Ahmad al-Farg‘oniy
(boshi o‘tgan sonda)
...To‘zon sardobalar ko‘zini berkitgan, endi yo‘lda sardoba chiqib qolar, degan xayolga borish ham befoyda. Tunda karvon to‘dasi jamlanib dam ola boshladi. Negadir Ahmadning uyqusi kelmadi. Uni osmondagi yulduzlar g‘ujg‘on o‘ynab sehriga tortaverdi. Olis-olislardan qushlar “Somon yo‘li” bo‘ylab qibla tomon uchishmoqda. Charchoq karvonini uyqu eltgan. Olislardan elas-elas bo‘rilarning uvillashi, chiyabo‘rilarning chiyillashi, chopib borayotgan kiyik, sahro echkilari dupuri sahroga jon bag‘ishlab odamlarni nimadandir ogohlantirayotganga o‘xshardi. Ahmad xayoliga kelgan fikrlardan sergaklandi. Axir jonivorlar, parranda-yu darrandalar suvloqqa oshiqmoqda. Nahotki ko‘p yillar Mazondaron sahrosidan karvonlarni olib o‘tgan sarbon Al-Marim buni sezmasa?! Balki uyqu g‘aflati bosgandir. Ahmad bu holni mudrayotgan savdogarning qulog‘iga pichirlab aytdi. U darhol boshqalarni uyg‘otib voqeani bayon qildi. Al-Marim ham sergaklanib yetib keldi. “Bolaning gaplarini eshitdingmi?” – deb Salim savdogar karvonboshiga yuzlandi. Ha, Ahmadning zehni, kuzatuvchanligi va tabiat hodisalariga aniq baho bera olishi hammani lol qoldirdi. Karvon bomdod namozini o‘qib, Ahmad bashorat qilgan tomonga qarab yo‘lga tushdi. Quyosh nayzadek tik kelganda odamlar suvsizlikdan hollari toyib, lablari qovjirab, tinka madorlari quridi. Jizg‘anak havo bilan orombaxsh salqin havo aralashib kela boshladi. So‘fito‘rg‘ayning xufton oldidan havoda muallaq turib sayrashi bilan karvon suvloqqa yetib keldi. Bu yerda chorvadorlar oilasi yashar ekan. Tuyalarning to‘shovlari yechilib sug‘orishga ruxsat berildi. Cho‘pon boboning yoshi yetmishdan oshgan, umrini oilasi bilan shu bog‘-u biyobonlarda o‘tkazar ekan. Eng katta qo‘sh sardobali joylarga borib, qo‘ylarini dashtga yoyib boqib, oqshom shu yerda yig‘ib tunashar ekan. Cho‘pon bobo qo‘y so‘yib karvon ahliga mehmondo‘stligini ko‘rsatdi. Cho‘l quyoshida, changida kuni bilan yo‘l yurib charchagan odamlar orom olib, uxlay boshladilar. Faqatgina mezbon Elmurod bobo, o‘g‘illari sergak, atrofni nazorat qilib turardi. “Yo‘l bo‘lsin? Uxlamaysanmi?” – dedi Ahmadga Elmurod bobo. “Uyqum kelmadi. Osmon tiniq, yulduzlarni tomosha qilaman. Men Bag‘doddagi Ma’mun bilimlar uyiga ketyapman. U joyda olimlardan saboq olmoqchiman” – dedi Ahmad. “To‘g‘ri yo‘l tanlabsan. Ilmga chanqoq bo‘lsang, borib o‘rgan”, – deb so‘zida davom etdi bobo. “Men ham falakiyot ilmiga qiziqardim. Taqdir bizni shu yo‘lga boshladi. Yaratgan egam insonga ilm olish, tafakkur qilish orqali dunyoda uning egasi bo‘lmish Sarvari olamni anglashi uchun ato etgan. Shu bois odam bolasi beshikdan to qabrgacha ilm izlaydi. Mana shu yo‘ldan bir necha yillar muqaddam Muhammad al-Xorazmiy degan Ma’mun ilm dargohidagi olim o‘tgan. Agar mabodo u bilan uchrashsang, mening salomimni yetkaz” . Saxovatpesha sahroyi cho‘pon Elmurod bobo bilan xayrlashib, bir necha kunga yetadigan suv zaxirasi bilan karvon yo‘lga chiqdi. Qubbo shahrida bu karvondan o‘zga boshqa karvon ham tuzilgan edi, negadir ular sahroda go‘yo qumga tushgan suvday yo‘qolib qoldi. Omon qolganlari kelib bu karvonga qo‘shilishdi. Ularning aytishlaricha, karvon yo‘lga tushgandan bir necha kun o‘tib, karvonboshi fikri aynib, savdogarlarni qaroqchilarga ro‘baro qilgan. Mol-mulklaridan ayrilgan savdogarlar to‘da-to‘da bo‘lib tarqab ketishadi. Omon qolgan ayrim savdogarlar bu karvonga qo‘shilgan.
Karvon yo‘l yursa ham mo‘l yurib, shaharlar sarasi Bag‘dodga yetib keldi. Munaqqash rang gul-u gulzorlar, bebaho xiyobonlar, bog‘lar, xushnud taronalar taralayotgan serjilo naqshlar bilan bezatilgan ko‘rkam musofirxona, choyxonalarni ko‘rgan Ahmad bu mo‘jizalar odam qo‘li bilan bunyod etilganiga tasannolar aytadi. Shaharlardagi xiyobonlar, minoralar, ko‘rkam saroylar, ilm-u urfon maskanlari osudalik manzili ekanidan dalolat berib turibdi. Ahmad musofirxonaga joylashib, bir necha kun shahar aylandi. Masjidlarga bordi, bozorlarni tomosha qildi. Olisdan bo‘lsa ham “Bayt ul-hikma” bilimlar uyini kuzatdi. Shaharda kitob do‘konlari bisyor ekan. Xohlagan kitobingizni olib o‘qishingiz mumkin. Hind va Rum olimlari, yunon, arab yetti iqlim olimlari ilmi jamlangan bilimlar xazinasini Bag‘dod shahridagi kutubxonalardan topasiz. Ijara haqi va kitobga ziyon yetkazmaslik kafolati berasiz. Sirtiga oltin suvi yuritib yozilgan diniy mavzudagi kitoblar tartib bo‘yicha yilma-yil qilib tizib qo‘yilgan. Do‘kondor ham olim odam. U har bir kitobni o‘quvchiga tavsiflab, sharhlab, sodda qilib tushuntirib beradi. Yosh Ahmadning oyog‘i kitob do‘konidan uzilmay qoldi. Musofir bolaning kitob tanlashi do‘kondorni hayratga solar edi. U bu kitoblarga bolaning aqli yetarmikan yoki husnixati, bezaklarini tomosha qilarmikan? – degan xayolga ham bordi.
Mavridi kelib bir kuni Ahmadning qo‘lida Batlimus kitobini ko‘rgach, do‘kondor uni so‘roqqa tutdi. Qanday savol bersa muxtasar javob olgan kitobdor uni qay yurtdan kelgani, maqsadini bilib oldi. Husnixatini tekshirib ko‘rdi.
– Senga bir taklifim bor, – deya so‘z boshladi. – Yangi kelgan yoki eskirib, varaqlari yaroqsiz bo‘lib qolgan kitoblarni ko‘chirib berasan. Men senga shunga yarasha xizmat haqi to‘layman, – dedi.
Ikkalasi bu borada kelishib oldilar. Uyidan ota-onasi berib yuborgan pul, karvonni suvsizlikdan qutqarib qolgani uchun karvonboshi minnatdor bo‘lib bergan mukofot pullari ham oxirlab qolgan edi. Yaratgan egam ilm izlaganni qo‘llaydi, degani shu bo‘lsa kerak, – deya xayolidan o‘tkazdi. “Bayt ul-hikma” olimining kitobini husnixat qilish uchun bergan edi. Ahmad husnixat kitobni ko‘chirayotib, undagi so‘nggi masala yechilmaganini sezib qoldi. Ohista yechimni topib yozib, kitobni do‘kondorga topshirdi. Oradan bir yarim kun o‘tib do‘kondor uni “Bayt ul-hikma” rahbari Muhammad Xorazmiy so‘ratganini aytdi. Bu ne sir-sinoat, – xayolidan o‘tkazdi Ahmad. Ne sababki, u zot meni yo‘qlaydi.
Yuzidan nur yog‘ilib turgan zot Ahmadning salomiga alik olib:
– Olimlarimizdan biri masalani yecha olmay menga bergan edi. Men shoshib u haqida bosh qotirib, ulgurmay kitobini topshirib yuborgan edim. Kitobni siz ko‘chirdingizmi? Bu masalaga qanday yechim topdingiz?
Shu sabab bo‘ldi-yu, Qubodan ilm izlab Bag‘dodga kelgan yosh Ahmadni Muhammad Xorazmiy “Bayt ul-hikma”da ilm olishga taklif qildi.
Muhammad Xorazmiy tashabbusi bilan Ahmad Farg‘oniy Ma’mun akademiyasining eng yirik namoyondasi bo‘lib yetishdi. Urum, yunon, arab, fors tillarda falakiyot, riyozat, geografiya fanlarida ilmiy asarlar yozdi. Uning astronomiya asoslari haqidagi kitobi hali ham butun dunyoda darslik sifatida o‘tiladi. Ahmad Farg‘oniy butun dunyo ummonlari – suvlar o‘lchovi kashfiyotchisi. Hali hamon dunyo ummonlari suvi uning o‘lchov birligi bilan o‘lchanadi. Dunyodagi eng uzun daryolardan biri Nil daryosidagi “Miqyos ar-Nil” (Nilometr) Al-Farg‘oniy bobomiz kashfiyotidir. Uning nomini Dante va Shekspir kabi buyuk ijodkorlar o‘z darslarida tilga olgan. Yevropada Al-Fraganus nomi bilan mashhur. Parij, Qohira, Dehli kabi dunyoning juda katta kutubxonalarida qo‘lyozmalari saqlanmoqda.
Qosimjon SO‘PIYEV