Ko‘zgudagi tarbiya
Biz bolalar har doim ham ustozlarimizning “Ahil-inoq bo‘linglar” degan nasihatlariga quloq solavermaymiz. Shuning uchun gohida o‘zaro tortishamiz, bir-birimizning ko‘nglimizni behudaga ranjitib qo‘yamiz.
Kunlarning birida sinfdosh dugonam bilan bahslashib qoldik. Ikkimiz birpasda arazlashib, boshqa-boshqa partalarga o‘tirib oldik. Shu topda qo‘ng‘iroq chalinib sinfga tarbiya fani ustozimiz qo‘llarida ko‘zgu bilan kirib keldilar. Salomlashgach, ko‘zguni doskaga o‘rnatdilar.
– Bolalar, – dedilar jilmayib, – bugun siz bilan insoniy fazilatlar haqida gaplashamiz.
Ustoz gapiryaptilar-u, mening nigohim doskadagi ko‘zguda. Birinchi partada o‘tirganim uchun u shundoqqina ro‘paramda edi. Unga sinchiklab qarasam, qovog‘i solingan aksim menga o‘qrayib qarab turibdi, qoshlarimni chimirdim – voy, bunchalar xunukman! Yuzim buncha beo‘xshov bo‘lmasa?! Ko‘zguga qarab sekin jilmaydim. Aksim ham menga jilmaydi. Mana bu boshqa gap.
Ustoz o‘zaro hurmat, ahillik, shirinsuxanlik haqida gapirardilar. Shu topda dugonamga qaradim. U men o‘tirgan partaning yon tomonida, sal nariroqda o‘tirar, ko‘zlari ustozda edi. Unga qarab turganimni payqadi, shekilli, men tomonga o‘girildi. Jilmayib turganimni ko‘rib, u ham menga qarab tabassum qildi. “Endi arazlashmaymiz”, – dedim past ovozda. U ko‘zlarini yumib tasdiqlab qo‘ydi. Ustoz ko‘zgu orqali men bajargan harakatlarni do‘stlarimga ham bajartirib, inson o‘zgalar bilan munosabatda doim ochiq yuzli, muloyim tabassumli bo‘lishi kerakligini uqtirdilar. Ko‘zgu orqali bajarilgan harakatlar bunga aniq misol edi. Men dugonam bilan tanaffusda arazlashib, tarbiya darsida yarashib oldim. Ko‘zgu bilan bog‘liq noan’anaviy dars aslo yodimdan chiqmaydigan bo‘ldi.
Feruza Sanjarova,
Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani
42-maktabning 6-sinf o‘quvchisi