Nodon tovuq
Bir kuni tovuq qo‘shni hovlidagi omborda juda mo‘l don-dun borligidan xabar topibdi va darhol shu donlar payiga tushibdi. Hovli darvozasi yonida parvona bo‘lib qulay fursatni poylay boshlabdi. Uning bu ahvolini ko‘rgan kabutar yerga qo‘nib: Ey, nodon tovuq, bu donlardan umidingni uzib uyinga ketaqol. Yo‘qsa, bu yemakni totguningcha o‘zing hovlidagi ayiqdek ko‘ppakka yemak bo‘lib qolasan. Senga o‘xshagan qorin g‘amidagilarning hech biri undan qochib qutulgan emas!’’ debdi.
Tovuq uning so‘ziga parvo ham qilmabdi. U faqat tezroq donga yetsam-u to‘ygunimcha yesam, deb o‘ylarkan. Hovli burchagida yotgan ko‘ppakning tovuq bilan umuman ishi yo‘qdek ko‘rinibdi. Ammo u tovuqni zimdan kuzatib yotgan ekan. Tovuq endi omborga yetganda, ko‘ppak birdan ortidan tashlanib qolibdi. Birozdan so‘ng ombor ostonasida tovuqning bir nechta patlari qolibdi, xolos.
Alqissa, hayotda ham nafsning egri yo‘llaridan yurib omborga – nafs qopqoniga ilinadiganlar juda ko‘plab topiladi. Hayot ularni kabutardek ogohlantirsa ham parvo qilishmaydi. Ammo, ularning so‘nggi manzili ko‘ppakning oshqozoni – halokat va afsus-nadomat bo‘ladi.
Shahnoza OCHILDIYEVA,
Surxondaryo viloyati Denov tumani
49-maktabning 11-sinf o‘quvchisi