Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Nayrangboz

Karim dorboz bir oz olashovur, dag‘alroq o‘yinchi edi. U simdorda o‘ynar, pala-partish ko‘z bog‘log‘ichlik, nayrangbozlik qilar edi. Keyin do‘ppimi, patnismi tutib, g‘ij-g‘ij tomoshabinlardan pul yig‘ib olishar edi.

Bezgakdan yangi turgan edim. Karim dorboz (shu kun Toshpo‘lat dorboz yo‘q edi) simdor o‘yinidan so‘ng nayrang ko‘rsata boshladi. U avval bir necha butilka-shishalarni maydalab sindirib, siniqlar ustida yalangoyoq sakrab o‘ynadi (negadir oyoqlari kesilmadi, qonamadi?!). Keyin nayrangchi qovun sotgani kelgan ikkita tomoshabin dehqon yigitni qo‘yarda qo‘ymay o‘rtaga chaqirib, ularni sholcha ustiga bir-birlariga orqa o‘girtirib, suyantirib o‘tkizdi va: “Ana endi, bunisini tomosha qiling!”, deb chizimcha arqon bilan aylantira-aylantira ikki yigitni bir-biriga qo‘l va qorin ustidan chambarchas qilib bog‘ladi. Keyin, yigitlarni qimirlamay o‘tirishga buyurib, boshlariga bittadan tuxum qo‘ydi, ustidan avaylab do‘ppilarini kiygizdi. Bechora yigitlar nima bo‘lishini bilmay qotib o‘tirishar edi. Nayrangchi qo‘lini qog‘ozdagi qorakuyaga (yashirincha) botirib olib, sekingina ikki yigitning yuzlariga siypadi. Yigitlarning yuzi qop-qora bo‘lib, tomoshabinlarda kulgu qo‘zg‘adi. Shu vaqt nayrangchi ikki qo‘li bilan   ikki yigitning boshlariga baravar musht urib yuborgan edi, tuxumlar pachaqlanib, yigitlarning do‘ppisi tagidan peshonalariga, yuzlariga oqib tushib, ularni yana ham xunuk, masxara holga qo‘ydi. Nayrangbozning bu be’mani “nomeri”dan bir qism tomoshabinlar  g‘azablanishga va bir qismi kulishga boshladi. Yigit bechoralar o‘zlarining qay holga tushganlarini sezib o‘rinlaridan turishga, o‘rtadan qochib chiqib ketishga harakat qildilar. Ammo, ikkovlari bir-birlariga qattiq  bog‘langanlari uchun, bir-birlarini olg‘a tortar, kuchlirog‘i kuchsizini yuk orqalagan hammolday ko‘tarib ketmoqchi bo‘lar edi. Nayrangchi esa go‘yo “qoyil” qilganday, ger­dayib turardi.

Men ham yigitlarning ayanchli holiga achinib, nayrangchining qilig‘idan g‘a­zablanib o‘tirar edim. Shu vaqt qayoqdandir dadam paydo bo‘lib, yuzlarida g‘azab, asta o‘rtaga kirib keldilar va qo‘llaridagi pichoq bilan arqon qavatlarini shart-shart yirtib yubordilar. Yigitlar qo‘llari bilan yuzlarini berkitgan holda o‘rtadan chiqdi-yu, g‘oyib bo‘ldi. Bu kutilmagan ishdan hamma jim qoldi. Men dadamning mardonavor ishlaridan quvondim, ko‘zimga yosh keldi. Dadam nayrangchiga sovuqqina qarab: “Masxarabozlikni eplasangiz qiling!”, dedilar-da, o‘rtadan chiqdilar. Dadamning ortidan ba’zi g‘ijinib o‘tirgan qariyalar: “Barakalla, boplading”, deb qolishdi.

Tomoshabinlar orasida olag‘ovur bosh­landi. Keyin bilsam, shunday bo‘lgan ekan: yangi kasaldan turib, kechki payt uyda yo‘q bo‘lib qolishimdan xavotirlangan oyim, bi­bimlar dadamni qistab, meni izlashga yu­borganlar. Dadam meni izlab guzarga chiqib, G‘ofur baqqolning do‘konida o‘tirib, nayrang tomosha qilganlar va nayrangchining bema’ni ishidan g‘azablanib, baqqolning pichog‘ini olib o‘rtaga tushganlar...

Karim nayrangchi endi nimadan ish boshlashini bilmay o‘rtada gangib qoldi va sirni boy bermay: “Mana, Julqunboy akamlar but-butun arqonimni qirqib tashladilar, pulini kim to‘laydi?...” deb endi yana so‘z boshlagan edi, haligi yigitlar naridan beri yuvinib, artinib yana o‘rtaga kirib kela boshladilar. Ularning ikkinchisining ham qo‘lida uzun-uzun tayoq (aravaning qozig‘i) bor edi. Hamma yana qanday nayrang ko‘rsatarkin, deb jim qoldi. Yigitlar kelib, nayrangchini tayoq bilan ura ketdilar, ularning yoniga yana ikki-uchta qovun sotgani kelgan dehqon yigitlar qo‘shildilar, xalq orasida  qiyqiriq kulgi ko‘tarildi va: “Sol!” degan ovozlar eshitildi. Nayrangchi qarasaki ishning oxiri yomon, xalq bosti-bosti qilish o‘rniga yigitlarni qizishtirmoqda, barobar tu­shib turgan tayoq zarbidan Chorsu tomonga qochib qoldi. Uning ketidan xalq:

–    Ushla, ushla!

–    Dorboz qochdi, dorboz qochdi!

–    Obbo bechora-ye, hali pul ham yig‘ib olmagan edi.

–    Bechoraning bugungi “mehnati” ha­romga chiqdi-da, – deb qiyqirib kulib qoldi.

–    Dadam ikkimiz uyga qaytdik. U kishining yuzida parvosizlik, chuqur o‘y­chanlik ko‘rinar edi...

* * *

Bir kuni ertalab dadam bilan bozor qilgani guzarga chiqdik. Bozor tugab ko‘chalar bo‘­shab qolgan edi. Choyxona yaqinida bir yosh dehqon sotilmagan qovunini shaharga olib borish uchun aravasini erinib qo‘shmoqda edi.

– Aka, aravaning shotisini ko‘tarib turing, otni qo‘shib olay, – dedi u o‘tib borayotgan bir yigitga iltimos qilib.

Yigit bir qo‘lida xaltasi, dehqon ko‘­magida arava shotisini baland ko‘tarib turdi, dehqon otini yechib keltirgani arava yoniga o‘tdi. Shu chog‘ aravadagi yuk og‘irlik qildimi yoki yigit bo‘shroq ushlab turgan ekanmi, har holda shoti uning qo‘lidan chiqib, arava laylak bo‘lib ketdi, chetandagi qovunlar yerga to‘kilib, bir nechasi yorildi... Molini sota olmay xafa bo‘lib yurgan dehqon bola bechora birdan yig‘lab yubordi. Yigit xijolat chekib: “Kechir uka, qo‘limdan chiqib ketti”, deb undan uzr so‘radi. Bir necha o‘tkinchilar qovunlarni aravaga qayta ortishga ko‘maklasha boshladi.

Dehqon bola indamay yum-yum yig‘lab, otini aravaga qo‘shar edi. Bolaning holini kuzatib turgan dadam achindilar, shekilli, qar­shidagi baqqol amakini chaqirib:

– G‘ofur aka, shu bolaning qovunini menga xolis baho qilib bering, – dedilar.

Qovunning savdosi pishdi. Aravani bosh­lab, uyga keldik. Qovunlarni eshik oldiga tushirdik. Men besh, ol­ti qo‘shnilardan chiqarib chiqdim. Qo­vunlarni chek tashlab baravar bo‘lib oldik. Dadam dehqonning pulini sanab bergach, kulib dedilar:

– Qalay, xursandmisan, uka?

– Rahmat, aka, – dedi dehqon iljayib va jo‘nab ketdi.

 

Habibulla QODIRIY

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.