’rni  yarim yo‘lda to‘xtatadi?!  Hali hech narsa aytilmadi-ku! 

–   Nima?  Kim?  Menmi?! –  to‘ng‘illadim noroziligimni  bildirib.

–   Ha sen. Bo‘laqol, nimani tushun­ganingni  ayt!

–   Hammasini  –  Oy,  cherkov,   kumush  yaproqli teraklar,  borliq uyqu  og‘ushida.

–   Hmm, – nazarimda,   she’rni  yuzakiroq  tushunibsan. Uni  chuqurroq  anglash  kerak.  Axir, bu – Pushkin.

– Qanday, sizningcha  Pushkinni  qanday  anglamoq kerak ekan, – dedim e’tirozi  yoqmaganini sezdiruvchi  ohangda.

– Masalan, agar  shuni  xohlasang, deylik iboralar bilan, – dedi  biroz  o‘ylanib.  “Sokin  oqshomlari Ukrainaning...” satrini sen    qanday tushunding?

–   Oqshomning  osoyishtaligini...

– Aslo, –  dedi  Yelizaveta  Nikolayevna, –  sen  bir  narsani tushun, shoir “Sokin  oqshomlari  Ukrainaning”   satrida   Ukraina kontinental havo bosimining harakat  mar­kazida ekanligiga nihoyatda  noziklik bilan  ishora  qilyapti. Mana  sen  nimani  bilishing  kerak  edi, Korablyov! Tushunarlimi? Bo‘pti,  davom  et!

– “Musaffo osmon”, –  dedim, – demak  osmon  tiniq, beg‘ubor! Shunday  yozilgan.

– Eh Korablyov, Korablyov, – dedi Yelizaveta Nikolayevna, nihoyatda tush­kun ohangda, namuncha to‘tiqushga o‘x­shab “osmon tiniq”, “osmon musaffo” deyaverasan-a?! Oshirvording. Axir bu ikkita  so‘z zamirida  juda katta  ma’no  mujassam. Ushbu  oddiygina  so‘zda Pushkin bizga bu dahada bo‘ladigan  yog‘ingarchiliklar sonini, uning  evaziga osmonning  tiniq bo‘lishini ta’kidlamoqda. Ehtimol  Pushkin dahosining  qudratini endi tushungandirsan? Davom  ettir!

Lekin  endi  mening she’r  o‘qigim  kelmay  qolgandi. Negadir hammasi jonimga  tekkandi. Shuning uchun  noiloj  ming‘irladim:

... porlaydi   yulduzlar,

Mudraydi havo

Uyqusi  o‘chishin istamas  aslo...

– Nimaga,  nima  uchun? – dadillashdi  Yelizaveta  Nikolayevna.

– Nima, nima uchun?

– Nimani  xohlamayapti?

– Uyqusi  o‘chishini.

– Kim?

– Havo-da, kim  bo‘lardi?

– Qaysi?

– Qaysi  bo‘lardi, Ukraina havosi-da.   

– Axir  o‘zing  hozirgina “Uyqusi  o‘chishin  istamas  havo”  deding-ku! Xo‘sh, u nima  uchun xohlamayapti?

– Xohlamaydi, tamom vassalom, –  dedim  hayajon  bilan. – Uyg‘ongisi  kelmayapti, uxlamoqchi, bor gap shu!

–   E, yo‘q, –  Yelizaveta  Nikolayevna  g‘azab bilan  ko‘rsatkich  barmog‘ini  naq burnim us­tida silkitdi. Bu  bilan go‘yo “Havongizni  bu  nomeri  o‘tmaydi” demoqchi  bo‘ldi. – Aslo, – takrorladi u. –  Sizga  ma’lumki, Ukraina taxminan yetti yuz  qirq millimetr bosimga  ega bo‘lgan kichik siklonik  markazda  joylashgan. Pushkin  bu  satrlarda xuddi  shu   narsaga  ishora  qilyapti. Siklondagi  havo esa chetdan markazga qarab  harakatlanadi.   Xuddi shu hodisa shoirning ushbu o‘lmas satrlarini yaratishga ilhomlantirgan. “Biroz titrar, hm...hmm, qandaydir terakning barglari!  Tushundingmi, Korablyov! O‘tir  joyingga!

–   Men shalviragancha joyimga borib  o‘tirdim.  Darsdan  keyin  kutilmaganda  Mishka menga chappa  qaradi,  yuzlari  qizarib  ketgandi:

– Menga  esa   qarag‘ay  haqidagi   “Yovvoyi  shimolning  tik qoyasida, mag‘rur qad rostladi  yolg‘iz  qarag‘ay” satrlari yoqadi. Shu she’rni  bilasanmi? – dedi u.

–   Albatta, bilaman, nega bilmas  ekanman, – dedim  uning  yuzida  aks etayotgan quvlikni  payqab. 

“Yovvoyi shimolda” –  bu  satrlarida  Lermontov  qarag‘ay  har  qanday  sharoitda  ham o‘sa olishini, u sovuqqa chidamli  o‘simlik  ekanligini  uqtiryapti. “Tik qoyasida  mag‘rur qad  rostladi  yolg‘iz qarag‘ay” misrasi  bilan  qarag‘ayning  o‘qildizi mustahkamligiga   ishora qilyapti.

Mishka menga, men esa Mishkaga  qilayotgan ishimizdan cho‘chib qaradik. Keyin  baravariga  qah-qah otib  kulib yubordik. Uzoq,  to qo‘ng‘iroq  chalinguncha xuddi  telbalardek  haholayverdik,  haholayverdik.

 

(Viktor DRAGUNSKIY)

Rus tilidan Muhabbat  HAMIDOVA  tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.