Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qat’iy qaror

Ixtiyor har doim darsga kech qoladi. Dars boshlanib o‘n-o‘n besh daqiqa o‘t­gach sinfga boshini egib: “Mumkinmi?” deb kirib keladi.

      Maroq bilan dars tingla­yotgan sinfdoshlari uning bu ishiga g‘ashlari kelib “uff” deb yuborishadi. So‘ng qovoqlarini uyib, birin-ketin jaxl bilan unga qarab: “Toshbaqa!”, “Toshbaqa!” deb qo‘yishadi. So‘ng u o‘qituvchidan tanbeh eshitib, asta joyiga kelib o‘tiradi.

      Bu ishi oxiri o‘zining ham joniga tegdi shekilli, bir kuni yonida o‘tiradigan partadosh do‘sti – Sobitga maslahat soldi:

– Qandoq qilsam darsga barvaqt yetib kelar ekanman-a?!

Sobit Ixtiyorga bir qarab qo‘ydi-da, so‘ng unga asta tushuntira boshladi:

– Buning hech qiyin joyi yo‘q. Darslarni barvaqt bajarib bo‘lgach, ertaroq uxlasang, barvaqt turasan. Aks holda, toshbaqaligingcha qolaverasan, – dedi Sobit.

Ixtiyor maktabdan kelgach, tushlikdan so‘ng biroz dam olib, ertalik darslarning uy vazifalarini bajarib, daftar kitoblarini papkasiga taxt qilib solib qo‘ydi. Kechki ovqatdan so‘ng biroz televizor ko‘rgach, uxlashga yotdi. Tongda tiniqib uyg‘onganda soat 6:00 edi.

Maktabda darslar soat 8:00 da boshlanadi.

“Maktabga soat 7:30 da yo‘l olsam, uyimizdan o‘n daqiqalik yo‘l. Yigirma daqiqa oldin yetib boraman” deb rejalashtirib, barvaqt o‘rnidan turib, yuz-qo‘llarini yuvdi, so‘ng kiyinib nonushtaga o‘tirdi. Reja bo‘yicha soat 7:30 da yo‘lga tushdi. Maktabga yetib kelgach, soatga qaradi: soat 7:40.

Maktab hovlisida bir-ikkita boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ko‘zi tushdi. Ixtiyor indamaygina ichkariga kirib, sinf eshigini asta ochib qaradi: hech kim yo‘q. Hali hech kim kelmabdi. U uchinchi qatorning oxirgi partasida o‘tirdi. Asta borib joyiga o‘tirdi va sinfdoshlarining kelishini kuta boshladi. Dars boshlanishiga o‘n besh daqiqa qolganida g‘ala-g‘ovur qilib xonaga birin-ketin sinfdoshlari kirib kela boshlashdi. Ixtiyorga ko‘zlari tushib, hayron bo‘lib qarab qolishdi.

– Bugun maktabga erta kelibsanmi? Rostdan senmisan?, – deb so‘rashdi ayrim bolalar. 

– Erta kelishni mashq qilyapman, – dedi kulib Ixtiyor.

– Ha, shundoq bo‘lsin!, – deyishdi sinfdoshlari.

Shu payt qo‘ng‘iroq chalinib, sinfga fizika fani o‘qituvchisi Iroda opa kirib keldi. Hamma o‘rnidan turib, salomlashib, ustozni qarshi olishdi.

O‘qituvchi navbatchi o‘quvchidan sinf davomatini so‘radi.

– Hamma bor!, – dedi Saida jilmayib.

–    Ixtiyor Zuxurov-chi? – ishonqiramay sinfga razm soldi o‘qituvchi.

– U bugun maktabga hammadan oldin kelgan, – deyishdi kinoya bilan sinfdoshlari. Xonada yengil kulgi aralash g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi. Bolalar qo‘llari bilan uni ko‘rsatib: – Mana, o‘tiribdi! – deb yana kulishardi.

Iroda opa Ixtiyorga qarab:

– Barakalla! Bu ishing yaxshi! Darslarga barvaqt kelsang, o‘zingga foyda. Hech kimdan tanbeh eshitmaysan, hech kimga yomon ko‘rinmaysan. Sinfdoshlaringning diqqatini, o‘qituvchining fikrini bo‘lmaysan. Qolaversa, sen bo‘lajak askar, Vatan himoyachisisan. Harbiyda tartib-intizom juda muhim.

Ixtiyor har doim kech qolaverib sinfdagi “Mashhur o‘quvchi”ga aylanganidan uyalib ketdi. “Shu darajaga yetdimmi?!” deb ichida o‘zidan ancha xafa bo‘ldi. O‘qituvchi bugun sinfda o‘quvchilar to‘liq bo‘lganidan xursand bo‘lib, yaxshi kayfiyatda darsni boshlab yubordi.

     

Abdumannon TOSHTEMIROV,

Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani,

nafaqadagi o‘qituvchi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.