Sherzodning sayohatlari
Bu voqea uzoq kelajakda sodir bo‘lgan. Taxminan 4980-yilda. U davrda texnika juda rivojlangan edi. O‘sha yili bir oilada chaqaloq dunyoga keldi. Uning ismini Sherzod deb qo‘yishdi. Sherzod tez o‘sa boshladi. U yarim yoshda yurishni, 1 yoshda gapirishni o‘rgandi, 2 yoshda uy ishlarida ota-onasiga yordam bera olardi. Uch yoshdan bog‘chaga bordi. Lekin bog‘cha opalar o‘rnida robotlar edi. Maktablarda ham o‘qituvchilar robot bo‘lib, bu ko‘p bolalarga yoqmas edi. Masalan, bolalar uyga vazifani qilmagan bo‘lsalar yoki darsda shovqin qilishsa, robot o‘qituvchi o‘sha o‘quvchining yoniga kelib, qo‘rqinchli ovozda “Nega uyga vazifani bajarmadingiz” der edi. Sherzod maktabda a’lo o‘qir edi. Tarixga, fantastik kitoblarga qiziqa boshladi, o‘tmishga sayohat qilgisi keladi. Ya’ni, tarixni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni va o‘tmishda yashashni xohlar, orzularini dadasi va oyisiga aytib yurardi. Tez orada uning orzusi amalga oshdi...
Bir kuni Sherzod maktabdan kelgandan so‘ng uxlab qoldi. Juda charchaganidan qanday uxlab qolganini sezmadi.
Qarasa, qadimgi Misrda emish. U atrofga boqib hayron bo‘ldi, lekin xursand edi. Shunday qilib u qadimgi Misr, Hindiston, Xitoy, Yunoniston va Turonga sayohat qildi. Misrda Sherzodga har xil taqinchoqlar, Hindistonda esa sanskrit tilida yozilgan “Ramayana” va “Mahabharata” kitoblarini berishdi. Xitoyda esa “Seysmograf”, ya’ni vulqon qachon otilishini bilish uchun ishlatiladigan uskunani va qadimgi Xitoy qog‘ozidan sovg‘a qilishdi. Chunki ular miloddan avvalgi 1-asrda qog‘ozni ixtiro qilishgan. Turondan esa Zardushtiylar tomonidan yozilgan kitob “Avesto”ni esdaslik uchun oldi. Uning nomi “Qat’iy belgilangan qonun-qoidalar” degan ma’noni anglatadi. Yunonistonliklar “Abak hisob taxtachasi”ni hadya qildi. U bu sovg‘alardan juda xursand edi...
Sherzod birdan uyg‘onib ketdi va barcha ko‘rganlari tushligini tushundi. Ertasiga Sherzod maktabdan kelgach, stoliga qaradi-yu, hayron qoldi. Tushidagi sayohatda olgan sovg‘alar stolda turgan ekan. Mo‘jiza! “Axir bu zo‘r-ku!” – deb yubordi va unga kulib qarab turgan ota-onasining bag‘riga otildi.
Shamsiqamar AHMEDOVA,
Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 106-maktabning
6-sinf o‘quvchisi